O‘gay ota bilan bola munosabati

Assalamu alaykum! Mening o‘gay otam haqiqiy otam va qarindoshlarim bilan uchrashsam bo‘lsam mendan rozi bo‘lmasliklarini aytganlar. Men ho‘p deb va’da berganman o‘gay otamga. Men, agar otam va qarindoshlarim bilan uchrashsam, o‘gay otamni norizo qilgan, va’damga xilof qilib munofiqlik alomatini qilgan bo‘lamanmi va men uchun kimning roziligi ko‘proq muhim, bu holatda men qanday yo‘l tutay, nima maslahat berasizlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘gay otangizning bunday qilishga haqqi yo‘q. Siz ota-onangiz va qarindoshlaringiz bilan silai rahmni bog‘lashingiz vojib.
Islomda qarindoshlik aloqalarini bog‘lab turish har-bir musulmon uchun farzu-vojib qilingan. Bu aloqani uzish esa haromdir.Alloh taolo «Isro» surasida:«Qarindoshga haqqini ber! Miskinga va ko‘chada qolganga ham. Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yma», degan ( 26- oyat).Bu oyati karimada Alloh taolo qarindoshlarning bir-birlarida haqqi borligini bildirmoqda. Imkoni bor, o‘ziga to‘q kishida nochor, yordamga muhtoj qarindoshlarning haqqi bor. Bu haq ularga Alloh tomonidan berilgan. Boy-badavlat kishi o‘z qarindoshlariga yordam berganida, minnat yoki fazlini ko‘rsatish uchun emas, balki Alloh amrini ado etish, Alloh belgilagan haqni berish uchun ish qilgan bo‘ladi. Shuningdek, nochor qarindosh o‘zining boy-badavlat qarindoshidan biror narsa olganda uning oldida xoru zor bo‘lib emas, Alloh unga belgilagan haqni olayotganini tushunib, o‘zini erkin tutib oladi. Alloh taolo «Baqara» surasida yaxshilik haqida so‘z yurita turib jumladan quyidagi vasfni ham aytgan:
«Yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga bersa», degan (177- oyat).
Yaxshi ko‘rgan molidan qarindosh-urug‘larga, boquvchisidan ajrab qolgan etimlarga, ya’ni, boquvchisiz qolgan, balog‘at yoshiga etmagan yosh bolalarga; miskinlarga, ya’ni, eb-ichish va yashash uchun etarli mablag‘i, daromadi yo‘q kishilarga, vatangadolarga, ya’ni, vatanidan uzoqda nafaqasiz qolgan odamlarga, tilanchilarga, ya’ni, o‘zida yashash uchun moddiy imkoniyati yo‘qligidan majbur bo‘lib boshqalardan moddiy yordam so‘raganlarga, qul ozod qilishga, ya’ni, xo‘jasi bilan ma’lum miqdor mablag‘ evaziga ozodlikka chiqishni kelishib qo‘ygan qullarga berish yaxshilikdir. Mol berishni odat qilgan odam hirs, zaiflik, baxillik sirtmog‘idan ozod bo‘ladi. Mol-dunyoga qullikdan ozod bo‘ladi. Bu yuksak insoniy fazilatdir. Faqat yuksak insoniy fazilatlar sohibigina mazkur toifadagi kishilarga xolis yordam beradi. Bu ishni qilgan inson haqiqiy yaxshilikni qilgan bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kimni rizqi kengaytirilishi va ajali ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai rahm qilsin», dedilar».Uchovlari rivoyat qilgan.Silai rahm qanchalik ahamiyatga ega amal ekanini ushbu hadisi sharifdan bilib olsak bo‘ladi.
Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyatida:
«Silai rahm qiluvchi berganga yarasha qaytargan emas. Lekin silai rahm qiluvchi o‘zining silai rahmi kesilganda uni bog‘lovchidir», dedilar».
Falonchi menga yaxshilik qilgan edi, men ham unga yaxshiligini qaytarib qo‘yishim kerak, degan ma’noda ish qilgan odam silai rahm qiluvchi hisoblanmas ekan. Haqiqiy silai rahm qiluvchi qarindoshlik aloqasini uzib qo‘yganga yaxshilik qiluvchi shaxs ekan.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Rahm Rohmandan olingandir. Bas, Alloh: «Seni kim uzsa, Men ham uni uzaman. Kim seni bog‘lasa, Men ham bog‘layman», dedi», dedilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilgan.
Silai rahmdagi «rahm» Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lmish «Rohman» ismidan olingan. Shuning uchun Alloh taolo silai rahm qilgan shaxs ila aloqa qiladi va silai rahmni kesgan shaxsdan aloqani kesadi.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Alloh maxluqotlarni xalq qildi. Bas, undan forig‘ bo‘lganda rahm (qarindoshlik):«Mana shu aloqani uzadigandan panoh so‘raguvchining tutadigan joyimi?» dedi.«Seni bog‘laydiganni bog‘lab, uzadiganni uzishimga rozi bo‘lasanmi?» dedi.«Xuddi Shunday! Ey Robbim!» dedi.«Ana shudoq!» dedi U zot.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Agar istasangiz, «Ehtimol, (iymondan) yuz o‘girsangiz, er yuzida fasod qilib, qardoshlik rishtalarini uzarsiz?! Ana o‘shalarni Alloh la’natladi, ularni kar qildi va ko‘zlarini ko‘r qildi»ni qiroat qilinglar», dedilar».
Ikki shayx rivoyat qilgan.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi:«Yo Allohning Rasuli, mening qarindoshlarim bor. Men ularga silai rahm qilaman, ular kesadilar. Men ularga yaxshilik qilaman, ular menga yomonlik qiladilar. Men ularga halimlik qilaman, ular menga johillik qiladilar», dedi.«Agar sen o‘zing aytganingdek bo‘lsang, xuddi ularga issiq kulni edirayotgandeksan. Modomiki shu holda bardavom bo‘lar ekansan, Alloh tomonidan sen bilan birga ularning qarshisiga bir yordamchi bo‘ladir», dedilar».
Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Rahm Arshga osilib olib:«Kim meni silamni qilsa, Alloh ham unga sila qiladi. Kim mening silamni uzsa, Alloh ham undan silasini uzadi», deydi», dedilar».
Ikkisini Muslim rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifdan silai rahm haqqi qanchalar ulug‘ ekanini anglab olamiz. Kim qarindoshlariga silai rahm qilsa, Alloh taolo ham unga rahm qilar ekan. Kim qarindoshlarini o‘z holga tashlab qo‘ysa, Alloh taolo ham uni o‘z holiga tashlab qo‘yar ekan.
Jubayr ibn Mut’am roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Qarindoshlik aloqasini uzuvchi jannatga kirmaydi», dedilar».Qarindoshlik aloqasini uzishni halol sanagan kishi jannatga kirmas ekan. Yoki bu ishni qilgan odam jannatga kechikib kirar ekan. Bu hadisi sharifda qarindoshlik aloqasini uzishga nisbatan zajr bordir. Bas, shunday ekan, qarindoshlik aloqalarini mustahkam va bardavom qilishga harakat qilmoq lozim.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Gunohi kabiralarning eng kattalaridan biri kishi ota-onasini la’natlamog‘idir», dedilar.«Yo Allohning Rasuli, qanday qilib kishi ota-onasini la’natlaydi?» deyildi.«Kishi boshqa bir kishining otasini so‘kadi. Bas, u ham buning otasini va onasini so‘kadi», dedilar».
Ikkisini to‘rtovlari rivoyat qilgan.
Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Alloh taolo «Men Allohman! Men Rohmanman! Rahm Mening ismimdan olingandir. Kim uning silasini qilsa, Men ham uning silasini qilaman. Kim uning silasini uzsa, Men ham uning silasini uzaman», deydi», dedilar».
Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Nasablaringizdan sila rahm qiladigan narsangizni ta’lim oling. Chunki silai rahm ahlning muhabbatidir, molu-mulkning ko‘pligidir va umrning ziyodaligidir», dedilar».
Termiziy, Ahmad va Hokimlar rivoyat qilgan.
Silai rahm - qarindoshlik aloqalarini yaxshilash kishiga bu dunyoning o‘zida ham bir qancha foydalarni berar ekan.
Ulardan bu hadisi sharifda sanalgani quyidagilardir:
1. Ahlning muhabbati.Kim ahlining muhabbatiga sazovor bo‘lmoqchi bo‘lsa, silai rahm qilsin.
2. Mol-mulkning ko‘pligi.Kim ko‘p mol-mulkka sazovor bo‘lmoqchi bo‘lsa, silai rahm qilsin.
3. Umrning ziyodaligi.Kim umrining ziyodaligiga sazovor bo‘lmoqchi bo‘lsa, silai rahm qilsin.
Kulayb ibn Manfa’adan rivoyat qilinadi:
«Bobom:«Ey Allohning Rasuli, kimga yaxshilik qilay?» dedi. «Onangga, otangga, opa-singlingga, aka-ukangga va ulardan keyin keladigan yaqinlaringga vojib bir haqdir va silai rahmdir», dedilar». 
Sharh: Demak, onaga, otaga, aka-uka, opa-singillarga, boshqa qarindoshlarga silai rahm, yaxshilik qilish, muhtoj bo‘lsa yordam berish, hojatini chiqarish, nafaqa berish har bir mo‘min-musulmon uchun vojib amal hisoblanar ekan, buni qilmog‘i lozim va lobud ekan.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Silai rahm – qarindoshlik aloqalarini bog‘lash musulmon shaxs uchun vojibligi.
2. Onaga yaxshilik qilish vojib ekani.
3. Otaga yaxshilik qilish vojib ekani.
4. Opa-singillarga yaxshilik qilish vojib ekani.
5. Aka-ukaga yaxshilik qilish vojib ekani.
6. Mazkurlardan keyin keladigan qarindoshlarga yaxshilik qilish vojib ekani.
Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta qizi yoki uchta singlisi bo‘lib, ularga go‘zal ehsonlar qilgan odam, albatta jannatga kiradi», dedilar». 
Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz. Gohida, opa-singillar aka-ukalarning qaramog‘ida qolishi ham bor. Ota bor bo‘lsa u mas’ul bo‘lar edi. Ammo ota yo‘q. Bu otasi yo‘q ayol zoti qarovsiz qoladi degani emas. Ota bo‘lmagan chog‘da aka yoki uka opa-singilni qaramog‘iga olishi shariat hukmi bo‘yicha sobit bo‘ladi. Bu opa-singil aka-ukaning muruvvatiga muhtoj bo‘lib qoladi degani emas. Balki, bu opa-singilga Alloh taolo tomonidan berilgan haqdir. Aka-uka bu mas’uliyatdan qochishi mumkin emas. Agar ular, nomardlik qilib, bu mas’uliyatdan qochadigan bo‘lsalar, jamiyat qonun kuchini ishga solib opa-singillarning haqlarini olib beradi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Uch qiziga yaxshilik qilgan odam jannatga kirishi.
2. Uch singlisiga yaxshilik qilgan odam jannatga kirishi. Vallohu a’lam!

14 May 2022, 12:34 | Savol-javoblar | 171 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar