Allohni yolg‘ondan guvoh qilish

Assalomu alaykum! Man ma’siyatdalik paytimda bir marta sodir bo‘lmagan ishga, shunaqa bo‘lgan deb Allohni yolg‘ondan guvoh qilganman. Va 2 marta shu ishni qaytib qilmayman Alloh guvoh deb, ikkala ishni yana qayta qilganman. Ya’ni buzganman. Kafforatiga nima qilsam bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sodir bo‘lmagan ishning xilofini da’vo qilib qasddan yolg‘on qasam ichishingiz g‘amusdir. Bu gunohi kabira, oxiratda jazosi juda og‘ir. Tavba va istig‘for aytib, bu ishga qayta qo‘l urmaslikka azmu qaror qiling.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Gunohi kabiralar: Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, odam o‘ldirish va g‘amus qasamdir», dedilar». Buxoriy rivoyat qilgan.
Keyingi ikki qasamingizni buzgan bo‘lsangiz, ular uchun ikkita kafforot ado qilishingiz vojib.
Uning kafforati xuddi zihordagi kabi qul ozod qilish yoki o‘nta miskinni to‘ydirish, yoxud ularning har biriga butun badanini to‘sadigan kiyim berishdir. Shalvorning o‘zi kifoya qilmaydi. Agar ularni ado etish paytida ojiz bo‘lsa, ketma-ket uch kun ro‘za tutadi. Qasamxo‘r bo‘lmay turib, kafforat ado qilish joiz emas.
1. Bir qul ozod qilish.
Qasamini buzgan kishiga kafforat uchun belgilangan jazo choralaridan Islom dini beva-bechoralarga, kambag‘al-miskinlarga qanchalik e’tibor bilan qaragani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Shuningdek, bu mukammal va olamshumul dinning qulchilikka qarshi bo‘lgani va qullarni ozod qilishga qattiq uringani ham ko‘rinib turibdi. Islomda bu ishlar gunohlarni yuvadigan ibodat darajasiga ko‘tarilgani e’tiborga sazovordir.
2. O‘nta miskinni to‘ydirish.
Miskinlarni to‘ydirishdagi mazkur o‘lchov kafforat beruvchi o‘z ahliga beradigan bir kunlik o‘rtacha taom miqdoridir. Agar kafforat ado etishi lozim bo‘gan shaxs o‘nta miskinga taom berishni xohlamasa, uchinchi xil kafforatni ado etishi ham mumkin.
3. O‘nta miskinga butun badanini to‘sadigan bir sidra kiyim berish.
Kiyim ham o‘sha vaqtning, joyning va qavmning o‘rtacha kiyimi bo‘ladi.
Og‘ziga kuchi etmaydigan, o‘ziga e’tibor qaratish va bir ishni qilish yoki qilmasligini ta’kidlash maqsadida Alloh taoloning nomi ila qasam ichib, so‘ngra o‘z qasamiga sodiq qola bilmagan odam aslida Allohga nisbatan katta beodoblik qilgan bo‘ladi. Bu ishning jazosiga boshqacharoq chora ham belgilash mumkin edi. Ammo Alloh taolo aynan faqir, miskin va qullarga mehr ko‘rsatib, ularning foydasini ko‘zlovchi choralarni belgilagan.
Qasamini buzadiganlarning hammasi ham o‘nta miskinni to‘ydirish yoki ularga bir sidra kiyim olib berish, yoxud bir qul ozod qilish imkoniga ega bo‘lavermaydi. Ularning ichlarida kambag‘allari ham bo‘lishi turgan gap. Ana shunday imkoni yo‘q qasamxo‘rlarga o‘ziga xos jazo chorasi belgilangan:
4. Agar ularni ado etish paytida ojiz bo‘lsa, ketma-ket uch kun ro‘za tutadi.
Demak, qasamini buzgan odam kafforatni ado qilish uchun o‘nta miskinni taomlantirish yoki shuncha adaddagi miskinga kiyim-bosh olib berish, yoxud bir qul ozod qilishga moliyaviy imkoni yo‘q bo‘lsa, uch kun ro‘za tutib, kafforatni ado etishi vojib bo‘ladi.
Avvalgi uch jazo chorasining ichidan birini tanlash ixtiyoriydir, lekin to‘rtinchi jazo chorasini ado etishga faqatgina mazkur uch chorani ado etishga imkoni yo‘q kishilargina muyassar bo‘ladilar.
 Shariatimizda qasamini buzgan kishilar uchun kafforat ado etishni joriy qilishda avval zikr qilingan foydalardan tashqari, tarbiyaviy omil ham bor. Qasamini buzgan odamga kafforat ado etishni vojib qilishda uni o‘ziga keltirish va va’z-nasihat omili bor. Bir marta kafforat ado etishga majbur bo‘lgan inson bundan keyin har bir gapini yaxshilab o‘ylab gapiradigan va Alloh taoloning nomi ila qasam ichishdan oldin o‘ziga bir nazar soladigan bo‘ladi. Uning holini ko‘rgan boshqa kishilar ham ibrat olib, gaplarini o‘ylab gapiradigan bo‘lishadi. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam!

14 May 2022, 06:58 | Savol-javoblar | 163 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar