O‘g‘il-qiz farzandlarni joyini ajratish

Assalomu alaykum! Meni qarindoshim bor. Shu xonadonda 21 yoshli kiz bor, oilada eng kattasi va u o‘zini bir necha yildan beri ukasi bilan bir yotoqda uxlaydi. Hozirda ukasi 11 yosh, qizni aytishicha ukasi judayam unga bog‘lanib qolgan ekan va akasi bilan bir xonada xam uxlagisi kemas ekan. Shu dinimizga to‘g‘ri keladimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! To‘g‘ri kelmaydi. عَنْ سَبْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مُرُوا الصَّبِيَّ بِالصَّلَاةِ إِذَا بَلَغَ سَبْعَ سِنِينَ، وَإِذَا بَلَغَ عَشْرَ سِنِينَ فَاضْرِبُوهُ عَلَيْهَا. زَادَ فِي رِوَايَةٍ: وَفَرِّقُوهَا بَيْنَهُمْ فِي الْمَضَاجَعِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَالتِّرْمِذِيُّ  Sabra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bola etti yoshga etganda uni namozga buyuringlar. O‘n yoshga etsa, uning uchun uringlar», dedilar».
Boshqa rivoyatda:
«Yotar joylarini ajratinglar», deb ziyoda qilingan.
Abu Dovud, Ahmad va Termiziylar rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda yosh bolalarni islomiy tarbiya qilishda muhim o‘rin tutgan ba’zi narsalar xususida so‘z bormoqda:
1. Etti yoshga etgan bolalarni namoz o‘qishga buyurish.
Bolalarni qiziqtiradigan turli uslublar bilan, yaxshi o‘rnak ko‘rsatib, namozga undash kerak bo‘ladi. Ota-onasining namoz o‘qiyotganini ko‘rgan bola o‘z-o‘zidan ularga taqlid qilib qoladi. Ana shu holatdan unumli foydalanib, bolani to‘g‘ri yo‘lda davom etishini ta’minlashga harakat qilish kerak. Etti yoshga etganda bolaning har namozni o‘qishini kuzatib, o‘qishga amr qilib turish lozim.
2. O‘n yoshga etgan bola namoz o‘qimasa, urish kerak.
Ota-onasining yaxshilik bilan qilgan undovlariga o‘n yoshida ham yurmagan bola urmasa, to‘g‘ri yo‘lga tushmaydi. Ba’zi bolalarning tabiati shunday bo‘ladi. Ular yaxshi gapdan ko‘ra do‘q-po‘pisa bilan oson yo‘lga tushadilar.
3. O‘n yoshga etgan bolalarning yotar joylarini boshqa qilib qo‘yish.
Chunki mana shu davrda ularda jinsiy tomondan uyg‘onish boshlanadi. Alohida yotmasalar, beodoblikka o‘rganib qolishlari mumkin.
Agar har bir oila ushbu nabaviy tavsiyaga amal qilganida, oramizda benamozlar bo‘lmas edi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:04 | Savol-javoblar | 164 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar