Dunëga berilmaslik uchun nasixat

Assalomu alaykum! Menga nasixat kiling ukishga topshirish arafasidaman rizk Allohdan ekanini bilaman lekin dunëga kattik xirs kuyishdan xamda fakirlikdan xam kurkayapman. yakinlarim, tanishlarim xar xil soxalarni taklif kilishmokda va bunga kirsan buncha pul topasan unga kirsan buncha pul topasan deb maslaxatlar berishmokda. lekin zikr axlini maslaxatlari tugrirok deb bildim iltimos maslaxat bering dunëni xam dinni xam birday olib ketsa buladimi dunëga ergashib asl maksadimiz Robbimizning rozilgini unutib kuymaymizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mo‘min faqirlikdan qo‘rqmaydi. Balki qalbida faqirlikdan qo‘rquv hissi paydo bo‘lib, gunoh ishlarga qo‘l urish, bu dunyo ketidan quvish va oxiratni unutib qo‘yishdan qo‘rqadi. Siz mo‘minlar uchun manfaatli bo‘lgan kasbni tanlang. Mol-dunyoni lazzatlanish uchun emas, Alloh yo‘lida sarflash uchun jamg‘aring. Shunda har bir amalingiz ibodat bo‘ladi, Allohga yaqinlashtiradi. Alloh taolo "Shuuro" surasida marhamat qiladi:  مَن كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الْآخِرَةِ نَزِدْ لَهُ فِي حَرْثِهِ وَمَن كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الدُّنْيَا نُؤتِهِ مِنْهَا وَمَا لَهُ فِي الْآخِرَةِ مِن نَّصِيبٍ۝20. Kim oxirat hosilini istasa, biz unga hosilini ziyoda qilib berurmiz. Kim dunyo hosilini istasa, biz unga o‘shandan berurmiz va unga oxiratda biron nasiba bo‘lmas. 
Ushbu oyat ma’nosidan ham Alloh taoloning latiyf sifati yaqqol ko‘rinib turibdi. Alloh xohlagan odamiga – u odam solihmi, solih emasmi, qobilmi, qobil emasmi, mo‘minmi, kofirmi - bari bir, rizqni beraveradi. Agar Alloh kofir, fosiq, osiy va gunohkorlarga rizq bermasa, ular o‘zlariga o‘zlari rizq bera olmaydilar, shuningdek, Allohdan boshqa hech bir zot ularga rizq bera olmaydi. Binobarin, ular tezda halok bo‘ladilar. Natijada esa ularni dunyoga keltirish, bu dunyoda sinovdan o‘tkazish, oxiratga tayyorlanish va oxiratdagi hisob-kitob hikmatlari botil bo‘lardi. Shuning uchun ham Alloh taolo yaxshiga ham, yomonga ham rizqni beraveradi. Oxirat rizqini xohlab, o‘shanga yarasha harakat qilgan bandaga oxirat rizqini beradi. Bu dunyo rizqini xohlab, o‘shanga yarasha harakat qilgan bandaga bu dunyo rizqini beradi. Ammo, bu dunyo rizqini istagan o‘sha bandaga oxiratdan hech kanday nasiba kolmaydi.
Oxirat hosilini istagan odam esa bu dunyo hosilidan ham bahramand bo‘ladi, bo‘lganida ham, boshqalardan ko‘ra yaxshirok bahramand bo‘ladi. Har kim o‘zi o‘ylab, fikr yuritib, yuradigan yo‘lini tanlab olaversin. Bu ishlarning hammasi Allohning kitobiga, diniga amal qilishga bog‘liq. Allohga iymon keltirib, uning shariatiga amal qilganlar yaxshi oqibatga erishishlari turgan gap. (“Tafsiri hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 16:28 | Savol-javoblar | 138 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar