Namozda shayton vasvas qilsa chap tomonga tuflash haqidagi hadis

Assalomu alaykum! Ustozlar, xadisda bir kishi payg‘ambarimizga sollallohu alayhi vasallam shayton menga namozim va qiroatim orasida vasvasa qilyabdi, desa “A’uzi”ni aytib chap yoninga uch marta tuflash kerak degan ekanlar. Shunda namoz buzilmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bu ishni namozni ichida qilinmaydi. وَأَتَى عُثْمَانُ بْنُ أَبِي الْعَاصِ رَضِي اللهُ عَنْهُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ الشَّيْطَانَ قَدْ حَالَ بَيْنِي وَبَيْنَ صَلَاتِي وَقِرَاءَتِي يَلْبِسُهَا عَلَيَّ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ذَاكَ شَيْطَانٌ يُقَالُ لَهُ خَنْزَبٌ، فَإِذَا أَحْسَسْتَهُ فَتَعَوَّذْ بِاللهِ مِنْهُ، وَاتْفِلْ عَنْ يَسَارِكَ ثَلَاثًا، قَالَ فَفَعَلْتُ ذَلِكَ فَأَذْهَبَهُ اللهُ عَنِّي. رَوَاهُ مُسْلِمٌ فيِ الرُّقْيَةِ «Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli, shayton men bilan namozim va qiroatim orasida to‘siq bo‘ldi. U meni qiroatda adashtiryapti», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«O‘sha Xanzab deb nomlanadigan shaytondir. Qachon uni sezsang: «A’uzu billahi»ni aytgin-da, chap tomonga uch marta tuflagin», dedilar.
U: «Men shunday qilgan edim, Alloh mendan uni ketkazdi», dedi».
Muslim «Ruqya» – «Dam solish» bobida keltirgan.
Sharh: Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhuning savollari namoz ichidagi shayton vasvasasi haqida bo‘lgan.
Ushbu hadislarga binoan, Hanafiy mazhabida «Birinchi rak’atda «a’uzu billahi» ichida aytiladi», deyilgan. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:23 | Savol-javoblar | 145 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar