Otaga mehr bo‘lmasa

Assalomu alaykum! Biz oilada ko‘p farzandlarmiz. Otam yoshligimizda tarbiyamizga juda qo‘pol muomalada bo‘lgan. Arzimagan narsaga yoshligimizdan juda qattiq kaltaklab katta qildi. Arzimas narsaga ham uraverardi. Mana voyaga etdik, uylandik, farzandlarimiz bor. Lekin qalbimda tarixim sahifalarida "qora" nimadir qolib ketgan. Otam bilan bir joyda o‘tirib ko‘zlariga qarab bemalol gaplasha olmayman. O‘zimni olib qochaman. O‘z o‘zimdan biror narsa olib kelib yoki ishlariga yordamlashib ketolmayman. Bir chekkada qarab turaman. Aytganlarini bazida qilmayman. Faqat biron narsa so‘rasalar javob beraman. Yoki bazida qilayotgan ishingiz noto‘g‘ri deb ko‘yyaveraman. Bir necha yil oldin otam katta miqdorda foizli qarzga botdi. O‘zim ishlab to‘layman deb rossiyaga ketdi. Lekin ish bo‘lmadi shekilli to‘lay olmadi. Majburlikdan bankdan kredit olib qarzlarini yopdim. Rossiyadan qaytgach uyga kelib meni namoz o‘qiyotganligim uchunmi uyalganlaridanmi namozga kirdilar. Alloh hidoyat berdi. Otam qaysi ishga qo‘l urmasin shu ish o‘xshamaydi. Baraka qochadi. Aniq bilaman bir necha bor kuzatganman. Bizni ishlarimizga ham aralashib unaqamas bunaqa deb faqat noliyveradilar. Natijada otam aralashgan ish o‘xshamaydi. Odatda, faqat deyarli barcha narsadan noshukrlik qilaveradilar. Noshukrlik-nematni qirqishini bilaman. Maslahat berganim bilan aniq foydasi yo‘q. Bazida ishlash uchun chet elga ketaman deydilar. Borsalar namoz qolib ichkilikka beriladilar. Sezaman. Ketsalar ishimizda o‘sish bo‘ladi. Barakasi bo‘ladi. O‘ylaymanki meni otamga nisbatan hatti harakatim yoshlikdagi tarbiyadan deb o‘ylayman. Otamdan o‘zimni uzoq tutishim boisi ham shudir. O‘zimni majburlasam ham shu ahvol. Savolim shundan iboratki. Ota-ona noto‘g‘ri tarbiya bergan bo‘lsa, farzandda mehr bermagan bo‘lsa, farzandni aybi nimada? Otamga bu muomalam uchun Alloh oldida gunohkor bo‘lamanmi? 2. Farzand ota-onadan qolgan qarzni qiyinchiliklar ila bo‘lsada to‘lasa buning uchun ajrlar bormi? 3. Otamni noshukurligini qanday davolash mumkin. Yoki chet elga ketishlariga ruxsat beraylikmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu sizga imtihon. Alloh taolo otangizga, siz uchun duo qilsa ijobat, yuziga muhabbat bilan qarasangiz qabul bo‘lgan haj va umrani savobini yozadigan martabani berib qo‘ygan. Shayton sizga bu savobni osonlikcha berishga yo‘l qo‘yadimi? U o‘tgan barcha najosatlarni kovlab, sizda nafrat uyg‘otib, o‘sha savobdan mahrum qilgisi keladi. Hoy, bilinki, otaning farzandi haqqiga qilgan duosi shak-shubhasiz ijobat. Yo‘lini topib duosini oladigan ishlarni qiling. Otangiz nima bo‘lsa ham o‘ziga qo‘ying, xalqimizda “to‘ng‘iz bo‘lsa boylab boqqin” deb bekorga aytilmagan. O‘sha otangizni bir bor nazaridan qolsangiz jannat sizga harom bo‘lishini bilsangiz edi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:48 | Savol-javoblar | 155 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar