O‘qish boshlangach namozlarim

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, o‘qish boshlangach (obeddan keyin 13.20 dan 17.40 gacha), namozlarimni to‘liq o‘qishga harakat qilyapman, lekin ba’zan buni uddalay olmayapman. Ya’ni asr va shom namozlariga ulgurolmay qolgan kunlarim ko‘p bo‘lyapti. Asosiy narsa shundaki, ibodatlarimdan va umuman o‘zimdan ko‘nglim to‘lmayapti, yig‘loq bo‘lib qolganman. Har ishimdan ayb topib siqilib qolyapman. Buni hech kimga aytolmayman. Shu sababli sizlarga yozib, yordam so‘ramoqchiman. Maslahatingizga juda muhtojman ustozlar. Buni ustiga yaqinda kanalingizda bir hadisga ko‘zimga tushdi ya’ni 100 tadan 1 kishi jannatiydir ma’nosida. Buni o‘qib battar yuragim ezildi, umidsiz bo‘lib qolyapman...
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz uchun birgina asr namoziga chiqish muammo ekan. Aslida bu to‘siqlar sizni darajangizni ko‘tarilishiga sabab bo‘ladigan to‘siqlardir. Osiyo onamizga qarang, xudolikni da’vo qilgan odamni xotini bo‘laturib odamzod tarixida kamol topgan to‘rt ayolning biri bo‘lish darajasiga etdilar. Agar u to‘siqlar bo‘lmaganida bu maqmga etisholmasdilar. Ashobul Kahfga tazyiq bo‘lmaganida qiymatgacha tilovat qilinadigan oyatda zikr qilinmagan bo‘lar edi. Gap to‘siqlarda emas, balki undan o‘tishga harakat qilish yoki qilmaslikdadir. O‘sha 100tadan bir kishi bo‘lishining g‘ami qalbingizga tushishi xursand bo‘ladigan ish, chunki imtihondan uni g‘amini qilib unga tayyorgarlik ko‘rganlar o‘tadi. Orzu qilib qolaverganlar emas. Asrni vaqt topib farzlarini o‘zini bo‘lsa ham ado qilib o‘qib oling. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:14 | Savol-javoblar | 171 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar