Podezd oldida mashinani qoldirish

Assalomu alaykum? Bilamizki shaharda domlarni kirish podezd qismiga yani ikki skameka orasi bo‘lgan eshik oldiga shu podezda yashaydigan bir kishi moshinasini qo‘yib qo‘yadi kechasiyu kunduzi, zarurat yuzasidan birrovga mayliku. Aslida uer shu podezda yashaydigan hammani haqqi, bunga kimdir rozi bo‘lsa kimlardir norozi bo‘ladi baribir!? Shu moshinani qo‘yib qo‘yishi joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qo‘shnilarga ozor berishga hech kimni haqqi yo‘q. Sizlar unga quyidagi hadislarni o‘qitib qo‘yinglar: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: لَا يُؤْمِنُ عَبْدٌ حَتَّى يَأْمَنَ جَارُهُ بَوَائِقَهُAbu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Qo‘shnisi uning yomonliklaridan emin bo‘lmagan kishi (haqiqiy) mo‘min bo‘la olmaydi».
Sharh: 
Demak, kishi haqiqiy mo‘min bo‘lishi uchun qo‘shnilari uning yomonliklaridan emin bo‘lishlari, undan yomonlik ko‘rmasliklariga ishonchlari komil bo‘lishi kerak. Qo‘shnilari: «Qo‘shnimdan qo‘rqaman, xiyonat qilib qo‘yarmikan yoki boshqa bir yomonlik qilarmikan», deb yuradigan kishi komil mo‘min bo‘lishi qiyin. عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: قَالَ نَبِيُّ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الْمُؤْمِنُ مَنْ أَمِنَهُ النَّاسُ، أَلَا وَإِنَّ الْمُهَاجِرَ مَنْ هَجَرَ السُّوءَ، أَلَا إِنَّ الْمُسْلِمَ مَنْ سَلِمَ مِنْهُ جَارُهُ، وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ، لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ رَجُلٌ لَا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهHasandan rivoyat qilinadi:
«Allohning Nabiysi sollallohu alayhi vasallam:
«Mo‘min – odamlar undan omonda bo‘lgan kishidir. Bilib qo‘yinglarki, muhojir – yomonlikdan hijrat qilgan kishidir. Bilib qo‘yinglarki, musulmon – qo‘shnisi undan salomat bo‘lgan kishidir. Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, hech bir kishi, agar qo‘shnisi uning yomonligidan omonda bo‘lmas ekan, jannatga kirmaydi», dedilar».

Sharh: «Islom», «musulmon» so‘zlari «salomatlik», «tinchlik» ma’nolarini ifoda etadi. Shuning uchun «musulmon – o‘zga odamlar, xususan, qo‘shnisi uning yomonliklaridan tinch va salomat bo‘lgan shaxsdir», deyilmoqda.
«Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, hech bir kishi, agar qo‘shnisi uning yomonligidan omonda bo‘lmas ekan, jannatga kirmaydi».
Hadisdan qo‘shnining haqlari, qo‘shniga yomonlik etkazmaslik, balki unga yaxshilik qilishning naqadar ulug‘ amallar ekanini bilib olamiz. Odamlarga yomonlik qilmaslik, zarar etkazmaslik, urib-so‘kmaslik, joniga, moliga, obro‘siga futur etkazmaslik – bularning barchasi iymon, Islom, hijrat, yaxshilik alomatlari ekan.
Qo‘shnilariga yomonlik qilib yuradigan, qo‘shnilari uning yomonligidan qo‘rqib turadigan odam jannatga kirmas ekan. Ushbu hadisdan qo‘ni-qo‘shnilar bilan muomalani yaxshilash, ularga ozor bermaslik vojibligini o‘rganib olar ekanmiz. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلَا يُؤْذِ جَارَهُ، وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيَقُلْ خَيْرًا أَوْ لِيَسْكُتAbu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin.

Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin», dedilar».
Sharh: Qo‘shniga ozor bermaslik Alloh taologa va qiyomat kuniga iymon keltirgan kishining sifati, belgisi, alomatidir. Kim Alloh taologa iymon keltirgan bo‘lsa, Qiyomat kunidan umidvor bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin.
Bu va bunga o‘xshash joylarda Alloh taologa va qiyomat kuniga iymonni zikr qilish ta’kidlab aytilayotgan ishlarga targ‘ib mubolag‘ali bo‘lishi uchundir. Allohga bo‘lgan iymon doimo U Zotga muhabbat ila itoat qilishga chorlaydi. Oxiratga bo‘lgan iymon esa savob va azobni eslab turishning asosidir. Kimning oxiratga iymoni bo‘lsa, yaxshilik qiladi va yomonlikdan qaytadi.
Qo‘shniga yaxshilik qilish uning hojati tushgan ishlarda yordam berish va undan yomonliklarni daf qilish ila bo‘ladi. Unga ozor bermaydi va ehson qiladi. (“Yaxshilik va silai rahm” kitobidan). Vallohu a’lam!

14 May 2022, 14:13 | Savol-javoblar | 159 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar