Hayz vaqtida jinsiy yaqinlik qilish

Assalamu alaykum Shayx Hazratlari! Sizga birinchi marta savol yo‘llab turibman. Bu savolni sizdan boshqasidan so‘rashga uyaldim, ayolimning hayz holatini so‘ngi kunlarida nafsim kuchli kelib yaqinlik qilib qo‘ydim. Endi afsusdaman. qo‘shilish kerakmasligini bilardim, ilmsizligimdan hukmi uncha qattiq ekanligini bilmasdim. Keyin bilishimcha u haqida og‘ir hadislar kelgan ekan. Unday holatlar menda bir necha bor bo‘lgan. Necha bor bo‘lganini aniq bilmayman. Endi Allohga tavba qildim, kafforatini berish kerakmi, kafforati qancha? Yoki istig‘for bilan cheklanaymi? Alloh rozi bo‘lsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Islom shariatida hayz ko‘rib turgan ayolga jinsiy yaqinlik qilish man etilganligi ma’lum. Bu haqda Qur’onda ham, hadisda ham amr kelgan. Bu ishni qilgan odam gunohkor bo‘lishi aniq. Shu bilan birga, bunday ishni qilishga jur’at etgan odamni jazolash, hushini joyiga keltirib qo‘yish uchun moliyaviy jazo ham belgilangan. Unday odam mazkur ishni qachon qilganiga qarab, bir yoki yarim dinor pul sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. O‘sha vaqtda bir dinor 4,25 gramm sof tilladan bo‘lgan, hozirgi paytda shu og‘irlikdagi tillaning qiymatini sadaqa qilish kerak bo‘ladi. Ana shundagina hayz paytida qilgan jinsiy yaqinlikning gunohi yuviladi.Bu jazo gunohning yuvilishiga sabab bo‘lishi bilan birga kelajakda mazkur harom ishni takrorlamaslikka eslatma ham bo‘ladi.Abu Dovud keltirgan rivoyatda: «Agar unga (ayolga) qon kelishining avvalida yaqinlik qilgan bo‘lsa, bir dinor, agar qon to‘xtash paytida yaqinlik qilgan bo‘lsa, yarim dinor», deyilgan.

27 Aprel 2022, 17:29 | Savol-javoblar | 178 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar