Umidvor bo‘lib duo qilish taqdirni o‘zgartiradimi

Assalomu alaykum! Amallar xotimalarga qarab o‘lchanadi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bizga sodiq (rostgo‘y) va masduq (Alloh tarafidan rost va’da berilgan) zot – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam quyidagi hadisni aytganlar: «Darhaqiqat, har biringiz onasining qornida qirq kun ichida «nutfa» (tomchi suv) holida jamlanadi, so‘ngra xuddi shuncha muddat ichida «alaqa» (laxta qon) holida bo‘ladi, so‘ngra xuddi shuncha muddat ichida «muzg‘a» (bir parcha go‘sht) holida bo‘ladi. So‘ngra unga bir farishta yuboriladi va unga shu inson ahvoli-taqdiriga taalluqli bo‘lgan to‘rt narsani: rizqi, ajali, amali hamda baxtsiz yoki baxtli ekanini yozish farmon qilinadi, so‘ng unga jon purkaladi. Albatta, bir kishi do‘zax ahlining amallarini qilib yuradi, hatto u bilan jahannam o‘rtasida bir gaz (yarim qadam)gina masofa qoladi. Shunda uning kitobi (Alloh taolo uning jannatiy ekanligi haqida azalda yozib qo‘ygan taqdiri) o‘zib ketib (ya’ni undan g‘olib kelib), jannat ahli amalini qiladi-da, jannatga kirib ketadi. Yana bir kishi jannat ahlining amallarini qilib yuradi, hatto u bilan jannat o‘rtasida bir gazgina masofa qoladi. Shunda uning kitobida (Alloh taolo uning do‘zaxiy ekanligi haqida azalda yozib qo‘ygan taqdiri) etib kelib (ya’ni undan g‘olib kelib), do‘zax ahlining amalini qilib qo‘yadi-da, do‘zaxga kirib ketadi» (Imom Buxoriy rivoyati). Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitganman: «Har bir banda nimada (ya’ni, qanday amallar ustida) vafot etgan bo‘lsa, shunda tiriltiriladi» (Imom Muslim rivoyati). Yukoridagi xadisga binoan biz bandalarning takdiri ona kornidaligimizda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, Allohning ibodatida yursagu lekin taqdirimizda jaxannamga tushish yozilgan bo‘lsa (Alloh saqlasin), Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib jannatni so‘rasak taqdirimiz o‘zgarishi mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shuning uchun har bir inson hidoyatni so‘rab duo qilishi, har bir qilgan amalni Alloh taoloning roziligi uchun qilish kerak. Hadislarni sharhlovchi ulamolarimiz o‘sha oxirida adashib ketuvchi inson haqida “U avvalgi ishlarini ham Allohning roziligi uchun qilmagan bo‘ladi” deganlar. Ibn Rajab Hanbaliy “Insonning xotimasining xunuk bo‘lishi insonlar bilmay kishining o‘ziga ma’lum bir qabih ishi tufayli bo‘ladi. Uni Alloh bilan bandadan boshqa hech kim bilmaydi” deganlar. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:28 | Savol-javoblar | 219 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar