Tabbatul abad

Assalomu alaykum! Bilmaganingni olimdan sra deyishgan. Bir dstim yangi namozxonlardan, u xam z yaыinlariga shariat ahkomlarini o‘rgatish istagida. Menga bugun savol yozib yuboripti. Dabbatul abad nima deb. Men savoling noto‘g‘ri Tabbatul abad bo‘lsa kerak dedim. Iltimos ma’nosini tushuntirib beringlar. Dustimga ko‘rsatib tushuntiray. Alloh ilmingizga baraka bersin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Siz ham noto‘g‘ri aytibsiz. Dobbatul ard bo‘ladi. Dobbatul arz  Qiyomatning eng katta alomatlaridan biri bo‘lgan «dobba» – jonivor haqida Naml surasida bir oyat bor. Alloh taolo: وَإِذَا وَقَعَ الْقَوْلُ عَلَيْهِمْ أَخْرَجْنَا لَهُمْ دَابَّةً مِّنَ الْأَرْضِ تُكَلِّمُهُمْ أَنَّ النَّاسَ كَانُوا بِآيَاتِنَا لَا يُوقِنُونَ۝ «Ularning boshiga so‘z(langan azob) tushganida Biz ular uchun erdan bir jonivor chiqaramiz. U ularga, albatta, odamlar oyatlarimizga aniq ishonmaydigan bo‘lganlarini aytib beradir», degan (82-oyat).
Bu hodisa qiyomatning alomatlaridan biridir. Alloh taolo ushbu oyati karimada kofirlar boshiga va’da qilingan so‘z – qiyomat azobi tushishi chog‘ida erdan bir hayvon chiqarishi haqida xabar bermoqda. Demak, bu ishning bo‘lishi muqarrarligiga hech qanday shubha yo‘q.
Sahih hadisi shariflarda bu hayvon qiyomatning alomatlaridan biri ekanligi, tavba qilsa foyda bermaydigan vaqt bo‘lib qolganda chiqishi haqida xabarlar kelgan.
Hofiz ibn Kasir:
«Bu jonivor oxiri zamonda, odamlar fasodga berilganda, Allohning amrini tark qilganlarida va haq dinni o‘zgartirganlarida chiqadi», deganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal Huzayfa ibn Usayd al-G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«O‘nta belgini ko‘rmaguningizcha qiyomat qoim bo‘lmaydi», deb turib, erdan jonivor chiqishini ham aytganlar.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir hadis yod olib, hech yodimdan chiqarmadim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman:
«Qiyomatning birinchi alomatlaridan quyoshning mag‘ribdan chiqishi va odamlarga dobba – jonivorning chiqishidir. Bunisi choshgoh paytida bo‘ladi. Qaysi biri oldin chiqsa, keyingisi darrov sherigining orqasidan chiqadi».
Shu bilan birga, muhaqqiq tafsirchi ulamolarimiz ushbu jonivor haqida keraksiz va asossiz gaplar ko‘payib ketganini, ular tafsir kitoblarimizga ham kirib qolganini, ishonchli manbalarga suyanmagan gaplar bo‘lgani uchun ularga e’tibor bermaslik lozimligini ta’kidlaydilar.
Qur’oni Karimda va sahih hadislarda kelgan xabarlar bilan kifoyalanish eng yaxshi ish. Qolgani esa faqat Alloh biladigan g‘ayb ilmdir.
«Ularning boshiga so‘z(langan azob) tushganida Biz ular uchun erdan bir jonivor chiqaramiz».
Bu jonivor oyatda «dobba» deb aytilgan bo‘lib, «er yuzida asta yuruvchi», deganidir. Qorni bilan sudralib yuradimi, ikki, to‘rt yoki son-sanoqsiz oyoqlari bilan yuradimi, farqi yo‘q. Diniy adabiyotimizda ham bu jonivor «dobbatul arz» nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Demak, qiyomat yaqinlashganda o‘sha jonivor chiqadi va:
«U ularga, albatta, odamlar oyatlarimizga aniq ishonmaydigan bo‘lganlarini aytib beradir».
«Dobbatul arz»ni odamlarga gapirtirishdan maqsad ularning ilohiy oyatlarga iymon keltirmaydigan bo‘lganliklarini bildirish ekan.
Qanday qilib aytishini Alloh taoloning O‘zi biladi. Imo-ishora bilan tushuntiradimi, hamma insonlar tushunadigan tilda gapiradimi yoki insonlar uning tilini tushunadigan bo‘lib qoladilarmi, hech kim bu haqda biror narsa bilmaydi. (“Sunniy aqiydalar” kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:55 | Savol-javoblar | 165 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar