keng rizk xakida

Xazrat, men shu saytda " nega ollox barchaning rizkini keng kilib kuymagan" degan makolani ukidim va menda ilimsizligim tufayli bir savol tugildi, menga shuni tushunishimda erdam berib yuborsangiz. Ollox kimga rizk berishni kimga bermaslkni uzi bildi, xammayam keng rizkni kutara olmiydi, fakat boyligi tufayli yaxshilik kila diganlarga keng rizk beriladi deyildi .lekin shunday boylar xam bor- ku uta boy lekin uta pishik , xech kimga erdami xam tegmaydi va yana shunday urta xol eki kambagallar borki boy bulib saxiy bulishlikni niyat orzu kiladi. buni kanday tushunish kerak. savoldaga xatolarim uchun Olloxdan va sizdan uzir surayman. Raxmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Alloh taolo kimga xohlasa, o‘shanga rizq beradi. So‘ngra O‘zi hisob-kitob qiladi. Banda rizq topishga harakat qiladi, barakat berish esa, Alloh taolodan. RIZQ MASALASI Ahli sunna va jamoa mazhabi ulamolari ta’rifida «Alloh taolo odamlar va hayvonlardan iborat O‘z maxluqotlariga bergan va ular manfaat olgan dunyoviy va uxroviy har bir narsa rizqdir». Alloh taolo oqil va oqilmas, katta yoki kichik har bir insonga, har bir hayvonga bergan va ular manfaatlanadigan emishlik, ichimlik, kiyim yoki maskan ularning rizqidir. Shuningdek, Alloh taoloning ularni yaxshilikka muvaffaq qilishi, toatlarga yo‘llab qo‘yishi ham rizqdir. Alloh taolo «Hud» surasida: «Er yuzida o‘rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir», degan (6-oyat). Er yuzida o‘rmalagan narsa–odamzot, hayvonot, hasharot, qurt-qumursqa va boshqa jonzotlardir. Shularning hammasiga Alloh taolo rizq beradi. Hammasining yurgani, turgani, tug‘ilgani va boshqa holatlarini biladi. Bularning hammasi ochiq-oydin va ravshan kitobda yozig‘liq hamdir. Rizq ikki qismga taqsimlanadi: Halol rizq va harom rizq. Bunga dalil «Baqara» surasidagi quyidagi oyatdir: «Ey, iymon keltirganlar! Sizlarga rizq qilib berganimiz pok narsalardan englar va Allohga shukr qilinglar, agar Unga ibodat qiladigan bo‘lsalaringiz» (172-oyat). Allohning O‘zi mo‘min bandalariga rizq qilib bergan narsalaridan pokini eb lazzatlangan bandalar rizq bergan zotga–Allohga shukr keltirishlari zarurligini anglatmoqda. Mo‘min inson Allohning amriga binoan doimo pok narsani eydi. Bu ilohiy amr uning foydasi uchundir. Pok ozuqa ila ozuqalangan inson sog‘-salomat bo‘ladi. Alloh taolo «Ankabut» surasida: «O‘z rizqini ko‘tara olmaydigan qanchadan-qancha jonzotlar bor. Ularga ham, sizlarga ham Alloh rizq beradir. Va U o‘ta eshitguvchi va o‘ta bilguvchi zotdir», degan (60-oyat). Darhaqiqat, o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, ko‘pgina jonzotlar rizqqa muhtoj bo‘lganida, uni tano-vul qilishdan boshqa narsani bilmaydi. Rizq topish uchun harakat ham qilmaydi. Rizqni o‘zi bilan ko‘tarib ham yurmaydi. O‘ziga rizq jamg‘armaydi ham. Faqat rizq kerak bo‘lganida, uni tanovul qiladi, xolos. Ammo rizq topolmasdan, birortasi ochiqib, o‘lib ham qolmaydi. Rizqini terib eb yuraveradi. Faqat insongina rizq to‘plashni odat qilgan. Ilohiy ta’limotlardan uzoq bo‘lgan ko‘pgina odamlar hayotni rizq-ro‘z uchun kurashishdan iborat, deb o‘ylaydilar. Ular o‘zlaricha, rizqni o‘zimiz topmoqdamiz, deb gumon qiladilar. Aslida esa: «Ularga ham, sizlarga ham Alloh rizq beradir». Ya’ni, o‘z rizqini o‘zi ko‘tara olmaydigan o‘sha jonzotlarga ham, insonlarga ham rizqni Alloh taolo beradi. Alloh taolo «Taloq» surasida: «Kim Allohga taqvo qilsa, U zot uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur», degan (2-3-oyat). Ya’ni, kim Alloh buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, bu dunyo va u dunyoning qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Allohning O‘zi ko‘rsatib qo‘yadi. Taqvodor shaxsning mushkulini doimo Allohning O‘zi engil qilib turadi. Shu bilan birga, unga o‘zi o‘ylab xayoliga kelmagan tomondan riz-qu ro‘z etkazib beradi. Odatda, kishilar rizqu ro‘zim serob bo‘lsin, degan maqsadda taqvodan voz kechishadi. Bu esa, aksincha natijaga olib keladi. Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqadigan qoidaga binoan, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylamagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi. Odam ishlab topib, o‘zi manfaat olmagan narsalar uning rizqi bo‘lmaydi. Misol uchun, odam o‘lganidan keyin merosxo‘rlariga qolgan narsalar uning rizqi emas, o‘sha narsalardan manfaat oladigan merosxo‘rlarning rizqidir. Alloh taolo tomonidan bandaga beriladigan har bir narsa rizq ekanini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflaridan ham tushunib olamiz.Abu Kabsha al-Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:«Uch narsaga qasam ichaman: «Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar» (yoki shunga o‘xshash bir kalima). Men sizga bir hadis aytaman, yodlab olinglar. Albatta, dunyo to‘rt nafarnikidir:Bir bandaga Alloh molini ham, ilmini ham rizq qilib bergan. U bu bilan Robbisiga taqvo qilur. Silai rahm qilur. Undagi Allohning haqqini bilur. Bu eng afzal darajadir. Bir bandaga Alloh ilmni rizq qilib beribdi-yu, molni rizq qilib bermabdi. U sodiq niyatli bo‘lib, agar molim bo‘lganida, falonchining amalini qilar edim, deydi. U niyatiga yarasha oladi. Ikkovlarining ajri barobardir.Bir bandaga Alloh molni rizq qilib beribdi, ammo ilmni bermabdi. U ilmsiz ravishda molini to‘g‘ri kelgan tomonga sochadi. U bilan Robbisiga taqvo qilmaydi, silai rahm qilmaydi. Undagi Allohning haqqini bilmaydi. Bu eng yomon darajadir. Bir bandaga Alloh molni ham, ilmni ham rizq qilib bermabdi. U esa, agar molim bo‘lganida, falonchining amalini qilar edim, deydi. U niyatiga yarasha oladi. Ikkovlarining gunohi barobardir», dedilar».Termiziy rivoyat qilgan. Bu hadisi sharifda molga qo‘shib ilmning ham rizq deb atalishi e’tiborga sazovordir. Shu bilan birga, banda Alloh taolo tomonidan berilgan rizqqa nisbatan qilgan tasarrufiga binoan turli darajalarga erishishini ham bilib olmoqdamiz. Rizqni taqvo bilan Alloh taoloning roziligi uchun sarflagan banda oliy darajaga erishadi. Rizqni ilmsiz ravishda to‘g‘ri kelgan tomonga sochgan, u bilan Robbisiga taqvo qilmagan, silai rahm qilmagan, undagi Allohning haqqini bilmagan banda esa, eng yomon darajada bo‘ladi. Imom Ibn Abi Dunyo va al-Hokimlar rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ruhul qudus mening ko‘nglimga «Nafs o‘z rizqini to‘laligicha olmagunicha zinhor o‘lmas, Allohga taqvo qilinglar, talabi rizqni go‘zal qilinglar, rizqning kech qolishi sizni uni Allohga ma’siyat ila talab qilishga olib bormasin, albatta, Allohning huzuridagi narsaga faqat U zotga toat qilish ila erishiladi», degan ma’noni soldi», deganlar. Bu hadisi sharifdan ham bir necha muhim foydalar olamiz:1. Har bir jon rizqini to‘la olishi muqarrar ekani.2. Talabi rizqni taqvo asosida, halol yo‘l bilan qilish zarurligi.3. Rizqi kech qolsa, haromga qo‘l urish mumkin emasligi.4. Alloh taoloning huzuridagi narsaga erishaman degan odam U zotga toat qilmog‘i lozimligi. Imom Bayhaqiy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar: «Albatta, rizq bandani xuddi ajali uni quvgandek quvib yuradi». Demak, rizq adashib ketishi mumkin emas ekan. Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh pokdir va pokdan boshqani qabul qilmas. Albatta, Alloh mo‘minlarga rasullarga amr qilgan narsani amr qilgan, «Ey, Payg‘ambarlar! Pok narsalardan englar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni o‘ta bilguvchiman», degan», dedilar». Ahli sunna va jamoa mazhabi rizqni pok va nopokka taqsim qilgan bo‘lsa ham, Alloh taolo faqatgina halol, pok rizqnigina qabul qilishini ta’kidlaydi. Ajru savob ham shunga bog‘liq. Alloh taolo harom, nopok rizqni qabul qilmaydi. Balki, uning sababidan jazolaydi, azob beradi. Mo‘min kishi rizq Alloh taolodan ekanligiga iymon keltirganidan keyin ochko‘z bo‘lmaydi va haromga qo‘l urmaydi. U halol, pok yo‘l bilan rizqini terib eyishni yo‘lga qo‘yib, qanoat bilan saodatli turmush kechiradi.

27 Aprel 2022, 19:40 | Savol-javoblar | 181 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar