Tahoratda bo‘yinga masx tortish

Assalomu alaykum! Ko‘plab kitoblarda tahorat olishda bo‘yinga masx tortishlik kerakligi yozilgan. Yaqinda esa bir tanishimdan bo‘yinga masx tortishlik bid’atdir deb aytilganini eshitdim. Qaysi biri to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Bid’at deyuvchilar ham bor. Ishonchli ulamolar bo‘yinga mash tortiladi deganlar. TAHORATDA BO‘YINGA MASH TORTISh Tanishlarimizdan biridan oddiy musulmonlarimizning dinimizni o‘rganishlari qanday borayotgani haqida so‘radim. U kishi:
– Hamma ish yaxshi ketayotgan edi, lekin ixtiloflar chiqib, oddiy musulmonlar nima qilishlarini bilmay hayron bo‘lib qolishdi, – dedi.
– Oddiy musulmonlarni hayron qilib qo‘ygan masalalardan oxirgisi qaysi masala ekan? – dedim men muammoni tuzukroq bilish uchun.
– Misol uchun, tahoratda bo‘yinga mash tortishni hozirgacha hamma «mustahab» deb kelgan, omma o‘qiydigan kitoblarda ham shunday yozilgan. Lekin yangi chiqqanlar: «Bu bid’at», deyishmoqda. Odamlar nima qilishlarini bilmay, hayron. So‘rashga biror odam topish ham qiyin, – dedi tanishim.
– Bunday holatlarda darhol dalil-hujjat so‘rash kerak. «Nima uchun bo‘yinga mash tortish bid’at bo‘ladi?» deb so‘ramadingizmi? – dedim men.
– Bo‘yinga mash tortish oyatda ham, hadisda ham yo‘q emish, ularda bo‘lmagan narsani qilsa, bid’at bo‘lar emish…
Sirtdan qaraganda arzimas bo‘lib ko‘ringan bu masala ko‘pchilik oddiy musulmonlarning ikkilanishlariga sabab bo‘lgani bejiz emas. Chunki «Tahoratda bo‘yinga mash tortish bid’atdir», degan toifaning so‘zi bu bilan tugamaydi. Ular: «Tahoratda bo‘yinga mash tortish bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Har bir zalolat do‘zaxdadir», deyishdan ham tap tortmasliklari mumkin. Agar shunday gap chiqadigan bo‘lsa, tahoratda bo‘yniga mash tortib yurgan bechoralarning, ularning ota-bobolarining oxiratdagi holi nima bo‘ladi?
Agar ushbu gap bid’at haqida yuqorida zikr qilingan ma’noni o‘z ichiga olgan hadisi sharifning javhariga mos bo‘lganda, unga qo‘shilish hammamizning burchimiz bo‘lar edi. Ammo biz bu gapga mutlaqo qo‘shila olmaymiz. Chunki bu gap musulmonlar jumhuri haq deb tan olgan to‘rt fiqhiy mazhabdan eng kattasi – hanafiy mazhabi mujtahid ulamolari qariyb o‘n uch asrdan buyon «mustahab» deb kelayotgan amalni «bid’at» deb e’lon qilish haqida ketmoqda.
Muhtaram o‘quvchi! Keling, birgalikda hanafiy ulamolardan «Nima uchun tahoratda bo‘yinga mash tortishni mustahab degansiz?» deb so‘rab ko‘raylik. Axir ular musulmonlarni o‘n uch asr davomida bid’at ishga undab kelmagandirlar?!
Bunday savolimizga javob quyidagicha bo‘ladi:
Odamlarni bid’atga, shariatimizda yo‘q narsaga chaqirishdan Alloh taoloning O‘zi asrasin. Biz hech qachon, hech kimni bid’atga chaqirganimiz yo‘q. Biz shar’iy masdarga suyanmay turib, hargiz biror hukm haqida og‘iz ochmaymiz. Tahoratda bo‘yinga mash tortish mustahabligiga quyidagi dalillarimiz bor:
Birinchi dalil: حَدَّثَنَا لَيْثٌ، عَنْ طَلْحَةَ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ؛ أَنَّهُ رَأَى رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، يَمْسَحُ رَأْسَهُ حَتَّى بَلَغَ الْقَذَالَ وَمَا يَلِيهِ مِنْ مُقَدَّمِ الْعُنُقِ مَرَّةً. رَوَاهُ أَحْمَدُ  Laysdan, u Tolhadan, u otasi(Musorrif)dan, u bobosidan rivoyat qilinadi:
«U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlariga mash tortganlarini, bo‘yinlarining ort tomonidan old tomonigacha etkazganlarini bir marta ko‘rgan».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Ikkinchi dalil:
Abulhasan ibn Foris Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan va «sahih» deb ta’kidlangan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «مَنْ تَوَضَأَ، وَمَسَحَ بِيَدَيْهِ عَلَى عُنُقِهِ، وُقِيَ الْغُلَّ يَوْمَ الْقِيَامَةِ» Ya’ni:
«Kim tahorat qilib, ikki qo‘li bilan bo‘yniga mash tortsa, qiyomat kuni g‘uldan saqlanadi».
Uchinchi dalil:
Imom Bazzor Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda jumladan, shunday deyilgan: ثُمَّ مَسَحَ عَلَى رَأْسِهِ ثَلَاثًا، وَمَسَحَ ظَاهَرَ أُذُنَيْهِ، وَمَسَحَ رَقَبَتَهُ  Ya’ni:
«...So‘ngra boshlariga uch marta, quloqlarining sirt tarafiga va bo‘yinlarining sirt tarafiga mash tortdilar».
Xuddi shu ma’noda boshqa rivoyatlar ham bo‘lib, ularning hammasi bir-birini quvvatlab keladi. Yana nima kerak? O‘zi yoki o‘ziga yoqqan taraf bilmagan hadisni topib, amal qilganlar bid’atda ayblanaveradimi? Boshqalar hadisni topmagan bo‘lsalar, hanafiylarda nima ayb?
Biz yuqoridagi satrlarda hozirda qaytadan ixtilofga sabab bo‘lib turgan uchtagina masalani misol tariqasida munoqasha qildik. Qolgan hamma masalalarni ham xuddi shu tariqa munoqasha qilish juda ham oson ish. Bizning niyatimiz tortishish emas, ixtiloflarga chek qo‘yish bo‘lgani uchun gapni cho‘zmadik. Maqsadimiz: eski yarani yana qo‘zg‘amay, tajribadan o‘tgan ishonchli yo‘lni mahkam ushlashga da’vatdir. Ana shunda ixtiloflarga barham beriladi, inshaalloh.
Ixtiloflarning oldini olish maqsadida, fiqhiy mazhablarning Qur’on va Sunnat doirasida qilgan ijtihodlarini qayta qo‘zg‘ab, «Qani, ko‘raylik-chi, kimning dalili kuchli ekan», qabilida ish tutish ham man qilingan. Hatto ba’zi bir kishilar ilmda yuqori darajalarga erishib, mazhablarning dalillarini solishtirib, kuchlisini kuchsizidan ajratadigan darajaga etsa ham, o‘zi uchun fatvo chiqarib olsa mayli-yu, ko‘pchilikning boshini aylantirib, ixtilof chiqarishga sabab bo‘lmasin, deyilgan. Shuning uchun ham odatda, mazkur qoidalarni buzib, ixtilof chiqargan tomon har doim mazammat qilinadi. Ushbu bahsimizda betaraflikni da’vo qilsak-da, gohida gap bir tomonlamaga o‘xshab qolishi ham ana shu qoida tufaylidir.
Hamma balo ilmimizning yo‘qligida. Bilganlarimiz juda oz. Ammo juda ko‘p narsani da’vo qilamiz. Bilgan juda oz narsamizga o‘ta mutaassiblik bilan, bor ilm shu, bundan boshqa narsa yo‘q, degan nuqtai nazar bilan qaraymiz. Bilmagan juda ko‘p narsamizni esa butunlay inkor qilamiz. Natijada hozirda boshimizdan o‘tib turgan noqulay holatlarga duchor bo‘lamiz.
Mazkur ishni hamasr ulamolarimiz «bir kitob va unyozar tasmasi madaniyati» deb nomlamoqdalar. Darhaqiqat, qo‘limizga qaerdandir tushib qolgan bir kitobchani o‘qiymiz-da, butun dunyoning ilmi shu kitobchada jo bo‘lgan, bundan boshqa ilm yo‘q, degan ma’noda ish tutishga o‘tamiz. Unyozar (magnit) tasmasiga yoki diskka yozilgan uch-to‘rt tumtaraqay ma’ro‘zani eshitib olib, dunyodagi musulmonlarning to‘rtdan uchini yo kofir, yo mushrikka chiqarib yuboramiz.
Hozirgi kunda butun Islom ummati bir ming uch yuz yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to‘rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqida noloyiq gaplar aytib, o‘zini mujtahid sanab yurganlarimiz aslida «bir kitob va unyozar tasmasi madaniyati»ga mansub kishilardir.
Biz hozir ularga fiqhiy mazhablar haq ekani haqida ilmiy bahs taqdim qilish niyatidan yiroqmiz. Chunki ul birodarlarimiz bunday bahsni e’tirof etishga tayyor bo‘lganlarida, hozirgi noqulay holat yuzaga kelmagan bo‘lar edi. Ul birodarlarimiz fiqhiy mazhablarni inkor qilishdan oldin salaf ulamolarimizning ilmiy bahslari bilan tanishib chiqqan bo‘lar edilar. Mazkur birodarlarimiz fiqhiy mazhablarni inkor qilishdek xatarli ishda o‘zgalarga taqlid qilmoqdalar. Ular xususan, chet eldan kelgan, o‘zlarini allaqanday nomlar bilan ataydigan shoshqaloq kishilarning etagini tutganlar. Ular boshqa tomonlarning gap-so‘zlarini e’tiborga olmaydilar. (“Ixtiloflar, sabablar echimlar” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 19:40 | Savol-javoblar | 260 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar