Xorijdagi halol mahsulotlar iste’moli

Assalomu alaykum! 1). Men nasib bo‘lsa InshoAlloh Germaniyaga ketmoqchiman, ma’lumki Germaniya nomusulmon davlat. U erdagi go‘sht iste’moli qanday bo‘ladi? Ya’ni, musulmon kishi orqali so‘yilmagan go‘sht (albatta cho‘chqa emas) esam bo‘ladimi? 2). Salomga alik olish vojib, lekin agar kishi Assalomu alaykum deb salom bersa va davob tariqasida Salom deb alik olish joizmi yoki Vaalaykum assalom deyish shartmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Shar’iy yo‘l bilan so‘yilgan go‘sht mahsulotlarinigina istemol qilish joiz. Ahli kitoblar, ya’ni nasoro va yahudiylar o‘z diniy ta’limotlari bo‘yicha bizga halol bo‘lgan hayvonlarni so‘ysalar, ularning so‘yishi bizga halol bo‘ladi.  Ammo uni ular o‘z dini asosida so‘yganlarini tekshirib ko‘rish kerak. 2). Eng kamida berilgan salom miqdoricha alik qaytarish lozim. Ziyoda qilsa nur ustiga nur bo‘ladi. Alloh taolo "Niso" surasining 86-oyatida quyidagicha marhamat qiladi:وَإِذَا حُيِّيْتُم بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّواْ بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ حَسِيبًا۝ 86. Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering. Albatta, Alloh har bir narsaning hisobini oluvchidir.
Har bir qavmning, har bir xalqning, har bir millatning o‘ziga xos salomlashish uslubi bor. Salomlashish uslubi, iboralari hamda odatlari o‘sha xalqning qanday xalq ekanidan darak berib turadi. Islomdagi salomlashish eng go‘zal va eng ma’noli salomlashishdir. Islomda tanigangayu tanimaganga salom berish sunnatdir. Salomga alik olish esa vojibdir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan:
– Qaysi amal eng yaxshi amaldir? – deb so‘ralganda, u zot:
– Tanigan va tanimagan odamingga taom va salom bermog‘ing, – deb javob berganlar.
Ushbu oyati karimada salomlashishning ahamiyatli narsa ekani ta’kidlanib, berilgan salomga undan ko‘ra yaxshiroq yoki o‘ziga barobar javob berishga amr etilmoqda. Bu amrga qanday amal qilishni Payg‘ambarimizning sunnatlaridan o‘rganamiz.
Ibn Jarir qilgan rivoyatda Salmon Forsiy roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar:
«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib:
– As-Salomu alayka, yaa Rasululloh, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u odamga:
– Va alaykas-Salomu va rohmatullohi, – dedilar. Keyin boshqa bir odam kelib:
– As-Salomu alayka, yaa Rasulallohi va rohmatullohi, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
– Va alaykas-Salomu va rohmatullohi va barokatuhu, – dedilar. So‘ngra yana boshqa bir odam kelib:
– As-Salomu alayka, yaa Rasulallohi va rohmatullohi va barokatuhu, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
– Va alaykas-Salomu va rohmatullohi va barokatuhu, – dedilar. Shunda u odam:
– Ey Allohning Rasuli, otam ham, onam ham sizga qurbon bo‘lsin, huzuringizga Falonchi, Falonchilar kelib, salom berdilar. Siz ularga mendan ko‘ra yaxshiroq javob berdingiz? – deb so‘radi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
– Sen menga hech narsani qo‘ymading. Alloh: «Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki o‘zidek javob bering», – degan. Senga o‘zidek javob berdik, – dedilar».
Salom berishning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar mavjud. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

14 May 2022, 06:03 | Savol-javoblar | 193 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar