Hadis tarjimasi

Assalomu alaykum! Manashu matnni sharxlab bersangiz. حَدَّثَنَا ابْنُ أَبِي عُمَرَ، قَالَ: حَدَّثَنَا سُفْيَانُ، عَنْ عَبْدِ الْمَلِكِ بْنِ عُمَيْرٍ، عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ يُحَدِّثُ عَنْ أَبِيهِ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «نَضَّرَ اللَّهُ امْرَأً سَمِعَ مَقَالَتِي فَوَعَاهَا وَحَفِظَهَا وَبَلَّغَهَا، فَرُبَّ حَامِلِ فِقْهٍ إِلَى مَنْ هُوَ أَفْقَهُ مِنْهُ، ثَلَاثٌ لَا يُغِلُّ عَلَيْهِنَّ قَلْبُ مُسْلِمٍ: إِخْلَاصُ الْعَمَلِ لِلَّهِ، وَمُنَاصَحَةُ أَئِمَّةِ الْمُسْلِمِينَ، وَلُزُومُ جَمَاعَتِهِمْ، فَإِنَّ الدَّعْوَةَ تُحِيطُ مِنْ وَرَائِهِمْ».
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Abdurrohman ibn Abdulloh ibn Mas’uddan, u esa otasidan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Mening so‘zimni eshitib, uni anglagan, yodlagan va boshqalarga etkazgan odamni Alloh ne’matlantirsin. Bas, ba’zi ilmni ko‘tarib yurguvchilar uni o‘zlaridan ko‘ra anglovchiroq kishilarga etkazadi. Uch (xislat) borki u bilan musulmonning qalbi xiyonatkor bo‘lmaydi: xolis Alloh uchun amal qilish, musulmonlarning rahbarlariga nasihatgo‘y bo‘lish va ularning jamoatini lozim tutish. Chunki duo ularni atroflaridan o‘rab turadi.”

Ushbu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini sunnati nabaviyani hifz qilishga va uni insonlarga etkazishga qiziqtirish bor. Shuningdek, ulamolarning fazilati bayoni, mo‘minlar o‘zaro nasihatgo‘y bo‘lishi, jamoatni lozim tutishlik va ularning rahbarlariga nasihatgo‘y va itoatli bo‘lishga chaqiriq bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘min kishi ega bo‘lishi kerak bo‘lgan eng muhim xislatlardan uchtasini bayon qildilar. Kim o‘sha xislatlarni o‘zida mujassam qilsa, uning qalbi poklanadi, xiyonat va razolatdan yiroqda bo‘ladi, uni haqdan burib yuboruvchi biror narsa unga ta’sir etmaydi. O‘sha xislatlarning eng birinchisi ixlosdir. Har bir amalidan yakka Allohning roziligini istash, bandalarning nazarini unutishdir. Ikkinchisi musulmonlarning boshliqlariga, rahbarlariga samimiy, nasihatgo‘y bo‘lish, ularga yaxshilikni iroda qilish, buyruqlariga itoat etishdir. Uchinchisi esa musulmonlar jamoasidan ajramaslik va ularni lozim tutish. Chunki ular bilan bir tanu bir jon bo‘lgan har bir mo‘min ularning qilgan umumiy duosi ostiga kiradi. Ulardan ajraganlar esa bundan mahrum bo‘lishi tayin.وَعَنهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: نَضَّرَ اللهُ امْرَأً سَمِعَ مِنَّا شَيْئًا فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَ فَرُبَّ مُبَلَّغٍ أَوْعَى مِنْ سَامِعٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bizdan bir narsani eshitib, uni xuddi eshitganidek qilib etkazgan odamni Alloh ne’matlantirsin. Bas, ba’zi etkazilgan odam eshituvchidan ko‘ra anglovchiroqdir», dedilar».

Termiziy va Abu Dovud rivoyat rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisni ham Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qilmoqdalar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan eshitilgan ilmni boshqalarga qanday eshitgan bo‘lsa, shunday etkazishga targ‘ib qilmoqdalar va ortidan ana shu etkazish tufayli keladigan foydalardan birini eslatib qo‘ymoqdalar. Eshitganlar qanday eshitsa, shunday qilib etkazib qo‘ysalar, o‘sha etkazilgan odamlar ichidan o‘sha narsani bevosita eshitgan odamdan ham ko‘ra chuqurroq anglab etadigan kishilar etishib chiqishini bashorat qilmoqdalar.
Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qanday eshitsalar, shunday rivoyat qilganlar. Rivoyatda biror narsani o‘zgartirmaganlar. Agar ba’zi bir izoh uchun aytilgan qo‘shimcha so‘z yoki harakatlar bo‘lsa, ularni alohida aytib, qo‘shimcha ekanligini bildirib qo‘yganlar. Ba’zi bir so‘zlarni aniq eshita olmagan bo‘lsalar, rivoyat davomida uni ham ta’kidlab ketganlar. Bu ruh sahobalardan keyingi avlod – tobe’inlar avlodiga ham o‘tgan. Shunday qilib, bu narsa avloddan-avlodga o‘tib, kitoblarga bitilib, bizgacha etib kelgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan bir narsani eshitib, xuddi eshitgandek qilib boshqalarga etkazgan odamni «Alloh yorlaqasin!» deb duo qilmoqdalar. Ya’ni, Alloh uning yuzini yorug‘, ko‘rinishini go‘zal qilsin, demoqdalar. Bu so‘zlari ikki dunyoimizga ham tegishlidir. Musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislarini og‘izlaridan chiqqan holida avloddan-avlodga etkazib kelayotganlari shu sababdandir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan narsani boshqalarga xuddi eshitgandek qilib etkazish o‘ta ahamiyatlidir. Chunki u zotdan eshitiladigan narsa Qur’on oyatlari yoki hadis bo‘ladi.
Qur’onning bir harfini, hatto nuqtasini o‘zgartirish ulkan gunoh ekanligi hammaga ma’lum. Chunki u ilohiy dastur, uning lafzi ham mo‘’jizadir. Agar Qur’onni bir nuqtasi buzilsa, ilohiy dastur buziladi, undan chiqariladigan hukm o‘zgaradi, uning mo‘’jizaligiga putur etadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitiladigan ikkinchi narsa esa hadisdir. Hadis – Islom shariatining Qur’ondan keyingi ikkinchi masdari. Qur’on Allohning kalomi bo‘lsa, hadis ma’nosi Allohniki, lafzi Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamniki bo‘lgan kalomdir. Xuddi Qur’oni Karim singari, hadisi sharifdan ham shar’iy hukmlar chiqariladi. Agar hadisning biror harfi o‘zgarib qolsa, mazkur narsalarga putur etishi turgan gap.
Ikkinchidan, hadislardan juda keng ma’nolar, ba’zi hollarda esa keyinchalik to‘la kashf etiladigan ma’nolar ham chiqadi. Agar hadis eshitilgandek rivoyat qilinmasa va eshituvchi shaxs o‘zi tushungan ma’noni rivoyat qilsa, unda ham putur etadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Ba’zi etkaziladigan odam eshituvchidan ko‘ra anglovchiroqdir» deganlarining hikmati ham shunda!
Bir hadisni eshitgan sahobiy uni o‘z zamoni va sharoitiga binoan tushunsa, keyin etkazilgan odam o‘z zamoni va sharoiti, yuz bergan o‘zgarishlar, ilmiy kashfiyotlar asosida boshqacha, kengroq tushunishi mumkin.
Ayniqsa hozirgi kunimizga kelib, bu narsa juda ham ravshan ko‘zga ko‘rinmoqda. Shu bois, hadisi shariflardagi sir-asrorlarni, mo‘’jizalarni o‘rganish bo‘yicha alohida ilmiy tekshirish va tadqiqot tashkilotlari ham tuzilgan.
Shu bilan birga, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida o‘sha vaqt, o‘sha sharoitda, o‘sha jamiyatda bo‘lmagan narsalar bilan bir qatorda kelajakda bo‘ladigan narsalar ham kelgan. Bu narsa ham hadislarni qanday eshitilgan bo‘lsa, shundayligicha rivoyat qilishni taqozo etadi. (Hadis va hayot kitobidan). Vallohu a’lam!

14 May 2022, 02:03 | Savol-javoblar | 165 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar