Nikoxsiz farzand

Assalomu alaykum! Yaqin do‘stim iltimosi bo‘yicha savol yo‘llayabman. Do‘stimi oilasi bor farzandlari bor, lekin bir oilasi notinch bo‘lib urushib ota uyida yashab kelayotgan ayol bilan tanishib bir biriga ko‘ngil qo‘yib o‘rtada qubba o‘qilmasdan farzand bo‘lib qolgan ekan. Do‘stim safarga ketib qaytib kelganida o‘sha ayol oldingi eri bilan yarashib ketibdi. Xozirda farzandi tug‘ilgan, lekin o‘sha ayol farzandini otasi do‘stim ekanini aytkan, lekin eri bilmaydi. Xozirda do‘stimni qiynayotgan narsa borib o‘sha ayolni eriga xamma narsani ochiq-oydin aytgisi kelyabdi. Bir tarafdan oilasi bilan xozirda tinch yashab kelayotgan ayolni o‘ylab ikki o‘t orasida do‘stim safardan kelib qubbasiga olib oshkora qilib olish ekan maqsadi. Lekin safardan qaytganida ayol eri bilan yarashib ketibdi. Bu xolatda do‘stim nima qilsa bo‘ladi? Xozir farzandi 10 yosh bo‘lgan ekan. Buni ayolni eri bilmas ekan, o‘zimi farzandim deb edirib-ichirib kotta qilyabdi. Shunga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatinglar, iltimos. Do‘stim qilgan ishidan pushaymon.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Aslo ularning hayotiga arlashmasin. Nikohli ayoldan tug‘ilgan bola nikohdagi erning bolasi hisoblanadi. Zino qilgan esa la’nati inson bo‘ladi. Shuning uchun unga bolani nasabining nisbati ham berilmaydi. عَنْ أَبِي أُمَامَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ فِي خُطْبَتِهِ عَامَ حَجَّةِ الْوَدَاعِ: إِنَّ اللهَ قَدْ أَعْطَى لِكُلِّ ذِي حَقٍّ حَقَّهُ، فَلَا وَصِيَّةَ لِوَارِثٍ، الْوَلَدُ لِلْفِرَاشِ، وَلِلْعَاهِرِ الْحَجَرُ وَحِسَابُهُمْ عَلَى اللهِ، وَمَنِ ادَّعَى إِلَى غَيْرِ أَبِيهِ أَوِ انْتَمَى إِلَى غَيْرِ مَوَالِيهِ فَعَلَيْهِ لَعْنَةُ اللهِ التَّابِعَةُ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ، لَا تُنْفِقُ امْرَأَةٌ مِنْ بَيْتِ زَوْجِهَا إِلَّا بِإِذْنِهِ، قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ، وَلَا الطَّعَامَ؟ قَالَ: ذَلِكَ أَفْضَلُ أَمْوَالِنَا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ  Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining vidolashuv hajidagi xutbalarida:
«Albatta, Alloh har bir haq egasiga haqqini berdi. Vorisga vasiyat qilish yo‘q. Bolaga to‘shakka qarab nisbat beriladi. Zinokorga tosh. Hisoblari esa Allohga havola. Kim otasidan boshqaning 
(nasabini) da’vo qilsa yoki o‘z mavlolaridan boshqaga mansub deb bilsa, unga qiyomatgacha Allohning uzilmas la’nati bo‘lgay. Xotin erining uyidan uning iznisiz nafaqa qilmas», deyayotganlarini eshitdim.
«Ey Allohning Rasuli, taomni hammi?» deyildi.
«U eng afzal molimiz-ku», dedilar u zot».
Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisdagi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Bolaga to‘shakka qarab nisbat beriladi», deganlari «Ayol kimning nikohida bo‘lsa, kimning to‘shagida bo‘lsa, bola o‘sha odamning bolasi hisoblanadi», deganlaridir.
Bu holat ba’zi odamlar «Falonchi mening bolam», deb da’vo qilib qolgan paytda sodir bo‘ladi. Misol uchun, bir odam «Falon ayolning tuqqan bolasi mendan bo‘lgan», deb da’vo qilib qoldi. Ayol esa inkor qilmoqda. Uning shar’iy nikohidagi eri ham «Bola o‘zimniki», demoqda. Bu holda da’vogar nohaq hisoblanadi. U oila ko‘rgan kishi bo‘lsa, o‘zining zino qilganligini e’tirof qilgan odam sifatida toshbo‘ron qilinadi. Hadisdagi «Zinokorga tosh», deyilgani shuni bildiradi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: اخْتَصَمَ سَعْدُ بْنُ أَبِي وَقَّاصٍ وَعَبْدُ اللهِ بْنُ زَمْعَةَ فِي غُلَامٍ، فَقَالَ سَعْدٌ: يَا رَسُولَ اللهِ، هَذَا ابْنُ أَخِي عُتْبَةَ بْنِ أَبِي وَقَّاصٍ عَهِدَ إِلَيَّ أَنَّهُ ابْنُهُ، انْظُرْ إِلَى شَبَهِهِ، وَقَالَ عَبْدُ اللهُ بْنُ زَمْعَةَ: هَذَا أَخِي يَا رَسُولَ اللهِ، وُلِدَ عَلَى فِرَاشِ أَبِي مِنْ وَلِيدَتِهِ، فَنَظَرَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَى شَبَهِهِ فَرَأَى شَبَهًا بَيِّنًا بِعُتْبَةَ، فَقَالَ: هُوَ لَكَ يَا عَبْدُ، الْوَلَدُ لِلْفِرَاشِ وَلِلْعَاهِرِ الْحَجَرُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Sa’d ibn Abu Vaqqos va Abdulloh ibn Zam’a roziyallohu anhumo bir g‘ulom haqida xusumat qilib qoldilar. Sa’d:
«Ey Allohning Rasuli, bu mening akam Utba ibn Abu Vaqqosning o‘g‘lidir. U menga bu o‘zining o‘g‘li ekanligi haqida vasiyat qilgan. Qarang-a, unga o‘xshaydi», dedi.
Abdulloh ibn Zam’a bo‘lsa:
«Ey Allohning Rasuli, bu mening ukam. Otamning to‘shagida uning cho‘risidan tug‘ilgan», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam razm solgan edilar, Utbaga ochiq-oydin o‘xshashini ko‘rdilar. So‘ng:
«U senga, ey Abd! Bola to‘shakka nisbat beriladi. Zinokorga esa – tosh!» dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Sa’d ibn Abu Vaqqosning akasi Utba ibn Abu Vaqqos Zam’a ismli kishining cho‘risi bilan zino qilgan, u cho‘ri homilador bo‘lgan edi. Johiliyat odatiga ko‘ra, Utba ibn Abu Vaqqos bu sirni o‘z ukasi Sa’dga aytib, bolamga qaraysan, deb vasiyat qilgan edi. Shu bilan birga, cho‘rining egasi Zam’a bu bolani inkor qilmagan edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlariga kelib, Utbaning ukasi Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu bilan Zam’aning o‘g‘li Abdulloh bolani talashib qoldilar.
Sa’d roziyallohu anhuning dalillari akasining vasiyati va bolaning akasiga o‘xshashi edi.
Abdulloh ibn Zam’aning dalillari esa otasining inkor etmagani va onasi bu bolani uning to‘shagidaligida tuqqani edi.
Bola Utba ibn Abu Vaqqosga o‘xshasa ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Zam’aniki, deb e’lon qildilar. Chunki qoida bo‘yicha, bola to‘shakka nisbat beriladi, zinokor esa toshbo‘ron qilinadi. Modomiki, to‘shak egasi bola meniki deyaptimi, bola uniki. Zinokorni qo‘llab bo‘lmaydi. وَجاَء رَجُلٌ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ فُلَانًا ابْنِي عَاهَرْتُ بِأُمِّهِ فِي الْجَاهِلِيَّةِ، فَقَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا دَعْوَةَ فِي الْإِسْلَامِ، ذَهَبَ أَمْرُ الْجَاهِلِيَّةِ الْوَلَدُ لِلْفِرَاشِ وَلِلْعَاهِرِ الْحَجَرُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ  «Bir kishi kelib:
«Ey Allohning Rasuli, falonchi mening o‘g‘lim, johiliyatda (uning) onasi bilan zino qilgan edim», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Islomda 
(bunday) da’vo qilish yo‘q. Johiliyatning ishi yo‘q bo‘ldi. Bola to‘shakka nisbat beriladi. Zinokorga esa – tosh!», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Sharh: Bu rivoyat ham oldingisini ta’kidlamoqda. Johiliyat davrida zinokorlar zinodan bola orttirib, faxrlanib yurishar, «Bu mening o‘g‘lim, onasi bilan u qilganman, bu qilganman», deyish bor edi. Islomda bu narsaga barham berildi. Zinokor «Falonchi bilan zino qilgan edim», desa, endi unga havas bilan qaralmaydi. Uni ushlab, toshbo‘ron qilinadi. Unga o‘g‘il orttirganlik nisbati berilmaydi, balki uyat, sharmandalik nisbati beriladi. Allohning hukmi ijro etilib, toshbo‘ron qilib, o‘ldiriladi. Bola esa onasiga nisbat beriladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan).  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:51 | Savol-javoblar | 195 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar