Qo‘shnisida fitnaga uchrashi qanday bo‘ladi

Assalomu alaykum! Umar roziyallohu anhu fitnalar haqida hadis so‘raganlarida, Huzayfa roziyallohu anhu "kishining fitnaga uchrashi ahlida, molida va qo‘shnisida bo‘ladi" degan ekanlar. Kishining qo‘shnisida fitnaga uchrashi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Hadis va Hayot” kitobida quyidagicha keladi: عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: فِتْنَةُ الرَّجُلِ فِي أَهْلِهِ وَمَالِهِ وَوَلَدِهِ وَجَارِهِ تُكَفِّرُهَا الصَّلَاةُ وَالصَّوْمُ وَالصَّدَقَةُ وَالْأَمْرُ وَالنَّهْيُ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ.Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kishining ahlidagi, molidagi, bo‘lasidagi va qo‘shnisidagi fitnasini namoz, ro‘za, sadaqa, amr va nahiy o‘chiradi», dedilar».
Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: «Fitna» so‘zi «sinov» ma’nosini anglatadi. Arablarda ma’danni o‘tga solib, sinab ko‘rish ham «fitna» deyiladi.
Ma’naviy sohada esa insonning iymon-e’tiqodi, shariatga amal qilishi, uning insoniy fazilatlari uchun sinov bo‘ladigan narsalar fitna deyiladi. Shu ma’noda inson uchun uning ahli ayoli ham fitna bo‘lishi mumkin. Ba’zi kishilarning ahli ayoliga qiziqib, ularni rozi qilaman, deb, turli xatolarga yo‘l qo‘yishlari sir emas.
Shu bilan birga, molu dunyo to‘plash, uni saqlash, joy-joyiga sarflash ham ma’lum ma’noda fitnadir. Inson mol-dunyo va unga taalluqli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib ketib, ba’zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin.
Bo‘la-chaqa ham inson uchun fitnadir. Alloh taolo Qur’oni Karimda:
«...Mollaringiz va farzandlaringiz fitnadan o‘zga narsa emas», degan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutba qilib turganlarida masjidga kirib kelgan jajji nabiralari yiqilib tushganini ko‘rib, yugurib borib uni ko‘tarib olganlar va yuqoridagi oyatni o‘qiganlar. Demak, bo‘la-chaqa deb ham ba’zi kamchiliklar sodir bo‘lishi mumkin. Bu bo‘lalarning fitnasidir.
Qo‘shnilar bilan bo‘ladigan munosabatlarda ham shunga o‘xshash holatlar sodir bo‘lsa, buni qo‘shnining fitnasi deyiladi.
Mazkur xatolarga yo‘l qo‘yganda ularni yuvish uchun Alloh taolo musulmonlarga to‘rt narsani: namozni, ro‘zani, sadaqani hamda amri ma’ruf va nahyi munkarni bergandir.
Musulmon bu to‘rt ibodatni o‘z vaqtida ado etib tursa, ahli ayoli, moli, bo‘lasi va qo‘shnisidan iborat to‘rt narsaning fitnasi tufayli sodir bo‘lgan xatolari yuvilib turar ekan. Ana shu fitnalar tufayli sodir etiladigan xatolarning kafforoti uchun bajariladigan amallarning boshida namozning turishi bu ibodatning naqadar zarur ibodat ekanligini ko‘rsatmoqda. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 14:20 | Savol-javoblar | 164 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar