Juma namoziga atayin bormagan kishi

Assalomu alaykum! Bizani mahallada bir inson bor. Arab tilini mukammal biladi, lekin juma namoziga bormaydilar. Nega unday qilasiz desak “bu masjid imomlarini bittasi ham savol bergan edim javob topa olmadi. Man nega bulani orqasidan iqtido qilay. Bularni o‘zi aytgan gapiga amal qilmaydi imomlaring” dedilar. Axir farzni tark etish gunoh emasmi? Besh mahal namozni ham uylarida o‘qiydilar. Masjid uzoq ham emas.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Avvalo masjid imomini fosiq deyish fitnadan boshqa narsa emas. Mahallangizdagi u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislariga amal qilmas ekan. Unga buni etkazib qo‘yish kerak.AHLI QIBLA ORTIDAN NAMOZ O‘QISh JOIZLIGI وَنَرَى الصَّلَاةَ خَلْفَ كُلِّ بَرٍّ وَفَاجِرٍ مِنْ أَهْلِ الْقِبْلَةِ، وَعَلَى مَنْ مَاتَ مِنْهُمْ Ahli qiblaning yaxshisiyu fojiri ortidan namoz o‘qish joiz, deb bilamiz. Ulardan o‘lganlariga janoza o‘qish joiz, deb bilamiz.
Sharh: Ushbu iborada ikki masala bor:
Birinchisi: Namozda ahli qiblaning yaxshisiga ham, fojiriga ham iqtido qilish joizligi.
Ikkinchisi: Ahli qiblaning yaxshisiga ham, fojiriga ham janoza o‘qish joizligi.
Birinchi masalaning dalili: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَوْلُهُ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صَلُّوا خَلْفَ كُلِّ بَرٍّ وَفَاجِرٍ أَخْرَجَهُ الدَّارَقُطْنِيُّ  1. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning
«Har bir yaxshi va fojir ortidan namoz o‘qiyveringlar», degan so‘zlari (Dora Qutniy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
2. «Sahihi Buxoriy»da Abdulloh ibn Umar va Anas ibn Molik roziyallohu anhumning Hajjoj ibn Yusuf Saqafiyning ortidan namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Hajjoj fosiq va zolim bo‘lgani esa ma’lum va mashhur.
Shuningdek, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Valid ibn Uqbaning ortidan namoz o‘qir edilar. U esa xamr ichar edi. وَكَذَا فِي صَحِيحِ الْبُخَارِيِّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ : أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يُصَلُّونَ لَكُمْ، فَإِنْ أَصَابُوا فَلَكُمْ وَلَهُمْ، وَإِنْ أَخْطَؤُوا فَلَكُمْ وَعَلَيْهِمْ 3. Shuningdek, yana «Sahihi Buxoriy»da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ular sizlarga namozga o‘tadilar. Agar to‘g‘ri qilsalar, sizga ham, ularga ham foyda. Agar noto‘g‘ri qilsalar, sizga foyda, ularga zarar», deganlar».
Hech kim shak-shubha qilmaydiki, fojirdan murod e’tiqodida shirkka olib boruvchi e’tiqodiy bid’at yo‘q odamdir. Chunki shirk sohibi va e’tiqodiy ­bid’at sohibi mo‘min bo‘lmaydi. Unga qanday qilib iqtido qilib bo‘ladi?!
Imomlar ittifoq qilganlarki, bid’ati va fosiqligi ma’lum bo‘lmagan odamning orqasidan namoz o‘qisa bo‘ladi. Muqtadiyning (iqtido qiluvchining) imomning e’tiqodi qanday ekanini bilishi iqtido qilishning shartlaridan emas. Uni «U yoki bu narsada qanday e’tiqoddasan?» deb imtihon ham qilmaydi. Holi noma’lum odamning ortidan namoz o‘qiyveradi.
Umuman olganda, o‘z bid’atiga da’vat qilayotgan bid’atchining va fosiqligi ma’lum bo‘lgan fosiqning ortidan namoz o‘qilaveradi, agar u juma va ikki hayit namozi va Arafot imomi kabi tayinlangan imom bo‘lib, undan boshqaning ortida o‘qish imkoni bo‘lmasa. Barcha salafu xalaflar nazdida muqtadiy bunday imomning ortidan namoz o‘qiyveradi. Lekin, avval aytilganidek, uning bid’ati e’tiqodiy bo‘lib, ijmoliy aqiydalarga biror narsa ziyoda yoki nuqson qilmagan bo‘lishi shart.
Bid’atchi va fosiqning ortidan namoz o‘qish joiz bo‘lgani bilan, makruhlikdan xoli emas. Ammo qayta o‘qish lozim bo‘lmaydi. Chunki Abdulloh ibn Umar, Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhum kabi sahobai kiromlar fojir boshliqlar ortidan juma va jamoat namozlarini o‘qiganlar, ammo qayta o‘qib olmaganlar.
Ikkinchi masalaning dalili:
Sahobai kirom roziyallohu anhum zolim boshliqlarning janozasini o‘qiganlar. Ularni janozasiz ko‘mmaganlar. Osiylar va gunohi kabira qilganlarni ham shunday qilganlar.
Ammo davlatga qarshi chiqqan bog‘iylar, yo‘lto‘sarlar va o‘zini o‘ldirganlar bu umumiy hukmdan istisno qilinadi. Abu Yusuf rahimahullohdan boshqa imomlarning nazdida ibrat uchun ularga janoza o‘qilmaydi. ("Aqiydatut Tahoviya sharhining talxiysi" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:51 | Savol-javoblar | 183 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar