Omad haqida

Assalomu alaykum! «Omad» degan narsa o‘zi bormi yoki yo‘q? Shaxsan men omadga ishonmayman. Chunki hayotimizdagi barcha narsalar xoh baxt, xoh baxtsizlik bo‘lsin yolg‘iz Allohdan deb bilaman. Lekin ko‘pchilik insonlar ba’zi bir hollatlarda, ayniqsa hayotidagi muvaffaqiyatlarni omadga yo‘yishadi, ya’ni «omadim keldi», «omad kulib boqdi» degan gaplarni aytishadi yoki bo‘lmasa, yaxshilik tilashganda «Omad yor bo‘lsin» deyishadi. Axir omad bu bir mavhum tushancha emasmi? Bunaqa gaplarni gapirish bizni iymondan chiqarmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! عَنْ صُهَيْبٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: عَجَبًا لِأَمْرِ الْمُؤْمِنِ، إِنَّ أَمْرَهُ كُلَّهُ خَيْرٌ، وَلَيْسَ ذَاكَ لِأَحَدٍ إِلَّا لِلْمُؤْمِنِ، إِنْ أَصَابَتْهُ سَرَّاءُ شَكَرَ، فَكَانَ خَيْرًا لَهُ، وَإِنْ أَصَابَتْهُ ضَرَّاءُ، صَبَرَ فَكَانَ خَيْرًا لَهُ Suhaybdan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Mo‘minning ishi ajoyib-da! Chunki uning har biri ishi yaxshilikdir. Bu mo‘mindan boshqaga xos emas. Unga xursandchilik etsa, shukr qiladi va bu uning uchun yaxshilik bo‘ladi. Unga g‘amginlik etsa, sabr qiladi va bu ham uning uchun yaxshilik bo‘ladi».
Qolaversa iymonning shartlaridan biri yaxshilik va yomonlik Allohdandir deb iymon keltirishdir. Boyni omadli desangiz hadisda kelishicha kambag‘al undan 500 yil oldin jannatga kiradi deyilgan. Haqiqiy omadli kim unda?!
Sog‘lom odamni omadli desangiz hadisda kelgan xabarda ahli balolarga savob berilganda sog‘lom odamlar “Qani edi badanlarimni temir omburlar bilan qisib tashlanganida edi” deb orzu qiladi deyilgan. Siz to‘g‘ri aytibsiz, qimor yoki lotoreyadan yutganlar o‘zlari omadli deb hisoblashadi. Vaholanki u asli nopok pul hisoblanib, oxiratda u qorniga eydigan do‘zaxning olovi bo‘ladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:59 | Savol-javoblar | 167 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar