Bolani sutdan chiqarish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, singlim so‘rab berishni iltimos qilgandi. Emizikli bolani qachon ko‘kragidan ayirish kerak? Bir joyda 2 yil to‘liq emizsa farzand haqqi ado bo‘ladi deb o‘qidim, kimlardir esa 30 oy yana kimlardir 36 oy deb aytishdi. Yana o‘g‘il bolani 3 yil qizlarni 2 yilu 6 oy emizish kerak deb aytishdi. Kaysi biri to‘g‘ri. Va shu muddatdan avval ko‘krakdan ayirsa gunohmi? Qaysi vaziyatta tayinlangan mudatdan avval ayirishga ruxsat berilgan? Javobingiz uchun oldindan rahmat. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ikki yilni qamariy hisobda hisoblanadi. EMIZISh HAQIDAGI FASL يَثْبُتُ بِمَصَّةٍ فِي حَوْلَيْنِ وَنِصْفٍ فَقَطْ أُمُومَةُ الْمُرْضِعَةِ وَأُبُوَّةُ زَوْجٍ لَبَنُهَا مِنْهُ لِلرَّضِيعِ، فَيَحْرُمَانِ مَعَ قَوْمِهِمَا عَلَيْهِ كَالنَّسَبِ وَفُرُوعُهُ وَالزَّوْجَانِ عَلَيْهِمَا، وَتَحِلُّ أُخْتُ أَخِيهِ رِضَاعًا كَمَا فِي النَّسَبِ. وَالْاِحْتِقَانُ بِلَبَنِ الْمَرْأَةِ وَلَبَنِ الرَّجُلِ وَمَا خُلِطَ بِطَعَامٍ لَا يُحَرِّمُ، وَبِغَيْرِهِ تُعْتَبَرُ الْغَلَبَةُ، وَيُحَرِّمُ الْاِسْتِعَاطُ وَلَبَنُ الْبِكْرِ وَالْمَيِّتَةِ. Faqat ikki yarim yil ichida bir so‘rish bilan emuvchi uchun emizuvchining onaligi va uning sutiga sabab bo‘lgan erining otaligi sobit bo‘ladi. Bas, ikkovlari o‘z qavmlari bilan unga xuddi nasabdagi kabi harom bo‘ladilar. Emgandan tarqalganlar va emganning er va xotini ham ikkovlariga harom bo‘ladi. Xuddi nasabdagi kabi emishgan birodarining singlisi unga halol bo‘ladi. Igna yordamida yuborilgan sut, erkakning suti va taomga aralashtirilgan sut ila haromlik sobit bo‘lmaydi. Taomdan boshqaga aralashtirilganda g‘olib taraf e’tiborga olinadi. Burundan kirgan, bokiraning va o‘lik ayolning suti ila haromlik sobit bo‘ladi. Begona ayolni emish tufayli halol-haromga bog‘liq o‘ta ahamiyatli hukmlar kelib chiqadi. Odatda emizish masalasi hadis va fiqh kitoblarimizda doimo nikohga qo‘shib zikr qilinadi. Biz sharh qilayotgan «Muxtasari Viqoya»da ham shunday bo‘lgan. Faqat ikki yarim yil ichida bir so‘rish bilan. Bu muddatni Alloh taolo Qur’oni Karimda: وَحَمْلُهُ وَفِصَالُهُ ثَلَاثُونَ شَهْرًا «Va uning homilasi va ko‘krakdan ajratishi o‘ttiz oydir» (Ahqof surasi, 15-oyat) degan oyati bilan belgilab qo‘ygan. Bu Abu Hanifa rahmatullohi alayhining ijtihodlaridir. Ammo imom Abu Yusuf va Muhammad «ikki yil», deganlar. Ularning dalili Baqara surasidagi:    وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلاَدَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ لِمَنْ أَرَادَ أَن يُتِمَّ الرَّضَاعَةَ «Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizurlar. (Bu) emizishni batamom qilmoqchi bo‘lgan kishi uchundir» ("Baqara" 233-oyat) degan oyatdir. Xuddi shu ma’no Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamning bir necha hadisi shariflarida ham ta’kidlangan. Demak, bola ikki yoshidan keyin emsa, shar’iy emizish sobit bo‘lmaydi. Onaning suti onaning bir bo‘lagi sanalib, zarurat yuzasidan shariat bolaga uning iste’moliga ruxsat bergan. Ikki yoshdan keyin emizish harom sanaladi. Emuvchi uchun emizuvchining onaligi va uning sutiga sabab bo‘lgan erining otaligi sobit bo‘ladi. Bas, ikkovlari o‘z qavmlari bilan unga xuddi nasabdagi kabi harom bo‘ladilar. Emgandan tarqalganlar va emganning er va xotini ham ikkovlariga harom bo‘ladi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِي اللهُ عَنْها، عَنْ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: يَحْرُمُ مِنْ الرَّضَاعِ مَا يَحْرُمُ مِنْ النَّسَبِ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Nasab jihatidan (nikohi) harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladilar», dedilar». Ya’ni nasab jihatidan qaysi toifadagi ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emish tufayli ham o‘sha toifalarning nikohi harom bo‘ladi. Emish sobit bo‘lganda emizgan ayol bolaning onasiga, eri uning otasiga, bolalari aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, boshqa qarindoshlar ham emgan bolaga xesh bo‘ladilar. Shu e’tibordan quyidagilarning nikohi harom bo‘ladi: 1. Emizgan ona. Bunga momolar ham kiradi. 2. Emikdosh qiz. Bir odamning xotini begona qizni emizsa, o‘sha qiz emizgan ayolning eriga ham qiz bo‘ladi. Bunga emish tufayli bo‘lgan qizning qizi ham, o‘g‘ilning qizlari ham kiradi. Ya’ni kishiga uning emikdosh qiz nabiralarining nikohi ham haromdir. 3. Emikdosh opa-singillar. 4. Emikdosh ammalar. 5. Emikdosh xolalar. 6. Emikdosh aka-ukalarning qizlari. 7. Emikdosh opa-singillarning qizlari. 8. Emikdosh qaynonalar. Bunda erkak uchun uning xotinini emizgan ayol va o‘sha ayolning onasi harom bo‘ladi. 9. Emikdoshlik bo‘yicha o‘gay ona va momolari. Boshqacha qilib aytganda, bir kishiga uni emizgan ayolning erining boshqa xotinlari va ularning onalari ham harom bo‘ladi. 10. Emikdosh farzandlarning xotinlari. 11. Xotinining emizgan qizi. Xuddi nasabdagi kabi birodarining singlisi unga halol bo‘ladi. Nasabda bir kishining ota bir aka yoki ukasi bo‘lsa-yu, o‘sha birodarining ona bir, ota boshqa singlisi bo‘lsa, mazkur kishiga mazkura singil halol bo‘ladi. Xuddi shuningdek, birovning emikdosh ukasi yoki akasi bo‘lsa-yu, uning emikdosh bo‘lmagan, nasabdan bo‘lgan singlisi bo‘lsa, mazkur kishiga halol bo‘ladi. Igna yordamida yuborilgan sut, erkakning suti va taomga aralashtirilgan sut ila haromlik sobit bo‘lmaydi. Taomdan boshqaga aralashtirilganda g‘olib taraf e’tiborga olinadi. «Erkakning suti» deganda ayoldagi sutning sababchisi bo‘lmish erkak nazarda tutilgan. Sutning hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgani uchun bola tuqqan ayolning suti erkakka nisbat beriladi. Misol uchun, bir ayolning sutini suvga, doriga, qo‘yning yoki boshqa bir ayolning sutiga aralashtirib berilganda g‘olib taraf e’tiborga olinadi. Mazkura ayolning suti ko‘p bo‘lsa, o‘sha aralash narsani emgan yoki ichgan bola uning emizikli bolasiga aylanadi, bo‘lmasa yo‘q. Burundan kirgan, bokiraning va o‘lik ayolning suti ila haromlik sobit bo‘ladi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:43 | Savol-javoblar | 218 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar