Iymon lazzati

Assalomu alaykum! Eshitishimcha dunyodagi eng lazzatli narsa bu iymon lazzati ekan. Uni his etish uchun nima qilish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Buning hosil qilish uchun esa luqmani halol qilish kerak. Alloh harom qilgan narsalardan saqlanish kerak. عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: ثَلَاثٌ مَنْ كُنَّ فِيهِ وَجَدَ حَلَاوَةَ الْإِيمَانِ: أَنْ يَكُونَ اللهُ وَرَسُولُهُ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِمَّا سِوَاهُمَا وَأَنْ يُحِبَّ الْمَرْءَ لَا يُحِبُّهُ إِلَّا ِللهِ تَعَالَى وَأَنْ يَكْرَهَ أَنْ يَعُودَ فِي الْكُفْرِ كَمَا يَكْرَهُ أَنْ يُقْذَفَ فِي النَّارِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ  Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uch narsa borki, ular kimda bo‘lsa, Iymon halovatini topadi: Alloh va Uning Rasuli uning uchun ikkovlaridan o‘zga hamma narsadan mahbub bo‘lmoqlari, bir kishiga faqat Alloh taolo uchungina muhabbat qilmog‘i va kufrga qaytishni xuddi olovga tashlanishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rishi», dedilar».
Beshovlaridan Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Ushbu hadisda Islomning eng asl tushunchalaridan biri – komil iymon halovatini qaysi yo‘l bilan topish mumkin ekanligi bayon qilinmoqda. Chunki iymon halovatini topish oddiy hol emas. «Halovat» so‘zi «holva»dan olingan bo‘lib, «shirinlik» ma’nosini anglatadi. Asli moddiy ma’noda ishlatiladigan bu so‘z bu erda istiora ila ma’naviy ma’noda kelmoqda.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘z boshida:
«Uch narsa borki, ular kimda bo‘lsa, Iymon halovatini topibdi», deb, eshituvchini qiziqtirib olmoqdalar. Iymon halovati hammani qiziqtiradigan masaladir. Hamma «Iymon halovatini qanday qilib topsa bo‘lar ekan?» deb yuradi. Iymon halovatini uch narsa bilan topish mumkinligini e’lon qilish esa hammaning e’tiborini o‘ziga tortishi turgan gap. E’tibor jalb qilib olingandan so‘ng esa o‘sha uch narsani bayon qilish boshlanadi:
1. «Alloh va Uning Rasuli uning uchun ikkovlaridan o‘zga hamma narsadan mahbub bo‘lmoqlari».
Komil iymonga ega bo‘laman, iymon halovatini topaman, degan odam Alloh taoloni va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni hammadan ko‘p sevmog‘i lozim. Zotan, busiz iymon bo‘lishi ham mumkin emas. Xo‘sh, Alloh va Uning Rasulini sevish nima bilan bo‘ladi? Bu boradagi muhabbatni qanday tushunmoq kerak? Ulamolarimizning bu savolga bergan javoblaridagi iboralari turlicha bo‘lsa ham, ma’nosi birdir. U ham bo‘lsa, Allohga muhabbat uning aytganini qilib, qaytarganidan qaytishdir. Alloh yaxshi ko‘rgan narsani yaxshi ko‘rib, Alloh yomon ko‘rgan narsani yomon ko‘rishdir. Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga muhabbat ham u zotning shariatlari va sunnatlarini lozim tutmoqdan iboratdir.
2. «Bir kishiga faqat Alloh taolo uchungina muhabbat qilmog‘i».
Mo‘min-musulmonlar orasidagi muhabbat Alloh uchun bo‘lgandagina ular komil iymon halovatini topadilar. Bu muhabbat ikki tomonning Allohga bo‘lgan muhabbatidan kelib chiqqan muborak muhabbatdir. Chunki ularni birodar qilgan, do‘stlashtirgan Zot Alloh taoloning O‘zidir. Shuning uchun ham mo‘minlarning o‘zaro muhabbatlari Alloh uchun bo‘lmog‘i lozim. Dunyo va uning matohlari uchun bo‘lgan muhabbat orqali hech qachon iymon halovatini topib bo‘lmaydi.
3. «Kufrga qaytishni xuddi olovga tashlanishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rishi».
Zotan, kufrga qaytish olovga tashlanish demakdir. Demak, iymon halovatini topish uchun faqat bir taraflama harakat kifoya qilmas ekan. Muhabbat qilish bilan bir qatorda, nafrat qilishni ham, o‘zini tiyishni ham joyiga qo‘yish kerak ekan. Kufr va unga olib boruvchi narsalar mo‘min kishi uchun unga yaqinlashganda kuydiradigan olov kabi qo‘rqinchli va yoqimsiz narsa bo‘lishi kerak. Mo‘min kishi katta-kichik kufrga tegishli har bir narsadan xuddi yonib turgan dahshatli olovdan qo‘rqqandek qo‘rqishi, unga tushishdan saqlanganidek saqlanishi lozim.
Ushbu hadisi sharifdan oladigan foydalarimiz aniq. Bir o‘ylab ko‘raylik. Darhaqiqat, Allohga va Uning Rasuliga bo‘lgan muhabbatimiz ulardan boshqaga bo‘lgan muhabbatimizdan ustunmi? Doimo Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytyapmizmi? Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shariatlariga, sunnatlariga qanchalik amal qilyapmiz? Yoki molu dunyoga muhabbat qo‘yib, uning domiga tushgancha, xalos bo‘lolmay yuribmizmi? Yoxud mansab pog‘onasida ko‘tarilishga vosita bo‘luvchi o‘zimizga o‘xshash ojiz bandaga ko‘proq egilib-bukilib, qulluq qilmoqdamizmi? Ehtimol, shuning uchun Iymon halovatini emas, dunyo matohi halovatini topayotgandirmiz?! Avval nima bo‘lgan bo‘lsa, bo‘lib o‘tdi. Endi iymon halovatini topishga urinaylik! Buning uchun Allohga va Uning Rasuliga ulardan boshqa hamma narsadan ko‘proq muhabbat qo‘yishga harakat qilaylik! Hayotimizning har bir sohasida Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytaylik! Mahbub Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shariatlari asosida yashab, sunnatlariga to‘liq amal qilishga o‘taylik! Mo‘min-musulmonlarga bo‘lgan muhabbatimizga ham qayta bir nazar solaylik. Shoyad, bu sohada ham ushbu hadisi sharifdan foyda olsak!
Keling, ochiqchasiga gaplashib olaylik: nega kishilarni faqat Alloh uchun sevmaymiz? Ularga bo‘lgan muhabbatimizda g‘arazsizmizmi? Bu muhabbatning ortidan dunyo matohini, izzat-ikromni va yana qandaydir manfaatni kutmayapmizmi? Bunaqalar yo‘q, bo‘lsa ham oz, deysizmi? Unday bo‘lsa, o‘rgangan hadisimizdan foyda olishga o‘taylik, Allohning muxlis, taqvodor bandalarini Alloh uchun sevishni boshlaylik! Ha, bu muhabbatimiz mansab, dunyoviy g‘araz, turli manfaatlar uchun emas, faqat Alloh uchun bo‘lsin! Faqatgina yolg‘iz Alloh uchun bo‘lsin! Ana shunda iymon halovatini topamiz.
Shuningdek, kufrga va unga tegishli narsalarga bo‘lgan munosabatimizni ham qayta ko‘rib chiqaylik. Darhaqiqat, kufrdan va unga tegishli narsalardan olovga tashlanishdan qo‘rqqandek qo‘rqamizmi yoki beparvoroqmizmi? «Qanday qilaylik, zamon shu ekan, odamlar qilayapti-ku» deb, yana g‘aflatda yurgan bo‘lmaylik! Agar, Alloh ko‘rsatmasin, shunday beparvolik qilayotgan bo‘lsak, unda darhol o‘zimizni o‘nglab, iymon halovatini topishga harakat qilaylik.
Ulug‘ ma’nolarni o‘zida aks ettirgan bu hadisning hikmatlariga bugungi kunda inson qanchalik muhtoj ekanligini anglab eta olarmikanmiz? O‘n beshinchi hijriy asrning boshlarida insoniyat iymon halovatini qanday totishini anglay olyapmizmi? Ushbu hadisi sharifni o‘rganganimizdan keyin, albatta, anglaymiz.
Boshqalarni qo‘yib, musulmonlik da’vosini qilayotganlarni, ushbu hadisni aytgan zot – Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlik da’vosini qilayotganlarni olib ko‘raylik.
Kishilarning Allohga va Uning Rasuliga bo‘lgan muhabbatlari qay darajada? Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytishi qay darajada? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shariatlariga, sunnatlariga amal qilish qay darajada? Katta masalalarni qo‘yaturaylik, eng oson, ko‘p harakat talab qilmaydigan kalimai shahodatni qancha odam tushungan holda, to‘g‘ri nutq qila oladi? Bu savollar javobsiz qolayotgan ekan, iymon halovatiga biz muhtoj bo‘lmay, kim muhtoj bo‘lsin?
Bugungi kunda insoniyat o‘zaro muhabbat Alloh uchun bo‘lishiga juda muhtoj! Alloh uchun muhabbat yo‘qligidan yakka shaxslar, urug‘lar, qabilalar, jamiyatlar orasida o‘zaro ishonchsizlik, bir-biriga xiyonat qilish, dushmanlik kundan-kunga ortib bormoqda. Bu balo-ofatlardan qutulish uchun ushbu hadisga amal qilish kerak.
Kufrdan qo‘rqmaslik, undan tap tortmaslik, bugungi kunimiz odatlaridan biridir. Gap bilmay turib kufrga yurish yoki kufrga oid fikrni, gapni yoki ishni amalga oshirish haqida ketayotgani yo‘q. Gap ko‘ra-bila turib, qasddan shu yo‘lga yurish haqida ketmoqda.
Faqat iymon va Islom da’vosini qilayotganlarni olaylik – ular kufrdan qanchalik hazar qiladilar? Kufrga tegishli ishlardan qanchalik saqlanadilar? ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:53 | Savol-javoblar | 170 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar