Yaxshi niyat bila qarz oliib bermay yursa

Assalomu alaykum! Mening bir qarindoshim odamlardan qarz olib to‘lashga unchalik xarakat qilmay yurganini tushundim va undan nega xarakat qilmaysiz, yoshingiz xam katta mabodo jon omonatizni topshirsangiz kim to‘laydi - deb so‘rasam, "niyatingda qaytarib beraman deb olsang Alloh O‘zi qarzni uzib beradi - deb xotirjam. Shu so‘zlarni manga aytdi, qarzi xam kichik summa emas 18000 dollar, o‘zining aytishicha. Bunday xolatda nima deyishni xam bilolmay qoldim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! U qarindoshingiz mutlaqo noto‘g‘ri fikrda ekan. Haqlar ikki qismga bo‘linadi 1. Bandaning zimmasidagi Alloh taoloning haqqi.
2. Bandaning zimmasidagi bandaning haqqi.
Alloh taoloning haqqi borasida Qur’oni Karimda uni ado etmaslikning azob uqubatlarini, bekamu ko‘st ado qilishning mukofotu ne’matlarini bayon qilib o‘tilgan. Banda bilan bandaning o‘rtasidagi haqni esa bandalarning o‘zlariga tashlab qo‘yilgan.
Alloh taolo marhamat qiladi:  إِنَّ اللّهَ يَأْمُرُكُمْ أَن تُؤدُّواْ الأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا وَإِذَا حَكَمْتُم بَيْنَ النَّاسِ أَن تَحْكُمُواْ بِالْعَدْلِ إِنَّ اللّهَ نِعِمَّا يَعِظُكُم بِهِ إِنَّ اللّهَ كَانَ سَمِيعًا بَصِيرًا۝«Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga topshirishingizni va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat ila hukm qilishingizni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta, Alloh o‘ta eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir». (Niso surasi, 58-oyat).
Shuningdek, U Zot yana: هَلْ جَزَاء الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ «Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir», deb marhamat qilgan. (Rohman surasi, 60-oyat).مطل الغني ظلم Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Boy (qodir) bo‘laturib qarzni kechiktirish zulmdir», deganlar. 
Muttafaqun alayh. 
XX asr mujaddidi, ulug‘ alloma, hakimul-ummat, mavlono Ashraf Ali Tahonaviy rohmatullohi alayh «Birovning haqqiga zulm qilganlarga Allohning rahmati yog‘ilmas» degan mavzuda o‘zlari boshdan kechirgan bir voqeani hikoya qilib beradilar: «Odatda bomdod namozidan keyin tafsir ilmi bilan mashg‘ul bo‘lardim. Bu borada «Bayonul-Qur’on» nomli tafsir kitobini yozishga kirishgan edim. Bir kuni ahli ayolim ertalab qaergadir borib kelish ijozatini oldi-da, soat sakkizda tovuqlarga em berib qo‘yish kerakligini eslatdi. Men «xo‘p» deb, o‘z ishim bilan ovora bo‘laveribman. Biroz o‘tgach, kitob yozish asnosida xayolimga kelib turgan fikrlarni qog‘ozga tushira olmay qoldim. Xuddi bilgan narsalarim yo‘q bo‘lib qolgandek edi. Tafsir borasida yangi fikr kelmay qolgach, shoyad boshqa ishga kirishsam, fikrlar ochilib ketar, degan xayolda xalqdan kelgan savollarga yozma javob berishga kirishdim. Biroq, taajjubki, bunda ham savollarga javob berishga, bilaman deb o‘ylagan narsalarimni qog‘ozga tushirishga qiynaldim. Go‘yoki fikrlarimni bir qora bulut to‘sib turganday edi. Qo‘rqib ketdim. Nahot men uchun Allohning rahmat eshiklari yopilib qolgan bo‘lsa, nima xatoga yo‘l qo‘ydim?! Shu payt ich-ichimdan «Sen Allohning maxluqotiga zulm qilasan-u, yana Allohning rahmatidan umid qilasanmi?», degan fikr keldi. «Astag‘firulloh» deb darhol o‘rnimdan turdim, tovuqxonaga borib ularga em berdim, Robbimga istig‘forlar aytib, tavba qildim: «Robbim, men ojiz bandangning bilmay qilgan xatosini O‘zing afv qil!». Shundan so‘ng xonamga kirib, «Bismillah» deb qalamni ushladim. Alhamdulillah, fikrlar yomg‘irdek yog‘ilib kela boshladi. Boyagi bulutdan esa asar ham yo‘q edi».
Endi birovning haqqiga oylab, yillab zulm qilganlar qanday qilib topgan narsalarini, mol-mulklarini Allohning rahmati, in’omi deb bilishi mumkin.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning bir sifatlari shuki, u zoti bobarakot butun olamga rahmatdirlar. U zot imkon qadar o‘sha rahmatdan ummatlariga ham etishidan umidvor edilar va qachon sahobalardan birortasi vafot etsa, janozasini o‘zlari o‘qishga shoshilar edilar. Hatto bir ayol vafot etib, dafn qilinganligini eshitganlarida «Menga xabar bermabsizlar-da», deb tanbeh ham berganlar va borib, qabrining tepasida unga janoza o‘qiganlar. Lekin vafot etib, zimmasida qarzi qolgan kishilarga janoza o‘qishdan bosh tortganlar.
Mayyitning zimmasidagi qarzning hukmi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: من فارق الروح الجسد، وهو بريء من ثلاث دخل الجنة: من الكبر، والغلول، والدين «Kimning ruhi uch narsadan: kibrdan, o‘ljaga xiyonatdan va qarzdan xoli bo‘lib jasadidan ajrasa, jannatga kiradi».
Ibn Moja rivoyat qilgan. نفس المؤمن معلقة بدينه حتى يقضى عنه  «Mo‘minning joni qarzi ado etilmaguncha tutib turiladi».
Termiziy rivoyat qilgan.
Bir kishining  akasi vafot etib, zimmasida qarzi qoldi. U akasi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi. U zot: «U qarzi tufayli tutib turilibdi, uning qarzini to‘la», dedilar.
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Bu hadis mayyitdan meros qolsa, uning qarzini to‘lash merosxo‘rlarga farz ekanligiga dalolat qiladi.
Horis ibn Rib’iy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi «Ey Allohning Rasuli, ayting-chi, agar Allohning yo‘lida qatl qilinsam, xatolarim kechiriladimi?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Ha, agar sabr qilib, savob umidida Allohning yo‘lida qatl qilinsang. Lekin qarz mustasno, chunki Jabroil menga shunday degan», dedilar.
Bir kishi vafot etib, zimmasida qarzi qolgan bo‘lsa, undan qolgan bor mol-mulkni haqdorlarga haqlarining hissasiga mutanosib miqdorda tarqatish merosxo‘rlarning zimmasiga farz bo‘ladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ko‘pchilik «Vafot etgan kishi bizga hech narsa qoldirmagan», deb da’vo qiladi, vafot etgan kishidan qolgan narsalarni, xususan, uy-joylarni merosdan tashqari deb biladi. Agar mayyitdan hech narsa qolmagan bo‘lsa, merosxo‘rlar ko‘ngildan chiqarib, uning qarzini ado qilsalar, bu ish o‘likning orqasidan qilinadigan xayr-ehsonlardan ko‘ra afzaldir. عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا جُلُوسًا عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذْ أُتِيَ بِجَنَازَةٍ، فَقَالُوا: صَلِّ عَلَيْهَا. فَقَالَ: «هَلْ عَلَيْهِ دَيْنٌ؟» قَالُوا: لَا. قَالَ: «فَهَلْ تَرَكَ شَيْئًا؟» قَالُوا: لَا. فَصَلَّى عَلَيْهِ، ثُمَّ أُتِيَ بِجَنَازَةٍ أُخْرَى، فَقَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، صَلِّ عَلَيْهَا. قَالَ: «هَلْ عَلَيْهِ دَيْنٌ؟» قِيلَ: نَعَمْ. قَالَ: «فَهَلْ تَرَكَ شَيْئًا؟» قَالُوا: ثَلَاثَةَ دَنَانِيرَ. فَصَلَّى عَلَيْهَا، ثُمَّ أُتِيَ بِالثَّالِثَةِ، فَقَالُوا: صَلِّ عَلَيْهَا. قَالَ: «هَلْ تَرَكَ شَيْئًا؟» قَالُوا: لَا. قَالَ: «فَهَلْ عَلَيْهِ دَيْنٌ؟» قَالُوا: ثَلَاثَةُ دَنَانِيرَ. قَالَ: «صَلُّوا عَلَى صَاحِبِكُمْ». قَالَ أَبُو قَتَادَةَ: صَلِّ عَلَيْهِ يَا رَسُولَ اللهِ، وَعَلَيَّ دَيْنُهُ. فَصَلَّى عَلَيْهِ  Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik. Bir payt janoza keltirildi. «Unga janoza o‘qib bering», deyishdi. Shunda u zot: «Zimmasida qarz bormi?» dedilar. «Yo‘q», deyishdi. «Undan biror narsa qolganmi?», dedilar. «Yo‘q», deyishdi. Shunda u zot unga janoza o‘qidilar.
Keyin boshqa bir janoza keltirildi. «Ey Allohning Rasuli! Unga janoza o‘qib bering», deyishdi. U zot: «Zimmasida qarz bormi?» dedilar. «Ha», deyishdi. «Biror narsasi qolganmi?» dedilar. «Uch dinor 
(qoldirgan)», deyishdi. U zot unga janoza o‘qidilar.
Keyinroq uchinchi janoza keltirildi. «Unga janoza o‘qib bering», deyishdi. U zot: «Biror narsasi qolganmi?» dedilar. «Yo‘q», deyishdi. «Zimmasida qarz bormi?» dedilar. «Uch dinor», deyishdi. «Birodaringizga janoza o‘qib qo‘yinglar», dedilar. Shunda Abu Qatoda: «Unga janoza o‘qib bering, ey Allohning Rasuli! Qarzi mening zimmamga bo‘lsin» degan edi, u zot unga janoza o‘qidilar».
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «هَلْ تَدْرُونَ مَنْ الْمُفْلِسُ؟»، قَالُوا: الْمُفْلِسُ فِينَا يَا رَسُولَ اللَّهِ، مَنْ لَا دِرْهَمَ لَهُ، وَلَا مَتَاعَ، قَالَ: «إِنَّ الْمُفْلِسَ مِنْ أُمَّتِي، مَنْ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِصِيَامٍ وَصَلَاةٍ وَزَكَاةٍ، وَيَأْتِي قَدْ شَتَمَ عِرْضَ هَذَا، وَقَذَفَ هَذَا، وَأَكَلَ مَالَ هَذَا، فَيُقْعَدُ فَيَقْتَصُّ هَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ، وَهَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ، فَإِنْ فَنِيَتْ حَسَنَاتُهُ قَبْلَ أَنْ يَقْضِيَ مَا عَلَيْهِ مِنْ الْخَطَايَا، أُخِذَ مِنْ خَطَايَاهُمْ فَطُرِحَتْ عَلَيْهِ ثُمَّ طُرِحَ فِي النَّارِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Muflis kimligini bilasizlarmi?» dedilar. «Muflis – dirhami ham, matosi ham yo‘q kishidir», deyishdi. U zot shunday dedilar: «Muflis –ummatimdan chiqqan, Qiyomat kuni ro‘za, namoz va zakot bilan keladigan, buni obro‘siga til tekkizgan, bunisiga esa tuhmat qilgan, unisining esa molini (nohaq) egan kishidir. Uni o‘tirg‘izib qo‘yishadi, uning buning hasanotidan qasos (sifatida) olib beriladi, bunga ham uning hasanotidan olib beriladi. Agar uning hasanotlari (haq egalarining) haqlarini olib berishdan oldin tugab qolsa, ularning gunohlaridan olinib, unga qo‘shib qo‘yiladi. So‘ngra do‘zaxga tashlanadi». 
Imom Ahmad rivoyat qilgan. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 15:01 | Savol-javoblar | 164 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar