Kibersport xaqida batafsil

Assalomu alaykum! Men bu savolimga javob topa olmadim. Bunday savollar berilgan lekin batafsil qilib emas. Men shu savolga oydinlik kiritmoqchiman. Men kompyuter o‘yinlariga qiziqaman va bu ish menda boshqa ishlarga nisbatan yaxshiroq qo‘limdan keladi. Men inshaAlloh kelajakda shu kasbni tanlamoqchi edim. Ammo xar bir ish shariatga mos kelishi kerak. Shuning uchun sizlardan fatvo olmoqchi edim. Kibersport - bu kompyuter o‘yinlari bo‘yicha musobaqa. Boshqa saytlardan o‘qigan javobimda bu ish vaqtni bekorga sarflash deyilgan. Ammo shuning uchun, ya’ni shu ishga vaqt sarflaganimiz uchun haq olamiz. Masalan novvoy non yopgani ketirgan vaqti uchun, santexnik quvur tuzatgani ketirgan vaqti uchun pul oladi. Biz xam bu ishga ketgazgan vaqtimiz uchun pul olamiz. Yuqorida keltirgan misolimdan farqli o‘laroq bizni foydamiz birovga tegmaydi. Bu ishda 7/24 ishlanmaydi. Faqatgina musobaqagagina boriladi. Musobaqalar xam yiliga 2-3 marta bo‘ladi. Musobaqalar ham bir hafta atrofida davom etadi. Qolgan vaqt uyda o‘tadi. Ya’ni uyingizda mashg‘ulotingizni qilasiz. Ibodatga esa vaqt ko‘p. Ya’ni to‘sqinlik yo‘q. Yana bir javobga ko‘zim tushdiki u javobda bu ish Qimor deyilgan. Ammo menimcha bu ish unday emas. Qimor bo‘lishi uchun hammadan pul yig‘ib olib bu pul g‘olibga berilishi kerak, qisqaroq qiladigan bo‘lsam o‘rtaga pul tikib, tikilgan pul g‘olibga berilishi kerak. To‘g‘rimi? Ammo 70% musobaqalarda mukofot xomiyni hisobidan to‘lanadi. Ya’ni o‘rtaga pul tikilmaydi. Ha to‘g‘ri qimor qilib o‘tkaziladigan musobaqalar xam bor, ammo men bunday ishlardan har doim chetlanganman va bunday musobaqalardan ham chetlanaman inshaAlloh. Bundan oldingi javobning davomida aytilganki pul isrof bo‘ladi deyilgan. Nimaga isrof bo‘lishini tushunmadim. Men bu ishdan olgan pulimni isrof narsalarga ishlatmayman. Menga pulni qadri yo‘q u uchun dinini sotib isrof kiladiganlardan emasman Alhamdulillah! Agar o‘zimcha aqllichilik qilgan bo‘lsam kechirim so‘rayman. Bu kasbni egallashim xalolmi? https://www.shhyislam.to/forum/vieshtopis.php?t=10374
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Joiz emas. Siz o‘rtaga tikilayotgan pulni qaerdan ularni cho‘ntagiga tushishini yaxshi bilasiz. Shu ham qimor bo‘ladi. Dunyodagi hamma inson o‘zini qilayotgan ishini qaysidir joiz ishga qiyoslab to‘g‘ri deb o‘ylayveradi. Bir davralarda hammani fisq fujurga boshlayotgan inson, Alloh berkitish kerak bo‘lgan joylarni ko‘rsatib, fosiqlarni xursand qilayotgan ham “Men xalqning xizmatidanman, xalqqa xursandchilik ulashayapman” deb Alloh harom qilgan ishini oliy xizmat deb o‘ylayveradi. Aslida u fikr Allohning huzurida javoblikka yaraydimi yo‘qmi uni o‘ylab ham o‘tirmaydi. Haqni anglamaganlar qilgan olqishini Allohni fazli deb biladi. Alloh taolo "Qalam" surasida marhamat qiladi:  فَذَرْنِي وَمَن يُكَذِّبُ بِهَذَا الْحَدِيثِ سَنَسْتَدْرِجُهُم مِّنْ حَيْثُ لَا يَعْلَمُونَ۝ 44. Bu gapni yolg‘onga chiqaruvchilarni O‘zim bilan qo‘yib qo‘y. Biz ularni o‘zlari bilmagan tarafdan asta-sekin olamiz.
Ya’ni Alloh taoloning dargohi keng, O‘ziga kufr keltirganlarni ham, gunohkorlarni ham tek qo‘yib qo‘yadi. Darhol azoblashga o‘tmaydi, balki asta-sekin azoblaydi. Kishilar esa o‘z qadrini mol-dunyo, mansab bilan o‘lchaydilar. Mening fazlim bo‘lmasa, shuncha boyligim bo‘larmidi, shunchalik mansabga ko‘tarilarmidim, deb o‘ylaydilar. Oxiratni unutadilar. Alloh taolo esa shoshilmaydi, mag‘rur banda har gal gunoh qilganda, uning boyligini yoki mansabini oshirib qo‘yadi. Natijada bandaning aybi ko‘payib borishiga qaramasdan, o‘zining qayoqqa ketayotganini sezmaydigan bo‘lib qoladi va oqibatda oyatda zikr qilingan holatga tushib qoladi.
Ulamolarimiz: «Asta-sekin olishning bir turi shulki, gunohkor bir gunoh qilganda Alloh taolo uning martabasini bir pog‘ona oshirib qo‘yadi va shunday qilib, u o‘zining halokatli holatga duchor bo‘lganini sezmay qoladi», – deydilar. وَأُمْلِي لَهُمْ إِنَّ كَيْدِي مَتِينٌ۝ 45. Va ularga muhlat beraman. Albatta, Mening hiylam metindir.
Ya’ni «Ularni bir muhlat qo‘yib qo‘yaman. Umrlarini uzun qilaman, toki gunohlari ziyoda bo‘lsin». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:16 | Savol-javoblar | 161 | Mediya
|
Boshqa savol-javoblar