Oyoqqa mash tortish

Assalomu alaykum! Biz Andijonda xovlida (uchastka) turamiz bizda qish sovuq bo‘ladi, taxorat olganda peshinda oyoqlarni yuvib so‘ng maxsi kiyib ertasi kungi peshingacha masx tortib yursak bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bo‘ladi. "Kifoya" kitobida quyidagicha keladi:
Mashning muddati betahoratlik etganidan boshlab muqimga bir kechayu bir kunduz. Musofirga uch kechayu, uch kunduz.
Bu hukmni fuqaholarimiz quyidagi hadisi shariflardan olganlar:عَنْ شُرَيْحِ بْنِ هَانِئٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ سَأَلْتُ عَائِشَةَ عَنِ الْمَسْحِ عَلَى الْخُفَّيْنِ، فَقَالَتْ عَلَيْكَ بِابْنِ أَبِي طَالِبٍ فَسَلْهُ، فَإِنَّهُ كَانَ يُسَافِرُ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَسَأَلْنَاهُ، فَقَالَ جَعَلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ وَلَيَالِيَهُنَّ لِلْمُسَافِرِ وَيَوْمًا وَلَيْلَةً لِلْمُقِيمِ رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ  Shurayh ibn Hone’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Oishadan maxsiga mash tortish haqida so‘radim. U kishi:
«Sen Ibn Abu Tolibdan so‘ra, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safar qilar edi», dedi. Undan so‘ragan edik:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musofir uchun uch kechayu uch kunduz, muqim uchun bir kechayu bir kunduz qilganlar», dedi».
Muslim va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Muqim odam bir kechayu bir kunduz maxsiga mash tortishi mumkin. U muddat o‘tgandan keyin esa, agar tahorati sinmagan bo‘lsa, maxsini echib, oyog‘ini yuvishi shart.
Musofir odam esa uch kechayu uch kunduz maxsisiga mash tortib yuraversa bo‘ladi. U muddatdan o‘tib ketsa, musofir ham maxsisini echib, oyog‘ini yuvishi lozim.عَنْ خُزَيْمَةَ بْنِ ثَابتٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَ الْمَسْحُ عَلَى الْخُفَّيْنِ لِلْمُسَافِرِ ثلَاثَةٌ وَلِلْمُقِيمِ يَوْمٌ وَلَيْلَةٌ رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Xuzayma ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Maxsiga mash tortish musofir uchun uch kun, muqim uchun bir kunu bir kecha», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:19 | Savol-javoblar | 163 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar