Uyda namoz o‘qiganda

Assalomu alaykum! Biz oilaviy Toshkentda domda istiqomat qilamiz. Namoz vaqti kirganda masjiddagi azon bizga eshitiladi. Lekin biz azon eshitilsa ham yana o‘zimiz azon aytib namozni o‘qiymiz. Otam ham akam ham men ham alohida xonada azon aytib namozni o‘qiymiz. Uyda azon aytilsa savob amal bo‘larkan. Shunday qilishimiz to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sizlar namozlaringizni masjidda o‘qinglar. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ غَدَا إِلَى الْمَسْجِدِ أَوْ رَاحَ أَعَدَّ اللهُ لَهُ فِي الْجَنَّةِ نُزُلًا كُلَّمَا غَدَا أَوْ رَاحَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ertami-kechmi, masjid tomon borsa, Alloh taolo unga har erta va kech yurganida jannatdan manzil tayyorlaydi», dedilar».
Ikki Shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: Demak, insonning jannatdagi manzili, martabasi masjidga borishiga qarab bo‘ladi. Mo‘min banda har safar masjidga borgani sababidan Alloh taolo unga jannatda manzil tayyorlaydi. Qancha ko‘p borsa, jannatdagi martabasi shuncha ortib boraveradi. Shundan ayon bo‘ladiki, masjidga oz borgan odamning jannatdagi martabasi ham oz bo‘ladi. Endi masjidga bormagan odamning martabasi qay darajada bo‘lishi mumkin?
Shuning uchun ertayu kech masjidga qatnab, u erda jamoat bilan namoz o‘qishga harakat qilaverishimiz lozim.
Namozni masjidlarda jamoat bilan o‘qish afzal bo‘lib,  bu namozxonlar orasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi, kuch jamoatda, birlikda ekanligini anglatadi, ijtimoiy bog‘lanish va hamkorlikni kuchaytiradi. Jamoat namozi kishilar o‘rtasida tenglikni namoyish qiladigan eng muhim omildir. Namozda bandalar kim bo‘lishlaridan qat’i nazar, bir joyda, bir safda turadilar, bir xil amalni bajaradilar va Allohgagina banda ekanliklarini izhor etadilar.Namozda bandalarning jamoat shaklida imomga bo‘ysunishlari, bir maqsad uchun intilishlari namoyon bo‘ladi. Hatto jamoat namozi tufayli musulmonlar bir-birlari bilan tanishib, birodar bo‘ladilar, yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishga, bir-birlarining hollaridan xabar olishga odatlanadilar. Oralarida bemor, mazlum, hojatmandlar chiqib qolsa, yordam beradilar. Shu bilan birga, ular bir-birlarining xatolarini ham tuzatadilar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:02 | Savol-javoblar | 150 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar