Qanday qilib qiyomat bo‘lmasdan oldin jannatga kirish

Assalomu alaykum! Jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri Qiynalgandan qarzni kechib yuborish. Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy alayhissalom dedilar: «Bir odam vafot etdi va jannatga kirdi. Undan: «Nima amal qilarding?» – deb so‘raldi. U: «Men odamlar bilan oldi-sotdi qilar edim. Qiynalgan odamni ko‘rsam, pulini kechib yuborardim», – dedi. Shu sababli u mag‘firat qilindi». (Muslim rivoyati). Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Bir kishi odamlarga qarz berardi. Xodimiga: «Agar qarzni to‘lashga imkoni yo‘q kishi kelsa, kechib yubor. Zora shu ishimiz tufayli Alloh bizning gunohimizni kechib yuborsa» der edi. U Allohga yo‘liqdi. Alloh uning gunohini kechib yubordi». (Muslim rivoyati). Savol: oldindan uzr so‘rayman ustozlar,Yaratgan egam mehribon va rahmdil Alloh taolo barchamizni bilib bilmay qilgan gunohlarimizni o‘zi avfu etsin. Meni tushinishim bo‘yicha dunyodan o‘tgan kishi faqat qiyomatgacha qabrda bo‘ladi. Hadisda kelishi bo‘yicha jannatga kirdi deyilyapti. Axir oxirat qiyomat bo‘lmay turib qanday jannatga kirish mumkin? Barcha savol va javob qiyomatdan keyin bo‘lib Allohning xoxishi bilan qayta tiriltirilib amal tarozisiga tortilib amalga yarasha jannat va do‘zax belgilanmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Kelajakda bo‘ladigan voqealarni o‘tgan zamon lafzida ifoda qilish Qur’oni karim oyatlarida va hadisi sharifda juda ko‘p uchraydi. Buning hikmati, o‘sha voqea aniq, hech qanday shak-shubhasiz, yuzda-yuz ro‘y berishini bildirishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda aytadi:وَنُفِخَ فِي الصُّورِ فَصَعِقَ مَنْ فِي السَّمَاوَاتِ وَمَنْ فِي الأَرْضِ... Va surga puflandi. Osmonlaru erda kim bo‘lsa, qulab o‘ldi... (Zumar surasi, 68-oyat). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 15:28 | Savol-javoblar | 155 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar