Ibrohim surasi 4-oyat

Assalomu alaykum! Bitta Ateist menga Qur’on faqat Arablar uchun tushgan ishonmasen Ibrohim surasi 4-oyatini o‘qib ko‘r dedi. Shu surani asl manosi nima? Shuni tushunmayappan.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘sha ateist dinga tuhmat qilibdi. Ushbu oyatning tafsirida bunday deyilgan:وَمَا أَرْسَلْنَا مِن رَّسُولٍ إِلاَّ بِلِسَانِ قَوْمِهِ لِيُبَيِّنَ لَهُمْ فَيُضِلُّ اللّهُ مَن يَشَاء وَيَهْدِي مَن يَشَاء وَهُوَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ۝4. Qaysi bir rasulni yuborgan bo‘lsak, bayon qilib berishi uchun, o‘z qavmi tili ila yuborganmiz. Bas, Alloh kimni xohlasa, zalolatga ketkazur, kimni xohlasa, hidoyatga soladir. U o‘ta izzatlidir, o‘ta hikmatlidir.
Barcha payg‘ambarlarni o‘z qavmi tili ila yuborish ham Allohning bandalariga bergan ne’matidir. Chunki bir qavmga boshqa qavmdan bo‘lgan payg‘ambar yuborilsa, uning tilini tushunish qiyin bo‘lar edi. Ha, hamma payg‘ambarlar o‘z qavmlariga yuborilganlar va ularga o‘z qavmlarining tilida vahiy kelgan.
Butun olamlarga va barcha qavmlarga payg‘ambar bo‘lgan Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ham o‘zlarining tillarida, o‘zlarining qavmlari tilida, ya’ni arab tilida vahiy keldi. Buning asosiy hikmatlarini Allohning O‘zi biladi. Ammo bu o‘rinda ulamolarimiz mulohaza qilgan hikmatlardan ba’zilarini aytib o‘tish joizdir.
Boshqa payg‘ambarlar ma’lum qavmga va ma’lum muddatga kelgan bo‘lsalar, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qavmlarning hammasiga qiyomat kuniga qadar payg‘ambar qilib yuborilganlar. U kishining umrlari cheklangan. Shuning uchun dinni hamma qavmlarga o‘zlari etkazishlari qiyin. Shunga ko‘ra, u zot sollallohu alayhi vasallam Allohning oxirgi dinining ta’limotlarini o‘z qavmlariga, qavmlari esa uni butun dunyoga tarqatadi. Darhaqiqat, shunday ham bo‘ldi. Islom dini arablar yashab turgan erlarga yoyilib bo‘lishi bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot topdilar. Islomni dunyoning qolgan qismiga u kishining qavmlari etkazdilar.
Turli makon va zamonlarda yashaydigan turli qavmlarga bir payg‘ambarni turli tillar bilan yuborib bo‘lmas edi. Avvalo, bu ishni ado etish jismonan amri mahol.
Qolaversa, dunyoda xilma-xil tillar juda ko‘p. Hozirgi tillar ichida Islomning ilohiy Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karim nozil bo‘lganidan keyin paydo bo‘lganlari ham bor. Demak, har bir qavmga o‘z tilida vahiy kelishi kerak bo‘lsa, keyin paydo bo‘lgan tillarda so‘zlashuvchilar nima bo‘lardi?
Qolaversa, tillarning imkoniyatlari ham har xil. Shuning uchun Alloh taolo eng boy va kalomining abadiy mo‘’jiza bo‘lib qolishini ham ko‘tara oladigan tilni – arab tilini tanlab, o‘sha tilda qiyomatgacha boqiy qoladigan Kitobini – Qur’oni Karimni nozil qildi. Qavmlar, tillar, lahjalar, zamonlar almashaveradi, ammo Qur’on mo‘’jiza bo‘lib turaveradi. Undan arab ham, ajam ham, oq ham, qora ham barobar foyda olaveradi.
Ha, payg‘ambar o‘ziga kelgan ilohiy ta’limotlarni odamlarga bayon qilib beradi. Shu bilan uning vazifasi tugaydi. Qolgani Allohning ixtiyorida:
«Bas, Alloh kimni xohlasa, zalolatga ketkazur, kimni xohlasa, hidoyatga soladir».
Qaysi banda zalolatning yo‘liga kirsa, adashib ketadi, qaysi banda hidoyatning yo‘liga yursa, saodatga etadi. Har ikkisi ham Allohning xohishi bilan bo‘ladi.
«U o‘ta izzatlidir, o‘ta hikmatlidir».
U hamma narsadan ustun, odamlar va hayotdagi narsalar ustidan g‘olib va har bir ishni hikmat ila qiluvchi Zotdir.
Payg‘ambarlar yuborish bo‘yicha umumiy qoida bayon etib bo‘linganidan keyin, kelasi oyatlarda o‘z qavmlariga ana shu qoidalar asosida yuborilgan ba’zi payg‘ambarlar haqida so‘z yuritiladi. (“Tafsiri hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

4 Sentabr 2023, 14:37 | Savol-javoblar | 0 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar