Musulmon er bilan xristian xotin

Assalomu alaykum Hurmatli ustozlar, bizni ishxonada bir xiristiyan ayol ishlaydi. Uni eri musulmon, bugun unga “seni ering musulmon senchi” dedim. U “Ha, men xristiyan, lekin erim bilan masjidga borib nikoh o‘qittirdik. Domla omin qilganda men ham omin qildim, erim xar doim uyda omin qilsa men ham omin qilaman, lekin xiristiyan diniga xam etiqod qilaman” dedi. Unga bu mumkin emas ering islomda bo‘lsa sen ham islomda bo‘lishing kerak desam, “agar shunday bo‘lsa qani menga Qur’ondan oyat yoki hadis bo‘lsa ko‘rsat” dedi. Men Insha Olloh ko‘rsataman dedim. Iltimos menga yordam bering Olloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz noto‘g‘ri aytibsiz. Xristian va yahudiy dinidagi bo‘lgan ayol o‘z dinida qolgan holatda musulmonga turmushga chiqishi mumkin. Alloh taolo "Moida" surasida marhamat qiladi:  الْيَوْمَ أُحِلَّ لَكُمُ الطَّيِّبَاتُ وَطَعَامُ الَّذِينَ أُوتُواْ الْكِتَابَ حِلٌّ لَّكُمْ وَطَعَامُكُمْ حِلُّ لَّهُمْ وَالْمُحْصَنَاتُ مِنَ الْمُؤْمِنَاتِ وَالْمُحْصَنَاتُ مِنَ الَّذِينَ أُوتُواْ الْكِتَابَ مِن قَبْلِكُمْ إِذَا آتَيْتُمُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ مُحْصِنِينَ غَيْرَ مُسَافِحِينَ وَلاَ مُتَّخِذِي أَخْدَانٍ وَمَن يَكْفُرْ بِالإِيمَانِ فَقَدْ حَبِطَ عَمَلُهُ وَهُوَ فِي الآخِرَةِ مِنَ الْخَاسِرِينَ۝ 5. Bugungi kunda sizlarga barcha pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Iffatlari saqlangan mo‘minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lgan iffatlari saqlangan ayollar ham, agar iffatingizni saqlagan, zinoga bormagan va o‘ynash tutmagan holingizda mahrlarini bersangiz, (sizga haloldir). Kim iymonni inkor qilsa, uning amali habata bo‘ladi va u oxiratda ziyon ko‘ruvchilardandir. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:09 | Savol-javoblar | 166 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar