Chilyosin haqida

Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu.Ahli imlmlar boshchiligida bir necha birodarlar birgalashib iltimoslarga binoan Chilyosin qilib berishlarini eshitamiz, ularda qatnashganmiz. Asli Chilyosin (forschadan "Qirq Yosin") qirq marta Yosin surasini tilovat qilish bilan birga yana qaysi suralar tilovat qilinadi? Chilyosinning qanday holatlar sababidan va qanday tarzda ado etiladi? Payg‘ambarimiz davrida ham bunday dam solishlar bo‘lganmi? Chunki Fotiha, Ixlos, Falaq va Nas suralari ila dam solish haqida o‘qiganmiz, bilamiz. Lekin Chilyosin haqida ma’lumot kamroq. Yosin surasi bilan dam solish bormi o‘zi? Qur’onning qalbi bo‘lmish va bir tilovati o‘n xatmi Qur’onga teng o‘laroq Yosin haqida bizlarga ta’lim bersangiz.Vassalamu alaykum va rohmatulloh
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh.Avvalo shuni bilish lozimki, Qur’oni Karimning hammasi ham Alloh taoloning kalomi, hadisda ta’kidlanganidek, «Barchasi shifo va kifoya bo‘luvchidir». Nabiyyulloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir nechta hadislarida Qur’onning fazli, xususan ayrim suralarning fazilatlari haqida bayon qilganlar. Jumladan Yosin surasi haqida ham. Ularning ba’zilarini o‘zingiz eslab o‘tibsiz. Imom Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘liklaringizga Yosinni o‘qinglar», deb marhamat qilganlar. Buni o‘lganlarga deb ham, o‘lim to‘shagida yotganlarga deb ham tushunish mumkin. Ba’zi sahobalarning o‘lim to‘shagida yotgan kasalga Yosin surasini o‘qish engillik berishini aytganlari rivoyatlarda bor. Ammo bu sura haqida kelgan ko‘p hadislarni muhaddislar zaif yo mavzu deyishgan. Shu bois, biz ular haqida to‘xtalib o‘tirmadik.Endi «Chil Yosin» qilishga kelsak, bu ish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning davrlarida bo‘lmagani aniq. Ammo Qur’on o‘qib dam solish bo‘lgan. Yosin o‘qib dam solish qadimdan, salaflar davridan beri mavjud. Uni aynan ma’lum adadda, masalan, qirq yoki qirq bir marta o‘qish ham ulamolar tomonidan, ko‘proq tasavvuf ahli tarafidan joriy qilingan. Buning foydasi, fazilati ko‘proq tajribalardan ma’lum bo‘lgan va ana shuning uchun musulmonlar o‘rtasida keng tarqalgan. Bugungi kunda ham ko‘plab musulmon o‘lkalarida «Chil Yosin» qilish bor. Ba’zi olimlar «Chil Yosin» sunnatda yo‘q, shu bois, uni qilib bo‘lmaydi, deydi. Ammo boshqa ulamolarimiz aytadilarki, Qur’oni Karim Alloh taoloning kalomi, uning fazilati, barakoti tamom bo‘lmaydi. Ayrim suralarning fazilati hadisda aytilmaganligi unda o‘sha fazilat yo‘qligini keltirib chiqarmaydi. Balki kimdir biror suraning fazilatini o‘z tajribasida ko‘rsa, buni qabul qilish mumkin. Binobarin, modomiki, ish sunnat ruhiga zid tus olmasa, tajribalarga asoslangan holda maxsus suralarni ma’lum adadda o‘qishning zarari yo‘q, balki fazilati bo‘ladi.«Chil Yosin» ham xuddi mana shu tarzda musulmonlar ichida keng tarqalgan va uning fazilatini kishilar o‘z hayotlarida ko‘rib turibdilar. Ammo buni aynan ushbu adadga cheklash shart emas, masalan, biroz kamroq yo ko‘proq o‘qish ham mumkin. Dam solish uchun yig‘ilgan odamlar tahoratli bo‘lishi, ixlosli bo‘lishlari, surani o‘zlari o‘qiy oladigan bo‘lishlari kerak. Eng muhimi, har bir o‘quvchi kishi Alloh taologa chin dildan iltijoda, tazarru’da bo‘lishi lozim. Zotan, ulamolarimiz dam solishni duoning bir turi ham deydilar.Bizningcha, dam soluvchilarning birlari surani ovozini ko‘tarib o‘qisa, boshqalari unga ergashib, pastroq ovozda o‘qiganlari ma’qul. Mana shu o‘rtacha yo‘l. Ammo bir kishi o‘qib, boshqalar tinglaganda, ko‘pincha, eshituvchilarni g‘aflat tortishi tajribalardan ma’lum. Qolaversa, dam solishda asosan Qur’onning qiroatidan, talaffuzidan foyda olish umid qilinadi. O‘tmish ulamolarning dam solishda bevosita suvning o‘ziga o‘qiganlari kitoblarda bor. Ibn Qayyum Javziy rahmatullohi alayhi Makkai Mukarramada kasal bo‘lib, tabib ham, dori ham topa olmagach, zamzam olib chiqib, unga bir necha bor Fotiha surasini o‘qib, ichganlarida dardlari tuzalib ketgani, shundan so‘ng kim biror kasaldan shikoyat qilsa, unga ham ushbu tajribalarini tavsiya qilganlari va ularning ham ko‘plari shifo topganini aytganlar. Shunga ko‘ra, dam solishda Fotiha, Oyatul Kursiy, Ixlos va Muovizataynni ham o‘qisa, yanada yaxshi bo‘ladi. Vallohu a’lam.

20 Aprel 2022, 19:43 | Savol-javoblar | 352 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar