Ushr sadaqa haqida

Assalomu alaykum! 1. Ushr sadaqa haqida o‘qib qoldim. Biz yaqinda sherikchilikka issiqxona qurdik, Xudo xohlasa yaqinda hosil olib qolamiz. Biz ushr sadaqasini qanday qilib beramiz? Hosilni sotib, harjatlarni chiqarib tashlabmi yoki sotilgan mahsulotni o‘zidanmi(chiqimlarni hisoblamasdan)?
2. Ushr sadaqani qancha foiz chiqariladi? Alloh rozi bo‘lsin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sizlarga chiqqan hamma mahsulotning harajatlarini chiqarib tashlamasdan yigirmadan birini sadaqa sifatida chiqarishingiz vojib bo‘ladi.
Oz bo‘lsa ham, ushriy erning va tog‘ning asalidanu mevasidan hamda erdan chiqqan narsalardan, agar uni oqin suv yoki yomg‘ir sug‘organ bo‘lsa, ushr beriladi. 
Illo, o‘tinga o‘xshash narsada ushr yo‘q.
Agar katta paqir yoki charxpalak ila sug‘orilsa, ushrning yarmi beriladi. Bunda ziroat uchun qilingan xarajat chiqarib tashlanmaydi.ZIROAT MAHSULOTLARI ZAKOTIErdan chiqqan narsalardan, agar uni oqin suv yoki yomg‘ir sug‘organ bo‘lsa, ushr beriladi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhining mazhablarida erdan chiqqan har bir narsadan zakot olinadi.
U kishining hujjatlari:
Alloh taolo Qur’oni Karimda: أَنفِقُواْ مِن طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّا أَخْرَجْنَا لَكُم مِّنَ الأَرْضِ «Va Biz sizlarga erdan chiqarib bergan narsalardan infoq qilinglar», degan  (Baqara surasi, 267-oyat).
U Zot birini aytib, ikkinchisini qo‘ymagan. Bir ziroat mahsulotini boshqasidan ajratmagan.
Alloh taolo yana: وَآتُواْ حَقَّهُ يَوْمَ حَصَادِهِ «Yig‘im-terim kuni haqini beringlar», degan ­(An’om surasi, 141-oyat).
Ushbu oyatning avvalida Alloh taolo bog‘u-rog‘larni, xurmoni, ziroatni, zaytunni va anorni zikr qila turib, keyin infoq qilishga amr etgan.عَنْ سَالِمِ بْنِ عَبْدِ اللهِ، عَنْ أَبِيهِ رَضِي اللهُ عَنْه، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «فِيمَا سَقَتِ السَّمَاءُ وَالْعُيُونُ أَوْ كَانَ عَثَرِيًّا الْعُشْرُ، وَمَا سُقِيَ بِالنَّضْحِ نِصْفُ الْعُشْرِ». رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَصْحَابُ السُّنَنِ  Solim ibn Abdulloh otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Osmon, buloqlar yoki yomg‘ir bilan sug‘orilganlardan ushr, suv qo‘yib sug‘organlardan ushrning yarmi», dedilar».
Buxoriy va «Sunan» egalari rivoyat qilishgan.
«Qut bo‘ladigan, bo‘lmaydigan, quriydigan, qurimaydigan», demaganlar.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhining mazhablari dalil tomonidan ham aql tomonidan ham, mantiq tomonidan ham, voqelik tomonidan ham qadimdayu hozirda ham ko‘pchilik ulamolar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Barcha ziroat mahsulotlaridan zakot berish zarurligi ta’kidlangan.
Illo, o‘tinga o‘xshash narsada ushr yo‘q.
Ya’ni erdan chiqqan narsalardan erga ishlov berish bilan o‘stirilmaydiganlarida, xususan, o‘tinga o‘xshagan narsalarda ushr yo‘q. Bunga qamish, o‘t-o‘lan va shunga o‘xshash narsalar kiradi.
Agar katta paqir yoki charxpalak ila sug‘orilsa, ushrning yarmi beriladi. Bunda ziroat uchun qilingan xarajat chiqarib tashlanmaydi.
Bu hukmlarning dalili hadisi sharifda kelgan. عَنْ جَابِر صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، عَنِ النَّبِي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «فِيمَا سَقَتِ الْأَنْهَارُ وَالْغَيْمُ الْعُشُورُ، وَفِيمَا سَقَتِ السَّانِيَةُ نِصْفُ الْعُشُورِ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: «فِيمَا سَقَتِ السَّمَاءُ وَالْأَنْهَارُ وَالْعُيُونُ أَوْ كَانَ بَعْلًا الْعُشْرُ، وَمَا سُقِيَ بِالسَّوَانِي وَالنَّضْحِ نِصْفُ الْعُشْرِ  Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Anhorlar va bulutlar sug‘organ narsalardan – ushr (o‘ndan bir), suv chiqaruvchi hayvon ila sug‘orilgandan – ushrning yarmi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Boshqa bir rivoyatda:
«Osmon, anhorlar, buloqlar yoki tomiridan suv ichganlaridan – ushr. Suv chiqaruvchi hayvonlar va suv chiqaruvchi asboblar ila sug‘orilganlardan – ushrning yarmi», deyilgan.
Ushbu hadisi sharifda ishlab chiqarishda ishlab chiqaruvchi tomonidan sarflangan mablag‘ va xizmat qanchalik qadr-qiymatga ega ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Ekinlarni sug‘orish uchun inson o‘z xizmati va mablag‘ini sarflab suv chiqarganda unda oddiy holatdagining yarmiga zakot olinishi shuni ko‘rsatadi.
Islom ummati ziroat boyliklaridan zakot (ushr) yoki ushrning yarmini chiqarish farzligiga doimo ijmo’ qilgan.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhi esa: «Ziroat mahsulotlarining ozidan ham, ko‘pidan ham zakot olinadi», deydilar. Bu gapni Ibrohim Naxa’iy, Ato ibn Abi Raboh, Umar ibn Abdulaziz va boshqalar ham aytganlar. Ular o‘z ijtihodlariga zakot farzligi to‘g‘risidagi oyat va hadislarda nisob haqida so‘z yo‘qligini hujjat qilib keltiradilar.
Tabiiy holatda keladigan suv ila sug‘orilgan ekinlardan olingan ziroat mahsulotlaridan ushr (o‘ndan bir) zakot olinadi. Suv chiqarishga charxpalak, hayvon va boshqa narsalarni ishlatib, sarf-xarajat qilingan bo‘lsa, ushrning yarmi (ya’ni yigirmadan bir) miqdorida zakot olinadi. Sug‘orishdan boshqa ishlarda qilingan sarf-xarajatlar e’tiborga olinmaydi.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, vaqf erlardan chiqqan ziroat mahsulotlaridan ham zakot olinadi. Chunki ziroat boyliklari zakotida chiqqan hosil e’tiborga olinadi.
Ijaraga olingan erdan chiqqan mahsulotlardan beriladigan ushr hanafiy mazhabi bo‘yicha ijaraga beruvchidan olinadi. Erni davlatdan ijaraga oluvchilar esa o‘zlari ushr beradilar.
Chiqqan ziroat mahsuloti zakot farz bo‘lganidan keyin mulk egasining aybisiz nobud bo‘lsa, zakot soqit bo‘ladi.(“Kifoya”). Vallohu a’lam.
27 Aprel 2022, 15:08 | Savol-javoblar | 75 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar