Koreys insonga turmushga chiqish

Assalomu alaykum! Koreyada o‘qiganim uchun koreys yigiti unga turmushga chiqishimni so‘rayapti. Meni ham unda ko‘nglim bor, lekin u hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydi. Unga turmushga chiqishim joizmi? Gunoh hisoblanmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Siz ko‘ngilni deb, balki qaysidir ma’noda yaxshi va farovon hayotni ko‘zlab oxiratingizni kuydirmang. Agar turmushga chiqsangiz nikohingiz ham bog‘lanmaydi. Nomiga iymon keltirsa ham hisob emas. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:  وَلاَ تَنكِحُواْ الْمُشْرِكَاتِ حَتَّى يُؤْمِنَّ وَلأَمَةٌ مُّؤْمِنَةٌ خَيْرٌ مِّن مُّشْرِكَةٍ وَلَوْ أَعْجَبَتْكُمْ وَلاَ تُنكِحُواْ الْمُشِرِكِينَ حَتَّى يُؤْمِنُواْ وَلَعَبْدٌ مُّؤْمِنٌ خَيْرٌ مِّن مُّشْرِكٍ وَلَوْ أَعْجَبَكُمْ أُوْلَئِكَ يَدْعُونَ إِلَى النَّارِ وَاللّهُ يَدْعُوَ إِلَى الْجَنَّةِ وَالْمَغْفِرَةِ بِإِذْنِهِ وَيُبَيِّنُ آيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَذَكَّرُونَ۝ 221. Mushrikalarni iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang. Shubhasiz, mo‘mina cho‘ri mushrikadan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir. Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang. Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir. Anavilar o‘t-olovga chaqirarlar. Alloh esa O‘z izni ila jannatga va mag‘firatga chaqirar hamda odamlarga O‘z oyatlarini bayon qiladir. Shoyadki, eslatma olsalar.
«Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang».
Ya’ni mo‘minalarni ularning nikohiga bermang. Muslima-mo‘mina ayollar musulmon dinidagi erkakdan boshqa erkakka turmushga chiqishlari mutlaqo mumkin emas. Agar u erkak Islomga kirib, mo‘min bo‘lsagina, ruxsat bo‘ladi.
Hatto erkak yahudiy yoki masihiy dinida bo‘lsa ham, muslima ayolning unga nikohlanishi harom. Faqat musulmon erkak bo‘lishi shart. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom: «Biz ahli kitobning ayollariga uylanamiz, ular bizning ayollarimizga uylanmaydilar», – deganlar.
Xuddi ayollarga o‘xshab, erkaklar fazlining o‘lchovi ham iymondir:
«Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir».
Ya’ni erkak kishi qul bo‘lsa ham, mo‘min bo‘lsa, bas, boshqa iymonsiz erkaklardan yaxshidir...
Erkak bo‘lsin, ayol bo‘lsin, iymonsizligi, mushrikligi juda yomon, kim ular bilan aloqada bo‘lsa, xususan, nikoh kabi muqaddas va nozik aloqada bo‘lsa, kasofati uradi. Urganda ham, eng hassos nuqtada – aqiyda bobida uradi va inson o‘z turmush o‘rtog‘iga ergashib, dinidan chiqib ketishi xavfi bor. Shuning uchun oyatda:
«Anavilar o‘t-olovga chaqirarlar», – deyiladi.
Anavilar (mushriklar) o‘zlari bilan birga bo‘lganlarni mushriklikka, bu degani, do‘zax o‘tiga chaqiradilar.
«Alloh esa O‘z izni ila jannatga va mag‘firatga chaqirar hamda odamlarga O‘z oyatlarini bayon qiladir. Shoyadki, eslatma olsalar».
Shuning uchun Alloh taoloning bayon qilib bergan oyatlariga amal qilib yashash kerak. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:34 | Savol-javoblar | 165 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar