Qazo namozlarini o‘qish shartmi

Assalomu alaykum! Men 37 yoshimda namoz o‘qishni boshladim. 37 yoshimgacha bo‘lgan davrdagi o‘qimagan namozlarni qazo sifatida o‘qib ado etishim shartmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ha. Qazosini o‘qishingiz shart. Qazo namoz to‘g‘risidagi masalalar bugungi kunimizdagi eng dolzarb masalalardan biri sanaladi. Mo‘min-musulmonlar o‘rtasida, ming afsuski, bu ma’noda tushunmovchiliklar ham bor.Bir toifa kishilar orasida «odam umr bo‘yi namoz o‘qimay yurgan bo‘lsa-yu, keyin tavba qilib, tariyqat shayxlaridan biriga qo‘l berib, murid bo‘lsa, avvalgi o‘tgan namozlarini o‘qimay qo‘ysa, joiz, ular elkasidan soqit bo‘ladi, o‘sha shayxga qo‘l bergan, tavba qilgan kunidan boshlab o‘qiyveradi», degan mutlaqo noto‘g‘ri, shariatga to‘g‘ri kelmaydigan fikr tarqab qolgan. Bu gapni hech kim aytmagan, hech qachon aytmagan, hech qaerda aytmagan. Afsuski, faqat bizda hozirda shu gap bo‘lib turibdi. Biz bu holatni muolaja qilishimiz, tuzatishimiz kerak.
Ibodatni o‘z vaqtida bajarishni «ado» deyiladi. Vaqti o‘tib ketgandan keyin bajarishni «qazo» deyiladi. Namoz farz, Allohning haqqi, bu haqni bekor qilishga hech kimning imtiyozi yo‘q. Alloh taolo buyurgan ibodatni o‘z vaqtida ado etish lozim va lobud. Ado etolmay qolgan inson esa, uni qazo qilishi shart.
Namozning qazosi «Qazo – ado kabidir» qoidasiga ko‘ra bajariladi. Namozning qazosini o‘qiyotgan kishi uni o‘z vaqtida ado qilganda qanday o‘qiydigan bo‘lsa, xuddi shunday o‘qiydi. Shunga ko‘ra, safarda o‘qimay qoldirgan namozini – musofir bo‘lsin, muqim bo‘lsin – qasr qilib o‘qiydi. Xuddi shuningdek, hazarda – muqimlikda qoldirgan namozini safarda qazo qilsa ham, to‘liq ado etadi.
Namozning faqat farzlari va Vitr vojib namozi qazo qilinadi. Sunnat namozlar qazo qilinmaydi.
Qazo o‘qimoqchi bo‘lgan inson har bir kundalik farz namozidan oldin o‘sha namozning qazosidan ham o‘qib borsa, har kuni bir kunlik qazo bajargan bo‘ladi. Yoki kunning yo kechaning ma’lum bir vaqtini ajratib olib, bir yo‘la tartib bilan: Bomdod, Peshin, Asr, Shom, so‘ngra Xufton va Vitrni qazo qilsa ham bo‘ladi. Bunda agar ikkitadan qazo namoz o‘qisa, ikki kunlik qazo namozi soqit bo‘ladi. Mana shu zaylda, oylar, yillar davomida bir necha yillik qoldirilgan namozlarni qazo qilish mumkin.
Mana bu savol berayotgan o‘quvchimizga o‘xshab o‘n yil, undan ortiq yoki kam muddatdagi ko‘plab namozlarni tark qilgan kishilar ushbu tartibga amal qilishlari kerak.
Hozirda ba’zi bir insonlar «shuncha yildagi namozni qanday qilib o‘qib, tugatib bo‘ladi», degan da’vo bilan, avvalgi noto‘g‘ri yo‘ldagi toifadagilarga o‘xshab, «o‘qimasa ham bo‘ladimi?», degan savolni o‘rtaga tashlashadi va buni oqlash uchun turli bahonalarni axtarishadi. Ana shunday bahonalardan biri, «Biz avval johiliyatda edik, musulmon emas edik, endi musulmon bo‘ldik», degan bahona. Qanday tillari boradi bu gapni aytishga, inson umuman tasavvuriga ham sig‘dira olmaydi. Undan ko‘ra: «Musulmon edik, gunohkor musulmon bo‘lgan edik, tarki farz qilgan musulmon, benamoz musulmon bo‘lgan edik. Endi o‘sha qazo namozlarni o‘qib qo‘yaylik», deyishsa, mana shu go‘zal emasmi?! Agar musulmon bo‘lmagan bo‘lishsa, avvalda johil, kofir, mushrik bo‘lgan bo‘lishsa, oradagi farzandlari nima bo‘ladi?! Ayoli yoki eri bilan o‘tkazgan shuncha umri nima bo‘ladi?! Ozmi-ko‘pmi dini-diyonati, qilgan e’tiqodi, ba’zi bir amallari nima bo‘ladi?!
Mana bu taraflarini ham o‘ylash kerak. Dangasalik qilib qazo namozidan qochib, qandaydir shayx yo pirni sababchi qilish yoki o‘zini kofir, mushrik qilib olishdan ko‘ra, tavba qilib, qazo namozlarini o‘qib boraverish kerak. Qabul qiladigan, uning hisob-kitobini oladigan – Alloh taoloning O‘zi.
Ikkinchi bir tomondan, hisoblash mashinasini olib, tark qilingan namozlarni yillikka ko‘paytirib, qanchadir katta bir sonni chiqarib olgach, «ho‘h-ho‘, buni qanday ado etaman endi?» deb, boshqa barcha turmush ishlarini, tashvishlarini tashlab qo‘yib, uydan chiqmasdan namoz o‘qib o‘tirish harakatidagilar ham bor. Bu ham to‘g‘ri emas.
Shar’iy kitoblarimizda qazo namoz to‘g‘risida kelgan ko‘rsatmalarda o‘rtacha yo‘lni tutish tavsiya etiladi. Unga ko‘ra, ko‘p farz namozni tark etgan odam o‘z oilasining tashvishi, turmush harakatlariyu xarajatlari va boshqa hayotiy ishlarini o‘z o‘rnida bajarib boraveradi, tashlab qo‘ymaydi. Ammo, bo‘sh fursat topganda, qoldirgan namozlarni qazo qilish payida bo‘ladi. Kuchi etganicha, imkoni boricha bajarib boradi, qolgani Alloh taoloning O‘ziga havola.
Robbul olamiyn O‘zi fursat berib, qazo namozini oxirigacha o‘qib etkazsa, nihoyatda yaxshi! Mabodo, umr qisqalik qilibmi, boshqa bir sababdanmi, imkoni bo‘lmasa, Alloh taolo O‘zi kechiruvchi Zot.
Siz bilan biz mo‘min-musulmonlar qazo namozlari haqidagi tushunchamizni to‘g‘rilashimiz, imkoni boricha ularni o‘qib borishga harakat qilishimiz kerak. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:27 | Savol-javoblar | 263 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar