Islomda tavba qanday qilinadi?

Assalomu alaykum,  hurmatli Shayx Hazratlari!  Iltimos, menga mukammal darajada tavba qilishni o‘rgating,
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
TAVBA «Tavba» so‘zi arab tilidagi so‘z bo‘lib, qaytish ma’nosini anglatadi. Bandaning gunohdan qaytishi ham tavba deb atalgan. Ulamolar tavbaning shar’iy ma’nosi haqida bir-birini to‘ldiruvchi va ta’kidlovchi bir necha ta’riflarni aytganlar: Rog‘ib: «Shariatda tavba gunohni yomonligi uchun tark qilish, o‘zidan o‘tgan kamchilikka nadomat qilish, gunohni yana takrorlamaslikka azm qilish va imkoni bor ishlarni qaytadan qilishdir», degan. Jurjoniy: «Tavba qalbdagi gunohda davom etish tuginini echib, Allohga qaytish va Robbning barcha haqlarini ado etish», degan. Ba’zilar: «Tavba e’tirof, nadomat va gunohdan uzilib chiqish», degan. Boshqalar: «Tavba qilingan ma’siyatga ma’siyat bo‘lgani uchun nadomat chekish va uni qaytarmaslikka azmu qaror qilish», degan. «Ta’rifot» kitobining sohibi tavbaning ma’nosi va turlari haqida jumladan quyidagilarni keltirgan: «Tavbaning ma’nosi uchtadir: Birinchisi – nadomat qilish. Ikkinchisi – Alloh qaytargan narsadan qaytishga azmu qaror qilish. Uchinchisi – zulmlarni o‘rniga qaytarish uchun harakat qilish. Tavbaning turlari: 1. Inoba tavbasi Alloh taoloning qudratidan qo‘rqib qilingan tavbadir. 2. Istijoba tavbasi Alloh taoloning yaqinligidan uyalib qilingan tavbadir. 3. Fosid tavba faqat til bilan qilingan tavbadir. 4. Sahih tavba bandaning gunoh qilishi bilan darhol o‘zini bilib, undan qaytishidir. 5. Nasuh tavba. Arab tilidagi «nasuh» so‘zi xolis, jazm, sodiq nasihat qiluvchi ma’nolarini anglatadi. Demak, «tavbatan nasuhan» birikmasi xolis tavba, jazm tavba, sodiq tavba, nasihatga tavba ma’nolarini anglatadi. Alloh taolo «Tahrim» surasida: «Ey iymon keltirganlar! Allohga nasuh tavba qilinglar!» degan (8 – oyat). Nasuh tavbaning shar’iy ma’nosi haqida ko‘pgina fikrlar rivoyat qilingan. Jumladan, hazrati Umardan: «Tavbai nasuh» nima?» deb so‘ralganda, «Kishining yomon ishdan qaytib, so‘ng unga abadiy qayrilmasligidir», deb javob berganlar. Jurjoniy: «Nasuh tavba oldingi gunohga qaytmaslikka mustahkam azmi qaror qilishdir», degan. Tahonaviy: «Nasuh tavba qalb amallaridan bo‘lib, qalbni gunohlardan tozalashdan iboratdir. Uning alomati banda ma’siyatni yomon ko‘rishi va qabeh sanashi hamda hech xotiriga keltirmasligidir», degan. Tavba va uning shartlari haqida imom Navaviy quyidagilarni aytadi: «Har bir gunohdan tavba qilishi vojibdir. Agar qilingan gunoh banda bilan Alloh taoloning orasidagi ish bo‘lsa, odam bolasining haqiga bog‘liq bo‘lmasa, tavbaning to‘g‘ri bo‘lishiga uch shart bordir: 1. Ma’siyatdan butunlay ajrab chiqish. 2. Uni qilgani uchun nadomat qilish. 3. Abadul abad uni qaytarmaslikka azmu qaror qilish. Ushbu shartlardan birortasi bo‘lmasa, tavba to‘g‘ri bo‘lmaydi. Agar qilingan gunoh odam bolasining haqiga bog‘liq bo‘lsa, to‘rtinchi shart – o‘sha odamning haqidan qutilish ziyoda qilinadi. Haq molu mulk yoki shunga o‘xshash narsa bo‘lsa, uni egasiga qaytariladi. Haq shar’iy jazoga loyiq ish bo‘lsa, o‘zini jazoga tutib beradi yoki haq egasidan afv qilishini so‘raydi. Agar haq g‘iybat kabi ma’naviy narsalarda bo‘lsa, mazlumdan haqini halol qilishni iltimos qiladi. Albatta, bunda tavba uchun qilinayotgan ish avvalgisidan ko‘ra katta zarar keltirmasligi shart. Barcha gunohlardan tavba qilish vojibdir. Agar ba’zisidan tavba qilsa, o‘sha gunohdan qilgan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. Qolgan gunohlari turaveradi. Qur’oni Karimda kelgan tavba haqidagi oyati karimalarni bir necha qismga taqsimlash mumkin. 1. Tavbani qabul qilish Alloh taoloning sifatlaridan bir sifat ekani. Alloh taolo «Niso» surasida: «Qaysi bir Payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, Allohning izni ila faqat itoat qilinishi uchun yuborganmiz. Agar ular o‘zlariga o‘zlari zulm qilgan chog‘larida huzuringga kelib, Allohga istig‘for aytganlarida va Payg‘ambar ham ular uchun istig‘for aytganida edi, albatta, Alloh tavbalarni qabul etuvchi va rahmli zot ekanini topgan bo‘lur edilar», degan (64 - oyat). Alloh haqiyqatdan ham tavbalarni qabul etguvchi Zotligiga iymon da’vosini qilib, amalda shaytonning yo‘lidan yurganlarni ham darhol azobga giriftor qilmaydi: kechirimli bo‘lib, yana ularga o‘zlarini o‘nglab olishlariga imkon yaratib, tavba eshigini ochib qo‘yadi. U zot haqiyqatdan ham rahmli bo‘lganidan gunohkor munofiqlarning aybini kechib, ularga rahm-shafqat ko‘rsatadi. 2. Tavba anbiyo va solih mo‘minlarning sifatidir. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Ibrohim bilan Ismoil: «Ey Robbimiz, bizdan qabul et, albatta, Sening O‘zing eshituvchi, biluvchi zotsan», deb baytning poydevorlarini ko‘tarayotganini esla. «Robbimiz, ikkovimizni O‘zingga musulmon bo‘lganlardan qil va zurriyotimizdan ham O‘zingga musulmon ummat qil, bizga ibodatlarimizni ko‘rsat, tavbamizni qabul et. Albatta, Sening O‘zing tavbalarni ko‘plab qabul etuvchi, rahmli zotsan», degan (127 – 128 - oyatlar). Alloh taolo «Tavba» surasida: «Ular tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd aytuvchilar, ro‘za tutuvchilar, ruku’ qiluvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar, Allohning chegarasida turuvchilardir. Va mo‘minlarga xushxabar ber!» degan (112 - oyat). Bu oyati karimada mo‘min kishining bir necha sifatlari zikr qilinmoqda, agar ularda bu sifatlar mavjud bo‘lsa, mo‘minlik sharafiga erishadilar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam beradigan xushxabarga haqli bo‘ladilar: «Tavba qiluvchilar». Bilib-bilmay sodir etgan hamma gunohlaridan tavba qilib qaytadilar. Gunohlarga chin qalbdan afsus-nadomat chekadilar va uni ikkinchi qayta takrorlamaydilar. 3. Tavbadan keyin solih amal qilishga targ‘ib. Alloh taolo «Moida» surasida: «Kim zulmidan keyin tavba etsa va amali solih qilsa, Alloh, albatta, tavbasini qabul qiladir. Shubhasiz, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir», degan (39 - oyat). Musulmon odam uchun yomonlikdan qaytishning o‘zi kifoya qilmas ekan. Yomonlikdan qaytish bilan birga, yaxshilik amallarni ham qilishi zarur ekan. Chunki yomonlikdan to‘xtash bilan birga yaxshilikni kasb qilmasa, orada bo‘shlik paydo bo‘ladi va bu uni yana yomonlikka qaytarishi mumkin. Shuning uchun ham yaxshilik qilish tavbani qabul etish shartlariga qo‘shilmoqda. Alloh taolo «Nur» surasida: «Pokiza ayollarga (bo‘hton) toshi otib, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar va ularning guvohligini abadiy qabul qilmanglar. Ana o‘shalar fosiqlardir. Magar bundan keyin tavba qilib, o‘zini isloh qilganlar (mustasnodir). Zero, Alloh o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmlidir», degan (4 – 5 - oyatlar). Qur’oni Karim bo‘htonchini fosiq, ya’ni, Allohning amridan chiqqan odam, deb vasf qilmoqda. Bu sifat ham juda yomon sifatdir. Endi bunday odam faqat ixlos bilan tavba qilgandagina va o‘zini butunlay tuzatgandagina fosiqlikdan chiqishi mumkin. Shunda uning guvohligi yana qabul qilinadigan bo‘ladi. Demak, bo‘htonchining faqat tavba qilishi kifoya emas. Balki o‘zini o‘nglaganini jamiyat a’zolariga amalda ko‘rsatishi ham zarur. Buning uchun pokiza odamni qaerda, kimlarning oldida, qanday qilib zinoda ayblagan bo‘lsa, o‘sha erda, o‘sha odamlarning oldida, o‘shanday qilib poklaydi va o‘zini qoralaydi. So‘ngra tavba qiladi. Jamiyat uni bir yil davomida kuzatadi. Shu muddat ichida haqiyqatda o‘zini tuzatib, shariatga xilof ishlarni qilmasa, undan fosiq nomi olinadi va guvohligi qabul qilinadigan bo‘ladi. 4. Tavbaning mukofoti haqidagi oyatlar. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Sendan hayz haqida so‘rarlar. Sen: «U ko‘ngilsiz narsadir. Hayz chog‘ida ayollardan chetda bo‘ling. Ularga pok bo‘lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo‘lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadir», deb ayt», degan (

– oyat). Alloh taolo «Tahrim» surasida: «Ey iymon keltirganlar! Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki Robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizni daraxtlari ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa. Bir kundaki, unda Alloh Nabiyni va u bilan birga bo‘lgan iymon keltirganlarni sharmanda qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o‘ng taraflarida yurib boradir. Ular esa, Robbimiz, bizga nurimizni batamom qilib ber, gunohlarimizni kechir, albatta, Sen barcha narsaga qodirsan, derlar», degan (8 – oyat). 5. Tavba Alloh taoloning bandalarga rahmatidir. Alloh taolo «Niso» surasida: «Alloh sizlarga bayon qilib berishni, sizni oldingilarning yo‘liga hidoyat qilishni va tavbalaringizni qabul etishni xohlaydi. Alloh biluvchi va hikmatli zotdir. Alloh sizning tavbangizni qabul qilishni xohlaydir. Shahvatlarga ergashadiganlar esa, ulkan og‘ishga moyil bo‘lishingizni xohlarlar. Alloh sizdan (yukingizni) engillatmoqni xohlaydir. Va inson zaif yaratilgandir», degan (26 – 28 – oyatlar). Alloh taolo «Ahzob» surasida: «Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, erga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiyqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir. Alloh munofiqlar va munofiqalarni, mushriklar va mushrikalarni azoblashi uchun hamda mo‘min va mo‘minalarning tavbalarini qabul etish uchundir. Alloh o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir», degan (72 – 73 – oyatlar). 6. O‘tgan nabiylar tavbaga chaqirishgan. Alloh taolo «Hud» surasida: «Va Odga o‘z birodarlari Hudni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Sizlar faqat to‘qib oluvchilarsiz, xolos. Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim) uchun ajr so‘ramayman. Mening ajrim faqat meni yaratgan zotning zimmasidadir. Aql yuritmaysizlarmi? Ey qavmim, Robbingizga istig‘for ayting, so‘ngra Unga tavba qiling, shunda U ustingizga osmondan baraka yomg‘iri yuboradi va quvvatingizga quvvatni ziyoda qiladi. Jinoyatchi bo‘lgan holingizda yuz o‘girib ketmang», dedi», degan (50 – 52 – oyatlar). Alloh taolo «Hud» surasida: «Va Samudga birodarlari Solihni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o‘zga iloh yo‘q. U sizlarni erdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi. Bas, Unga istig‘for ayting, so‘ngra Unga tavba qiling. Albatta, Robbim yaqin va ijobat qilguvchidir», dedi», degan (61 – oyat). Tavba haqida kelgan hadislardan namunalar: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh O‘z bandasi tavbasidan sizning biringizning ustida sharobi va taomi bilan kamsasiz biyobonda qochib ketgan ulovidan umidini uzib, bir daraxt tagiga borib soyasida yotganda, umuman ulovidan umidi uzilganda, ana shu holda yotganida birdan qarasa u oldiga kelib turibdi. Bas, uning jilovidan tutib, o‘ta xursand bo‘lganidan: «Ey Allohim! Sen bandamsan! Men Robbingman!» deb yuborgan paytidagi xursandligidan ham ko‘ra shiddatliroq xursand bo‘ladi. U xursandligining shiddatidan xato qilgandi», dedilar». Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar! Men har kuni Unga yuz marta tavba qilurman», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Barcha odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi sertavbalardir», dedilar». Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bandaning tavbasini, modomiki u g‘arg‘ara holiga borib qolmagan bo‘lsa, albatta, qabul qiladi», dedilar». Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan. Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh to quyosh mag‘ribdan chiqqunicha kunduzi gunoh qilganlar tavba qilishlari uchun kechasi qo‘lini yozadi va kechasi gunoh qilganlar tavba qilishlari uchun kunduzi qo‘lini yozadi», dedilar». Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim quyosh mag‘ribidan chiqmasdan turib tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi», dedilar». Ikkisini Muslim rivoyat qilgan. Tavbaning foydalaridan: 1. Tavba iymonning kamoli va Islomning jamolidandir. 2. Tavba Alloh taoloning muhabbati va rizosiga sababdir. 3. Tavba egasini Alloh taoloning keng rahmatiga erishtiradi. 1. Tavba tanglik va g‘amning ketishiga sabab bo‘ladi. TAVBANING HAQIYQATI Tavba ilm, hol va amaldan iborat bo‘lib, bu uch narsa bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. 1. Ilm gunohlarning zarari juda ham katta ekaniga va banda bilan unga mahbub bo‘lgan har bir narsa orasidagi to‘siq ekaniga ma’rifat hosil qilishdan iborat. 2. Hol mazkur ilm tufayli qalbda paydo bo‘lgan afsus va nadomatdan iboratdir. Zotan, qalb qachon o‘zi muhabbat qo‘ygan narsadan mahrum bo‘lsa, alam chekadi. Ana o‘sha alamni nadomat deb ataladi. 3. Amal gunohning zararini bilib, qalbda undan alam chekilgandan keyin mazkur alamni yo‘qotish uchun azmu qaror ila gunohni tark qilishdir. Bu boradagi gunohni tark qilish hozirgi, kelasi va o‘tgan zamonga bog‘liq bo‘ladi. Hozirgi zamondagisi qilib turgan gunohidan darhol chetlanish ila bo‘ladi. Kelasi zamondagisi umrining oxirigacha gunoh qilmaslikka azmu qaror qilish orqali bo‘ladi. O‘tgan zamonga bog‘liq bo‘lishi avvalgi gunohlariga kafforot bo‘ladigan amallarni qilish va qazolarni bajarish bilan bo‘ladi. Demak, tavbaning haqiyqati ilm, nadomat va hozir, kelajak hamda o‘tgan zamondagi gunohlarni tark qilishdan iboratdir. Kim gunoh mahbubdan uzoqlashtiruvchi sabab ekanini bilmasa, qilgan gunohlariga tavba qilmaydi. Alamga sabab bo‘luvchi gunohni qilaveradi va oqibatda halok bo‘ladi. TAVBANING VOJIBLIGI Banda uchun tavba qilish vojibligi haqida dalillar juda ham ko‘p. Namuna uchun ba’zilarini zikr qilamiz. Alloh taolo «Nur» surasida: «Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, najot topsangizlar», degan (31 – oyat). Alloh taolo «Tahrim» surasida: «Ey iymon keltirganlar! Allohga nasuh tavba qilinglar!» degan (8 – oyat). Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar! Men har kuni Unga yuz marta tavba qilurman», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan. Tavbaning vojibligiga musulmon ummati ijmo’ qilgan. Chunki gunohlar bandani Alloh taolodan uzoqlashtiruvchi va halokatga olib boruvchidir. Shuning uchun ham ulardan qochish va tavba qilish vojib bo‘ladi. Tavbani davomli ravishda qilish vojibdir. Zero, banda kim bo‘lishidan qat’iy nazar gunohkordir. U a’zolari bilan gunoh qilishdan saqlangan chog‘ida ham, qalbida gunohni reja qilishi mumkin. Undan ham saqlanganda shaytonning vasvasasiga yo‘liqishi bor. Bunga o‘xshash narsalar anchagina. Shuning uchun ham davomli ravishda tavba qilib turish kerak. Bu o‘ta muhim hisoblanadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bu ishni qilib turganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohga qasamki, men bir kunda Allohga etmish martadan ko‘p istig‘for aytib, tavba qilaman», dedilar». Buxoriy rivoyat qilgan. UMR BO‘YI TAVBA QILISh Bandaning tavbasi tugal va umr bo‘yi davom etadigan bo‘lishi kerak. Tavbaning o‘tgan, hozirgi va kelasi zamonga bog‘liq bo‘lishini avval aytib o‘tilgan edi. Bas, tavbaning o‘tgan zamonga bog‘liqligi quyidagicha: Banda fikri ila balg‘atga etgan birinchi kuniga qaytadi. O‘shandan buyon o‘tgan umrini yilma yil, oyma oy, haftama hafta, kunma kun, soatma soat va nafasma nafas taftish qilib chiqadi. Ado etilmay qolgan toatlariga va sodir etgan ma’siyatlariga nazar soladi, hammasini xotiriga oladi. Qancha namozni o‘qimagan yoki o‘qigan bo‘lsa ham, noto‘g‘ri o‘qiganini aniqlaydi. Keyin ularning qazosini o‘qishni boshlaydi. Asta-sekin qazo namozlarini oxiriga etkazadi. Shuningdek, ro‘za, zakot, haj va boshqa ibodatlarni ham qazosini joyiga qo‘yadi. Banda balog‘atga etganidan boshlab sodir etgan ma’siyatlarini ham taftish qilib aniqlaydi. Mazkur ma’siyatlardan o‘zi bilan Alloh taoloning o‘rtasidagi ishlarga tavba qilib, nadomat chekadi va istig‘for aytadi. Keyin gunohlarining miqdoriga nazar soladi. Ulardan har biriga munosib yaxshi amal qilishga o‘tadi. Kafforot o‘rniga o‘tuvchi hasanot – yaxshiliklar dil, til va badan bilan ado etiladi. Dil bilan tazarru’ va o‘zini zor tutish, til bilan zulmni e’tirof qilib, istig‘for aytish va a’zolar bilan sadaqa va boshqa turli toat-ibodatlar qilinadi. Alloh taolo «Hud» surasida: «Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi», degan (114 – oyat). Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Qaerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir. Bu uni o‘chiradi. Odamlarga husni xulq ila muomala qil», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan. Bas, g‘iybat majlislari o‘rniga zikr majlislarida ishtirok etsin. Mushafni tahoratsiz ushlagan bo‘lsa, uni ikrom qilsin va qiroatini ko‘paytirsin. Xamr ichgan bo‘lsa, halol ichimliklardan sadaqa qilishni ko‘paytirsin. Bandalarga nisbatan qilingan zulmlar bir vaqtning o‘zida Alloh taologa nisabatan ham ma’siyat bo‘ladi. Chunki gunohkor o‘shanda Alloh taoloning nahiy qilgan narsasini sodir etgan bo‘ladi. Buning e’tiboridan u tavba qiladi. Bunga qo‘shimcha tarzda zulmlarining muqobiliga yaxshi ishlar qiladi. Odamlarga ozor bergan bo‘lsa, ularga yaxshilik qiladi. Molini tortib olgan bo‘lsa, uning evaziga o‘zining halol molidan sadaqa qiladi. Ularni yomonlagan bo‘lsa, maqtaydi. Keyin odamlarning haqiga qilgan zulmidan qutilishga o‘tadi. Bu zulmlar odatda jonga, molga, obro‘ga va qalbga tegishli bo‘ladi. 1. Jonga oid jinoyat xato tariqasida odam o‘ldirishdan iborat bo‘lsa, haqdorlarga xun to‘lashni yo‘lga qo‘yadi. Agar qasddan odam o‘ldirgan bo‘lsa, o‘zini o‘ldirilgan shaxsning egasiga topshiradi. U xohlasa, qasos oladi, xohlasa, kechiradi. Bu masalada jinoyatchi o‘z qilmishini yashirishi joiz emas. Shuningdek, birovni zinoda ayblab qazf qilgan shaxs ham o‘zini o‘zi tutib berishi kerak. Ammo zino, aroqxo‘rlik, o‘g‘rilikka o‘xshash boshqa ma’siyatlarda jinoyatchi o‘zini tutib berishi tavbaning shartlariga kirmaydi. Qilmishini yashirib, tavba qilsa bo‘laveradi. Agar ochiq e’tirof qilaman desa, o‘zining ishi. Unga shar’iy jazo qo‘llaniladi va tavbasi qabul bo‘ladi. 2. Molu mulkka oid jinoyatlar tavbasi ichida ularni o‘z egasiga qaytarib berish kerak. Haq egasiga haqini qaytarish bilan birga undan uzr so‘rash ham lozim. Agar birovning haqi ado etib bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lsa, qo‘lidan kelganini berib boraveradi. Shu bilan birga qo‘lidan kelganicha yaxshilik qiladi. O‘sha yaxshiliklardan qiyomat kunida haq egasiga olib beriladi. Molni qaytarish uchun uning egasini topa olmasa, merosxo‘riga beradi. Merosxo‘rni ham topa olmasa, o‘sha miqdordagi molni kambag‘allarga sadaqa qiladi. Molida harom va halol aralashib ketgan odam harakat qilib haromning miqdorini aniqlab, o‘shani kambag‘allarga sadaqa qiladi. Qalbga va obro‘ga oid jinoyatlardan tavba qilishning amaliy qismida mazlumlarni topib, ulardan jinoyatiga yarasha haqlarini halol qilishni so‘raydi. DAVOMLI TAVBANING QISMLARI Odamlar tavbaga nisbatan to‘rt tabaqaga bo‘linadilar: 1. Tavba qilganidan keyin umrining oxirigacha tavbasida mustaqim turadiganlar toifasi. Bu toifadagi kishilar tavba qilganlaridan keyin kamchiliklarining o‘rnini to‘ldiradilar va mazkur gunohga qatishni xayollariga ham keltirmaydilar. Odatda bashardan beixtiyor sodir bo‘ladigan mayda-chuyda narsalar bundan mustasno. Mana shuni mustaqim tavba, tavbai nasuh deyiladi. Bunday tavba qilgan nafs xotirjam nafs deyiladi. Alloh taolo «Fajr» surasida: «Ey xotirjam nafs! Robbingga sen Undan, U sendan rozi bo‘lgan holda qayt! Bas, bandalarim ichiga kirgin! Va jannatimga kirgin!» degan (27-30 oyatlar). Bunday nafs shahvatlar ila kurashda g‘olib bo‘lib, sokinlik kasb qilgan nafsdir. Uni mut’mainna – xotirjam nafs deb ataladi. 2. Tavba qilganidan keyin umrining oxirigacha tavbasida mustaqim turadiganlar, gohida noqasddan ba’zi gunohlarga qo‘l urib turadiganlar toifasi. Shu bilan birga ular har gunoh qilganda o‘zlarini malomat qiladilar va unga yana qaytmaslikka ahd qiladilar. Alloh taolo «Qiyomat» surasida: «Va malomatchi nafs bilan qasam», degan (2 oyat). «Malomatchi nafsdan» murod mo‘min kishining nafsidir. Chunki u o‘z egasini doimo malomat qilib (tergab) turadi. Gunoh ish qilsa, «Nima uchun gunoh qilding? Allohdan qo‘rqmaysanmi? Oxiratda nima javob berasan?» deb malomat qiladi. Bu tabaqa oldingisidan keyingi o‘rinda turadi. Bularga Alloh taolodan yaxshi va’dalar bor. Alloh taolo «Najm» surasida: «Ular kichik gunohlardan boshqa katta gunohlar va fahsh ishlardan chetda bo‘ladiganlardir. Albatta, Robbing mag‘firati keng zotdir», degan (32 – oyat). 3. Bu toifadagi odamlar tavba qilganlaridan keyin ma’lum muddat istiqomatda yuradilar. So‘ngra shahvati g‘olib kelib ba’zi gunohlarni sodir etadi. Ammo toat-ibodatda bardavom bo‘lib, qudrati etgan gunohlardan chetda bo‘ladi. Ammo ba’zida shahvati g‘olib kelib turadi. Alloh taolodan ulardan qutilishni so‘rab turadi. Gunoh qilganda nadomat chekadi, tavba qiladi. Bunday nafs «mas’ula» deb ataladi va uning egasi «Tavba» surasida kelgan quyidagi oyatda zikr qilinganlar jumlasidan bo‘ladi: «Boshqalar esa, gunohlarini e’tirof qildilar; ular yaxshi va yomon amalni aralashtirib qilganlardir. Shoyadki Alloh ularning tavbasini qabul qilsa. Albatta, Alloh mag‘firatli va rahmli zotdir», (102 – oyat). Bu holat banda uchun xatarlidir. Chunki tavba qilishga ulgurmay qolish mumkin. O‘lim ko‘z bilan qovoqning orasidagi narsa. To‘satdan o‘lgan odam tavba qila olmay qolishi turgan gap. Unda oqibati og‘ir bo‘ladi. Tavba qilgandan keyin bir muddat keyin yana aynib ketadiganlar toifasi. Ular qaytadan gunohlarga botadilar va tavba qilishni qasd qilmaydilar, qilgan gunohlariga afsus ham qilmaydilar. Bunday holatdagi odamlarning nafsi buzuq bo‘ladi. Bundoq nafs «an-Nafsul ammoratu bissu’i» - yomonlikka amr qiluvchi nafs deb ataladi. Alloh taolo «Yusuf» surasida: «Va o‘z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka undovchidir. Albatta, Robbim mag‘firatli va bilguvchi zotdir», dedi», degan (53 oyat). Bu nafs egalarining oqibati yomon bo‘lishidan qo‘rqiladi. TAVBA DAVOSI Dardni topmagan odam uning davosini topishi ham mumkin emas. Dardning sababiga qarshi bo‘lmagan davoning foydasi bo‘lmaydi. Shuningdek, gunohning sababini topmagan odam, uning tavbasini topishi ham mushkul. Gunohda bardavom bo‘lishning sababi g‘aflat va shahvatdir. G‘aflatga ilm ila, shahvatga sabr ila qarshi turiladi. Gunoh deb atalmish dardning tabibi ulamolardir. Qalb xastaligi bo‘lmish bu dard badan xastaliklaridan yomondir va buning sabablari quyidagicha: 1. Bu dardga chalinganlar o‘zining xastaligini bilmaydi. 2. Bu dardning oqibati bu dunyoda ko‘zga ko‘rinmaydi. Badan xastaligiga uchraganning ko‘ziga o‘lim ko‘rinadi. Ammo dil xastaligiga duchor bo‘lganlarga bu narsa ko‘rinmaydi. 3. Bu dardning tabiblari oz. Dil dardini davolashi lozim bo‘lgan ahli ilmning ko‘pi o‘zlari dardmanddirlar. Aslida esa, ular g‘aflatga qarshi quyidagi ishlarni amalga oshirishlari kerak edi: 1. Qur’oni Karim oyatlarida, hadisi shariflarda va xabarlarda kelgan gunohkorlarni xavfga soluvchi ma’nolarni esga solish. Tavbaga chorlovchi narsalarni ularga aralashtirish. 2. Gunohlar oqibatida o‘tgan qavmlarga etgan musiybatlar haqidagi Qur’oni Karim va hadislarda kelgan qissa va hikoyalarni eslatish. 3. Gunohlarning kasofati bu dunyoda ham urishi mumkinligini, bandaga bu dunyoda etayotgan musiybatlar gunohlari sababidan bo‘lishini eslatish kerak. Alloh taolo «Shuro» surasida: «Sizga qaysi bir musiybat etsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini afv qilur», degan (30 – oyat). Insonning o‘zidan o‘tmasa, unga biror musiybat etmaydi. Lekin o‘ta mehribon bo‘lgan Alloh bandasini har bir gunohi uchun musiybatga duchor qilavermaydi, faqat ba’zisi uchungina musiybatga duchor qiladi, ko‘pini kechirib yuboradi. Agar Alloh taolo insonni har bir aybi uchun musiybatga uchratadigan bo‘lsa, inson darhol halokatga yuz tutar edi. Fuzayl ibn Iyoz: «Men o‘zimning Alloh taologa qilgan osiyligim asarini eshagim va xodimimning xulqidan bilib olaman», degan. Abu Sulaymon Doroniy: «Ehtilom ham uqubatdir. Birovning namozi qazo bo‘lishiga ham gunohi sabab bo‘ladi», degan. Alloh taolo «Mutoffifiyn» surasida: «Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘or bo‘lib o‘rnashib qolgandir», degan (14 – oyat). Ha, inson gunoh ishlarni qilaversa, qalbini mog‘or bosib, hech narsa ta’sir qilmaydigan bo‘lib qoladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan bir hadisi sharif vorid bo‘lgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Agar tavba qilib, u gunohdan butunlay qaytsa, istig‘for aytsa, qalbi poklanadi. Agar gunohni ziyoda qilsa, qalbidagi qora ham ziyoda bo‘ladi. Mana shu Qur’ondagi «Kallaa! Bal, rona ala qulibihim», deganidir», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Savob ish qalbga nur va badanga quvvat bo‘lur. Gunoh ish qalbga zulmat va badanga behollik bo‘lur», degan. 4. Aroqxo‘rlik, zino, odam o‘ldirish, hasad, g‘iybat kabi yakka gunohlarning jazolarini eslash lozim. Yuqorida aytib o‘tilganlar g‘aflatning muolajasi bo‘lsa, shahvatning muolajasi sabr ila bo‘lur. Bemor o‘zi zarar beradigan narsani tanovul qilishda davom etaversa tuzalmasligi aniq. U o‘zi uchun zararli bo‘lgan bu ishni zararidan g‘ofil bo‘lgani uchun yoki shahvatini enga olmagani uchun qiladi. Shahvatni engish uchun esa sabr kerak. Buning uchun o‘limni ko‘z oldiga keltirish lozim. Xulosasi, barcha imkoniyatlarni ishga solib, sabr ila tavbani to‘liq qilish zarur. https://savollar.islom.uz/smf/index.php/topic,8970.0.html



27 Aprel 2022, 20:02 | Savol-javoblar | 195 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar