Suvenir mahsulotlarini ishlab chiqarish

Assalomu alaykum! Men Rossiyada har turdagi suvenirlarni ishlab chiqarish zavodida ishladim va  barcha sirlarini o‘rganib kelib,  o‘zimizda aynan shu turdagi suvenirlarni ishlab chiqarishni boshladim. Bunga kiradigan turlar barcha turdagi hayvonlar, burjlar va sayohat maskanlari uchun katta hajmdagilari ham. Suvenirlarni yasash jarayoni qo‘l mehnati emas, aksincha rezina qoliplaridan foydalangan holda yasaladi. Savolim shuki bularni yasash va sotish dinimizda harom yoki halolligini bildirsangiz juda mamnun bo‘lardim. Bu savolni berishimdan maksad, suratga olish va suratni chizishning hukmi o‘rtasida farq borligi bo‘ldi. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Halol emas. Jazosi ham o‘ta og‘irdir. Jonsiz narsalar masalan shahar yoki binolar yoki manzarali daraxtlar yasashingizda shar’an mone’lik yo‘q. عَنْ عَوْنِ بْنِ أَبِي جُحَيْفَةَ قَالَ: رَأَيْتُ أَبِي اشْتَرَى عَبْدًا حَجَّامًا، فَسَأَلْتُهُ، فَقَالَ: نَهَى النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ ثَمَنِ الْكَلْبِ، وَثَمَنِ الدَّمِ، وَنَهَى عَنِ الْوَاشِمَةِ وَالْمَوْشُومَةِ، وَآكِلِ الرِّبَا، وَمُوكِلِهِ، وَلَعَنَ الْمُصَوِّرَ Avn ibn Abu Juhayfadan rivoyat qilinadi: «Otamning qon oluvchi qul sotib olganini ko‘rdim (Otam buyurdi, qulning qon oladigan asboblari sindirildi). Undan so‘ragan edim, u: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam itning pulidan va qonning pulidan qaytarganlar. Vashm* qilish va vashm qildirishdan, ribo eyishdan va uni edirishdan qaytarganlar hamda suratkashni la’natlaganlar», dedi». Izoh: Hadisda itning savdosi va bundan keladigan daromaddan qaytarilmoqda. Ba’zi ulamolar shunga ko‘ra itning puli mutlaqo harom, deyishgan. Ammo aksar ulamolar, jumladan, hanafiylar ovchi va qo‘riqchi itlar kabi kerakli itlarning savdosi joiz, deyishgan. Ular yuqoridagi hadisga quyidagicha javob beradilar: «Islomning avvalida it boqish, qaysi shaklda bo‘lmasin, harom qilingan edi. Shuning uchun uning savdosi ham harom edi. Keyin ov va boshqa ehtiyojlar yuzasidan it boqishga ruxsat berildi. Binobarin, uning savdosi ham halol qilindi». «Suratkash» deganda har qanday rassom emas, jonzotning suratini qo‘l bilan chizuvchi yoki haykal qilib yasovchi nazarda tutilgan. * «Vashm» deb tanaga igna yoki boshqa vosita bilan rasm yoki so‘zni o‘yib, naqsh solish (tatuirovka) tushuniladi. MUSAVVIRLARNING QIYoMAT KUNI AZOBLANIShI HAQIDA عَنْ مُسْلِمٍ قَالَ: كُنَّا مَعَ مَسْرُوقٍ فِي دَارِ يَسَارِ بْنِ نُمَيْرٍ، فَرَأَى فِي صُفَّتِهِ تَمَاثِيلَ فَقَالَ: سَمِعْتُ عَبْدَ اللهِ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّ أَشَدَّ النَّاسِ عَذَابًا عِنْدَ اللهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ الْمُصَوِّرُونَ Muslimdan rivoyat qilinadi: «Masruq bilan birga Yasor ibn Numayrning uyida edik. (Masruq Yasorning) bostirmasidagi suratlarni ko‘rib, dedi: «Abdullohning shunday deganini eshitdim: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qiyomat kuni Allohning huzurida eng qattiq azobda bo‘ladigan odamlar musavvirlardir», deyayotganlarini eshitganman». أَنَّ عَبْدَ اللهِ بْنَ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَخْبَرَهُ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الَّذِينَ يَصْنَعُونَ هَذِهِ الصُّوَرَ يُعَذَّبُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ يُقَالُ لَهُمْ أَحْيُوا مَا خَلَقْتُمْ Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo xabar qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haykallarni yasaydiganlar qiyomat kuni azoblanadilar. Ularga: «Yaratgan narsalaringizga jon kiriting!» deyiladi», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 18:03 | Savol-javoblar | 126 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar