El chiqdimi deb shubhalanish

Assalomu alaykum! Ba’zan men tahorat olganimda yoki ba’zan 2-3-4 martta tahorat olsam ham el kelaveradi. Shunday holatta tahoratni ushlayman, buni zarari yo‘qmi va namoz paytida elni ushlaganda u huddi chiqayotkanga o‘xashaydi. Chiqadigan joyiga kelaganda, tovush yoki gaz holatida emas balki chiqadigan joyiga kelib qoladi. Shunday hollarda nima qilish kerak shubhali holat,chiqqanday shubha uyg‘otadi shunday hollarda nima qilinadi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Chiqqani aniq bo‘lmasa, ya’ni hidi va ovozi kelmasa o‘qilaveradi. عَنْ عَبَّادِ بْنِ تَمِيمٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنْ عَمِّهِ: شُكِىَ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الرَّجُلُ يُخَيَّلُ إِلَيْهِ أَنَّهُ يَجِدُ الشَّيْءَ فِي الصَّلَاةِ، قَالَ: لَا يَنْصَرِفْ حَتَّى يَسْمَعَ صَوْتاً أَوْ يَجِدَ رِيحًا. وَفِي رِوَايَةٍ: إِذَا وَجَدَ أَحَدُكُمْ فِي بَطْنِهِ شَيْئًا فَأَشْكَلَ عَلَيْهِ أَخَرَجَ مِنْهُ شَيْءٌ أَمْ لَا، فَلَا يَخْرُجَنَّ مِنَ الْمَسْجِدِ حَتَّى يَسْمَعَ صَوْتًا أَوْ يَجِدَ رِيحًا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Abbod ibn Tamiym roziyallohu anhu o‘z amakilaridan rivoyat qilganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga namozda bir narsa bo‘lgani xayoliga keladigan odam haqida shikoyat qilindi. U zot:
«Toki ovoz eshitmagunicha yoki elni (hidini) topmagunicha namozini buzmaydi», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Birortangiz qornida biror narsani topsa, unga undan bir narsa chiqdimi-yo‘qmi, aniq bo‘lmay qolsa, toki ovozni eshitmagunicha yoki elni (hidini) topmagunicha masjiddan chiqmasin», deganlar.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Inson hayotida to‘liq ishonchga, aniq va mustahkam mavqega ega bo‘lish katta o‘rin tutadi. Shak-shubha va ikkilanish esa foyda keltirmasligi aniq. Shak-shubha, ishonchsizlik va ikkilanish shaytonning ishi hisoblanadi. Shayton doimo insonning noqulay holatda bo‘lishini xohlaydi. Bu ish ayniqsa musulmon inson uchun namozda yaqqol bilinadi. Shayton namoz paytida ko‘proq vasvasa qilishga urinadi. Uning bu holdagi vasvasasidan biri – kishining xayoliga tahorati ketganga o‘xshash fikr kelaverishidir. Bu haqiqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ba’zi hadislarida o‘z ifodasini topgan.
Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Hokimlar Abu Sa’id al-Hudriy roziyallohu anhulardan rivoyat qilishgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangizga shayton kelib, «Tahoratingni ketkazding», desa, «Yolg‘on aytibsan», desin. Lekin burni ila hid hidlasa yoki qulog‘i bilan ovoz eshitsa boshqa gap», deganlar.
Abbod ibn Tamiym roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu biz o‘rganayotgan  hadisni ulamolarimiz «Islomning asl qoidalaridan biriga asos bo‘lgan ulug‘ hadislardan», deb baholaganlar. Bu qoida: «Narsalar, hattoki aniq-ravshan suratda teskarisi voqe bo‘lmaguncha, o‘z aslida qolur. Oriz bo‘lgan shak-shubha ularga zarar qilmas», deb ta’riflangan.
Ushbu hadisga binoan, asl tahorat xayolda «tahorat ketganga o‘xshaydi», degan fikr bo‘lishi bilan ketib qolmaydi. Tahorat ketgani elning hidini sezish, ovozini eshitish bilan aniq-ravshan bilingandan keyingina sobit bo‘ladi. Bungacha o‘z aslida turaveradi. Boshqa barcha ishlar ham shunga taqqoslanadi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Sahobai kiromlarning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘zlarida oriz bo‘ladigan barcha holatlarni shikoyat qilishlari. Namoz vaqtida tahorat ketib qolganga o‘xshashi kabi fikrning xayoldan o‘tishi haqidagi shikoyat shunga ishoradir.
2. Xayolga tahorat ketgani haqidagi fikrning kelishi bilan tahorat ketib qolmasligi.
3. Elning ovozi yoki hidi chiqishi bilan tahorat ketishi. Agar ovoz yoki hiddan boshqa aniq bilish hosil bo‘lsa ham ketadi.
4. Hayotda voqe bo‘lib turadigan masalalarni ulamolardan so‘rab turish lozimligi.
5. Shariatga, ilmga tegishli narsalarni so‘rashdan uyalmaslik.
Ushbu qoidani va foydalarni yaxshilab ang¬lab olib, hayotimizga tatbiq qilmog‘imiz lozim. Musulmon kishining hayotida vasvasa, xayol, shak-shubha va ikkilanishga o‘rin bo‘lmasligi zarur. Hamma narsa ochiq-oydin, ravshan va ishonchli bo‘lishi kerak. ("Hadis va Hayot" kitobidan).  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:01 | Savol-javoblar | 159 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar