Namozxonga farishtalar iqtido qilish

Assalomu alaykum! Kishi yolg‘iz namoz (farz) o‘qiganda unga ko‘p farishtalar iqtido qilib namoz o‘qiydilarmi? Bir video (you tube) da "yolg‘iz namoz o‘quvchi faqat iqomat aytib namoz o‘qisa 2ta farishta, agar azon va iqomat aytib namoz o‘qisa juda ko‘p farishtalar unga iqtido qiladi" (manba: "Abu Dovud, as-Sunan IV/381-382" deb ostiga yozilgan) degan videoni ko‘rdik. Sizlarni javobingizni ko‘pchilik kutib turibmiz. Iltimos, savolga va ushbu hadis xaqida to‘liq ma’lumot bersangiz. Ko‘pchilik nomidan javob uchun oldindan rahmat. Izlash xizmatidan shunga o‘xshash bir savolga javobingizda farishtalar iqtidosi xaqida sahih hadisni bilmaymiz deb javob berilgan ekan. Biz ikkilanib qoldik.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz izlash xizmatidan topib o‘qigan avvalgi savolda e’tibor bergan bo‘lsangiz uyda yolg‘iz o‘qish haqida so‘ralgan. رواه الطبراني في الكبيروعبد الرزاق في المصنف وغيرهما، عنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ ـ رضي الله عنه ـ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا كَانَ الرَّجُلُ بِأَرْضِ قِيٍّ ـ أي فلاة ـ فَحَانَتِ الصَّلَاةُ، فَلْيَتَوَضَّأْ، فَإِنْ لَمْ يَجِدْ مَاءً، فَلْيَتَيَمَّمْ، فَإِنْ أَقَامَ صَلَّى مَعَهُ مَلَكَاهُ، وَإِنْ أَذَّنَ وَأَقَامَ، صَلَّى خَلْفَهُ مِنْ جُنُودِ اللهِ مَا لَا يُرَى طَرَفَاهُ  Imom Tabaroniy “Jomi’ul kabir” kitobida Abdurrazzoq “Musannaf” kitoblarida  va boshqa muhaddislar Solmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kishi bir yalanglik, cho‘l, biyobon, dashtda bo‘lsa, namoz vaqti kirsa tahoratini olsin. Agar suv topa olmasa tayammum qilsin. Agar iqomat aytib namoz o‘qisa u bilan ikki farishtasi namoz o‘qiydi. Agar azon va iqomat aytib namoz o‘qiydigan bo‘lsa Alloh taoloning askarlaridan ikki tarafini ko‘rib bo‘lmaydigan darajada juda ko‘pi  uning ortida namoz o‘qiydi” deganlar.
Hadisning matniga e’tibor berilsa yalanglikda, cho‘l, biyobon, dashtda deyilgan. Ammo yolg‘iz uyda namoz o‘qiganida farishtalar iqtido qilishi haqida hadis ko‘rmadik. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:29 | Savol-javoblar | 158 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar