Sajda qilayotganda duo qilsa bo‘ladimi
Assalomu alaykum! Haramda edim. Tavof qilayotgan yosh yigitlardan uchtasi yonimga keldi. Ulardan biri sherigini ko‘rsatib: – Shu birodarimizning haqqiga duo qilib qo‘ysangiz, – dedi. – Tinchlikmi? – so‘radim men. – Bugun payshanba, kelayotgan shanba kuni og‘zini operatsiya qildiradi… Til saratoni bo‘lgan ekan, uning tili, tomog‘i umuman og‘zi saraton bo‘lgan. Operatsiyadan esa, besh foiz umid bor, xolos. Men bemor yigitga yuzlandim: – Senga bu dardni kim berdi? – Alloh. – Nega berdi? Nima uchun seni bu dardga mubtalo qildi? – ... – Musibat, yo gunoh sababidan tushadi yoki Alloh suygan bandasiga musibat beradi. Bilginki, Alloh seni yaxshi ko‘radi, U sening duo qilmog‘ingni istaydi. Eng uzoq qilgan sajdangni eslaysanmi? Bir daqiqami, ikki daqiqami? – Eslolmadim, bir daqiqaga bormaydi. – Doktorga qancha «sajda» qilasan? So‘zimni noto‘g‘ri tushunma, sajda hokisorlik demakdir. Doktorga navbat kutib turishing bir nav hokisorlikdir. Agar doktor shu issiq kunda, “Men bandman, kechgacha kutinglar“, desa kutasanmi? – Noiloj kutaman. – Qara, doktorning sajdasiga bir kuningni ajratar ekansan, ammo dardni davosi bilan tushirgan Alloh taologa esa bir daqiqa ham sajda qilmaysan... Notiq shu erda hikoyani to‘xtatib, boshqa hodisani bayoniga o‘tadi. Bir kuni masjidda odamlarga mazkur voqeani aytib berayotib, ularga savol berdim: “Orangizda besh daqiqa sajda qilgan kishi bormi? Iltimos umrida besh daqiqa sajda qilganlar bo‘lsa, qo‘lini ko‘tarsin!” Hech kim ko‘tarmadi. Umrida ikki daqiqa sajda qilganlar bo‘lsa, behijolat qo‘lini ko‘tarsin, dedim. Hamma erga qaradi. Hech kim boshini ko‘targisi kelmasdi. Ha, o‘ta tez aytilgan “Subhana Robbiyal a’la” tasbehi bizning uch yoki besh soniya vaqtimizni oladi, deyarli hammamiz sajda uchun 5 yo 10 soniya ajratamiz, xolos. Notiq bu chekinishidan so‘ng asl hikoyasiga qaytdi. – Payg‘ambarimiz sollAllohu alayhi vasallam: “Bandaning Alloh taologa eng yaqin bo‘lgan oni sajdada turgan paytidir. Bas, duoni ko‘paytiringlar”, deganlar. Uka, uzoq sajda qilib, o‘zing Allohga yalinib yolvor, dedim. U yonimda namoz o‘qidi. Haramda odam ko‘p edi. Xotirjam namoz o‘qishning iloji yo‘q. Yigit namozni tugatib: “Tahoratga chiqib kelay” deb ketdi. Shu-shu, u bilan boshqa ko‘rishmadim. Oradan sakkiz oy o‘tgach, Jiddada uning sherigini ko‘rib qoldim. Salom-alikdan keyin bemorning holini so‘radim. “O‘sha kuni tahoratga chiqib ketgan sherigimiz, ha deganda kelavermadi. Yarim soat o‘tdi, bir soat, bir yarim, hanuz undan darak yo‘q edi. Har xil xayolga bordik, nahot adashgan bo‘lsa! Bo‘lishi mumkin emas, deb men sherigimni izlab chiqdim, tahoratxonaga bordim, u erda yo‘q, erga cho‘zilib yotgan kishilar yoniga kelib qidirdim, u erda ham yo‘q. Oxiri pana joyda namoz o‘qiyotganini ko‘rib qoldim, sajdada ekan. Yoniga borib men ham ikki rakat namoz o‘qidim. Namozni tugatib u bilan gaplashaman desam, u hamon sajdada ekan. Besh daqiqa, o‘n daqiqa, yigirma daqiqa kutdim. U sajdadan boshini ko‘tarmas edi. Nihoyat qirq besh daqiqacha o‘tgach, sajdadan boshini ko‘tardi. Biz Riyodga qaytdik, Frantsiyadan mutaxassis doktor chaqirilgan. Operatsiyadan oldin doktor rentgen natijasi va qon analizi bilan tanishdi. Unga ikki xil rentgen natijasi va ikki xil analiz natijalari berildi. Biri shanba kungi natijalar, ikkinchisi avvalgi natijalar. – “Bu nima? Mana bunisi boshqa odamni analizi bo‘lsa kerak”, dedi. Hamshiralar har ikkala rentgen va analiz shu bemorniki ekanini tasdiqlashdi. Doktor hayratlanib “bo‘lishi mumkin emas” derdi. Ushbu maqolaga ishonib, sajda qilganda subhaana robiyal alo dan keyin duo qilsa bo‘ladimi. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri maqola?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Albatta, dilidan xohlagancha o‘tkazishi mumkin. Alloh qalbdagi narsalarni ham biluvchi Zot. Vallohu a’lam!
25 May 2022, 20:31 | Savol-javoblar | 185 | Ibodatlar
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Albatta, dilidan xohlagancha o‘tkazishi mumkin. Alloh qalbdagi narsalarni ham biluvchi Zot. Vallohu a’lam!
25 May 2022, 20:31 | Savol-javoblar | 185 | Ibodatlar