Nabiy va Rasulning farqi

Assalomu alaykum! Yaqinda bir maruzada qori aka Nabiy va Rasulni farqi bor dedilar. Bu farq qanaqa?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! "Hadis va Hayot" kitobida quyidagicha keladi: NABIY VA RASUL ORASIDAGI FARQ  Nabiy va Rasul orasidagi farq haqida bir necha fikrlar zikr qilingan:
1. Alloh kimga osmondan xabar bersa-yu, o‘sha xabarni boshqalarga etkazishni amr qilsa, ana shu odam nabiy va rasuldir. Ammo boshqalarga etkazishni amr qilmasa, u nabiydir, rasul emas.
Xulosa shuki, rasul o‘ziga kelgan payg‘ambarlikni o‘zgalarga etkazishga amr qilingan. Nabiy esa bunga amr qilinmagan.
2. Rasul umumiy bo‘lib, farishtalardan ham, bashardan ham bo‘laveradi. Alloh taolo Qur’onda:
«Albatta u(Qur’on) hurmatli elchining so‘zidir» («Takvir» surasi, 19-oyat) deganda Jabroil alayhissalomni iroda qilgan.
Shuningdek, «Nihoyat, elchilarimiz kelib, ularning jonlarini olayotganda» deganda ham farishtalarni iroda qilgan («A’rof» surasi, 37-oyat).
3. Rasul yangi shariat bilan keladi. Nabiy yangi shariat bilan kelmaydi. Balki oldingi shariatga amal qiladi va o‘zgalarni ham unga amal qilishga chaqiradi.
Ushbu mavzuda yana bir qo‘shimcha ma’lumot va mulohazani zikr qilib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Qur’oni Karimda «rasul» va «nabiy» so‘zlari ko‘p keladi. Jumladan, bu ikki so‘z payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ham ishlatiladi. Ammo bu so‘zlarning ishlatilishida nozik ma’nolar borligi mulohaza qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan «nabiy» so‘zi o‘ttiz martacha ishlatilgan bo‘lsa, asosan o‘zaro insoniy aloqalar, nikoh, meros va o‘lja taqsimlash kabi masalalarda ishlatilgan.
Binobarin, bu ikki so‘zni tarjima qilishda ham shunga e’tibor bermog‘imiz lozim bo‘ladi. Iloji bo‘lsa, «Rasul»ni payg‘ambar deb tarjima qilsak ham «nabiy»ni tarjima qilmay, o‘z o‘rnida qoldirganimiz ma’qul bo‘ladi. Ikki ma’noni qo‘shib bayon qilishda esa «payg‘ambar» lafzi ishlatilsa bo‘laveradi. PAYFAMBARLIKNI ALLOH BERADI Payg‘ambarlik o‘qib-o‘rganib yoki kasb qilib topiladigan narsa emas. U Alloh taolo tomonidan beriladigan ilohiy ne’matdir. Alloh taolo Qur’oni Karimning «Haj» surasida aytadi:
«Alloh farishtalardan va odamlardan Rasullar tanlab olur. Albatta, Alloh Samiy’ va Basiyrdir» (75-oyat).
Alloh taolo payg‘ambarlar yuborish bilan birga, bandalarni o‘sha zotlarga iymon ketirishga va ularga ergashishga amr qilgan. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:26 | Savol-javoblar | 170 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar