Soqollari xo‘l bo‘lguncha yig‘laganlari

Assalomu alaykum! Bir kuni Ubayd ibn Umar ikkimiz Oyshani (r.a.) ziyorat qildik. U biz bilan parda ortidan gaplashdi. U: «Ey Ubayd! Bizni ziyorat qilishingga nima mone’lik etadi?» deb so‘radi. Ubayd: «Rasululloh alayhissalomning: «Qancha kam borsang, shuncha sog‘inching oshadi», degan so‘zlari, dedi. Ibn Umar: «Bizga Rasul alayhissalomda ko‘rgan ajoyib bir narsa to‘g‘risida aytib bering», dedi. Oysha roziyallohu anhu bu gapni eshitib, yig‘ladi. «U kishining qaysi ishlari ajoyib emas ekan. Oldimga kelgan kechasi badanim badanlariga tegib turardi. Shunda ul zot: «Menga ijozat ber, Rabbimga ibodat qilayin», dedilar. Suv turgan mesh oldiga borib, tahorat oldilar. So‘ng turib namoz o‘qidilar. Qiyom payti soqollari ho‘l bo‘lguncha yig‘ladilar. Sajdaga bosh qo‘ygan paytda er ho‘l bo‘lguncha yig‘ladilar. Namozdan so‘ng Bilol bomdod namoziga azon aytishga kelgunicha biroz yonboshlab yotdilar. Hazrati Bilol kelganda: «Ey Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi. Alloh oldingi va keyingi barcha gunohlaringizni kechirgan-ku», dedi. U kishi: «Ey Bilol, senga vayl bo‘lsin, meni yig‘lashdan nima ham to‘sa olsinki, Alloh taolo bu kecha menga mana bu ajoyib oyatni nozil qildi: Osmonlar va Erning yaratilishida, tun va kunning o‘rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir(Oli imron surasi, 190-oyat). Sizlardan ushbu xadisdagi Payg‘ambarimizning “Ey Bilol, senga vayl bo‘lsin” degan so‘zlari xaqiqatdan xam shunday deganlarmi yoki bu qo‘pol tarzda tarjima qilinganmi shuni so‘ramoqchi edik? Ushbu xadis Imom G‘azzoliyning Ixyou ulumid-din Tafakkur kitobidan olingan.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bashar edilar. Ularni og‘izlaridan ham o‘sha davrda insonlar ishlatadigan so‘zlar chiqar edi. Ammo u zot Allohga duo qilib “Men kimni haqqida la’nat kabi so‘zlarni aytsam ularni haqqiga rahmat qilgin” deb iltijo qilganlar. Bu kabi so‘zlarni sahobalar o‘zlari uchun faxr deb bilar, duoibad deb bilmas edilar. عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمْ يَكُنِ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سَبَّابًا وَلَا فَحَّاشًا وَلَا لَعَّانًا، كَانَ يَقُولُ لِأَحَدِنَا عِنْدَ الْمَعْتَبَةِ: «مَا لَهُ، تَرِبَ جَبِينُهُ  Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam so‘kong‘ich ham, fahsh so‘zlovchi ham, la’natlovchi ham emasdilar. Birortamizni koyiganlarida: «O‘sha peshonasi tuproqqa botgurga nima bo‘libdi?»  der edilar».

Izoh: «Peshonasi tuproqqa botgur!» jumlasi arablar iste’molida tom ma’noda emas, balki bizdagi «sho‘ri qursin», «qurib ketsin», degan iboralarga o‘xshab koyish, taajjub ma’nolarida ishlatiladigan bo‘lib ketgan. Bu iborani ibodatga, namozga undash mazmunida, ya’ni «Peshonasi sajdada bo‘lsin!» degan ma’noda ham tushunish mumkin. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: اللَّهُمَّ فَأَيُّمَا مُؤْمِنٍ سَبَبْتُهُ فَاجْعَلْ ذَلِكَ لَهُ قُرْبَةً إِلَيْكَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohim! Qaysi bir mo‘minni koyigan bo‘lsam, buni qiyomat kuni uning uchun Senga qurbat qilgin!» deyayotganlarini eshitganman». (“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:21 | Savol-javoblar | 141 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar