Olimlarni mazax qilish

Assalomu alaykum! Kimki olimlarni mazax qilsa mazax qilgan odam agar nikohlangan bo‘lsa uning nikohiga putur etadi degan gapni eshitdim .Turmush o‘rtog‘im juda ko‘p mazax qiladilar. Haqiqatdan shunday insonning nikohiga putur etadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mazax qilish ikki xil bo‘ladi. Bir kishini mazax qilib uni dinini mazax qiladi. Bunda shak-shubhasiz kofir bo‘lib, xotini bilan o‘rtasidagi nikoh buziladi. Masalan soqol degan narsadan nafratlanaman deydi. Yoki dinni yomon ko‘raman, Qur’onni yomon ko‘raman, azonni eshitsam asabim o‘ynaydi desa yoki bo‘ynilariga suyaklarni osib olib men Azroilman deb malakul mavt farishtasini ermak qilsa. Aqiyda kitoblarimizda “Bir kishi balandga o‘tirib olib, o‘zini Qur’on o‘qituvchi mudarrisga o‘xshatib qo‘liga kaltak olib o‘qi deb ermak qilsa kofir bo‘ladi” deyilgan.  Alloh taolo "Tavba" surasida marhamat qiladi: وَلَئِن سَأَلْتَهُمْ لَيَقُولُنَّ إِنَّمَا كُنَّا نَخُوضُ وَنَلْعَبُ قُلْ أَبِاللّهِ وَآيَاتِهِ وَرَسُولِهِ كُنتُمْ تَسْتَهْزِؤُونَ۝ 65. Agar ulardan so‘rasang, albatta: «Faqat gapga berilib, o‘yin-kulgi qilayotgan edik, xolos», – deyishadi. Sen: «Allohni, Uning oyatlarini va Rasulini istehzo qilayotgan edingizmi?» – deb ayt.
Ya’ni, agar munofiqlardan o‘sha istehzo qilib aytgan gaplari haqida so‘rasang, ular «Biz hech narsa deganimiz yo‘q, faqat shunchaki, o‘zimizcha gaplashdik, o‘ynashdik, xolos», – deydilar. Sen ularga:
«Allohni, Uning oyatlarini va Rasulini istehzo qilayotgan edingizmi?» – deb, haqiqatni ayt.
Chunki ularning qilmishlari shundan iborat.
Kelasi oyatda munofiqlarga xitoban aytiladi:لاَ تَعْتَذِرُواْ قَدْ كَفَرْتُم بَعْدَ إِيمَانِكُمْ إِن نَّعْفُ عَن طَآئِفَةٍ مِّنكُمْ نُعَذِّبْ طَآئِفَةً بِأَنَّهُمْ كَانُواْ مُجْرِمِينَ۝  66. Uzr aytmanglar. Batahqiq, iymoningizdan keyin kufr keltirdingiz. Agar sizdan bir toifani afv etsak, boshqa toifani jinoyatchi bo‘lganlari uchun azoblaymiz.
«Qilar ishni qilib qo‘yib, endi uzr aytishingizdan foyda yo‘q. Iymon keltirgandan so‘ng, unda sobit turganingizda, boshqa gap edi. Ammo siz iymondan keyin kufr keltirib, munofiq bo‘ldingiz. Endi uzr aytmang. Bilmasdan, jaholat bilan sizga qo‘shilib qolgan toifani afv etsak ham, boshqalaringizni jinoyatchi bo‘lganlaringiz uchun albatta azoblaymiz».
Bu oyatlar barcha munofiqlarga tegishli bo‘lsa ham, ularning nuzuliga bevosita sabab bo‘lgan hodisalar haqidagi rivoyatlarni ulamolarimiz o‘z kitoblarida keltirganlar.
Jumladan, Muhammad ibn Ishoq rahmatullohi alayhi quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga jo‘nayotganlarida bir guruh munofiqlar, jumladan, Vadiy’a ibn Sobit va Muxashsho ibn Humayrlar ham birga edilar. Ular bir-birlariga:
– Banu Asfarga qarshi urushishni turli arboblarning bir-birlari bilan urushishiga teng deb o‘ylaysizlarmi? Allohga qasamki, bizga xuddi ertaga arqonga bog‘langan holingiz ko‘rinyapti, – deb mo‘minlarni qo‘rqitdilar. Muxashsho ibn Humayr:
– Allohga qasamki, bizdan har bir kishiga yuz darradan urilsa, yaxshi bo‘lar edi. Sizning aytayotgan bu gaplaringiz uchun biz haqimizda Qur’on nozil bo‘lsagina, najot topishimiz mumkin, – dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ammor ibn Yasirga:
– Anavi qavmning oldiga bor. Ular yonmoqdalar. Ulardan nima deganlari haqida so‘ra. Agar inkor qilsalar, «Yo‘q, bunday-bunday dedingiz, deb ayt» – dedilar. Ammor ularning oldiga borib, o‘sha gaplarni aytdi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga uzr aytib keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulovlariga minib turgan edilar. Vodiy’a ibn Sobit ulovning jilovidan ushlab olib:
– Ey Allohning Rasuli, biz o‘zimizcha gaplashib, hazillashgan edik, xolos, – deya boshladi. Muxashsho ibn Humayr esa:
– Mening ismim va otamning ismi shunga boshladi, – dedi (yomon ma’nodagi ismlar ekaniga ishora qilinmoqda). Ushbu oyatda «afv etiladi», degani Muxashsho ibn Humayrdir. U Abdurrohman ismini oldi va Allohdan shahid bo‘lishini va qaerda o‘lgani bilinmasligini so‘radi. Yamoma urushida shahid bo‘ldi va uning asari topilmadi». ("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Ikkinchisi dindor shaxsni shaxsiyatini mazax qiladi. Masalan soqol qo‘yish sunnat, lekin uni soqoli hech ham yarashmagan desa yoki o‘sha olimni fisq ishlari, g‘iybat qilish odati bo‘lsa o‘sha ishini qoralasa kofir bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 22:59 | Savol-javoblar | 183 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar