Kofirlikning dindan chiqadigan va dindan chiqmaydigan ko‘rinishlari

Assalomu alaykum! Quyidagi linkdan iqtibos: https://islom.uz/maqola/8948 "Ohod hadislar bilan sobit bo‘lgan e’tiqodiy masalalarni rad qilgan odam esa bu amali bilan kofir bo‘lib, Islomdan chiqib ketmaydi, balki fosiq bo‘ladi". Savol: "kofir bo‘lib dindan chiqmaydi" deyilgan. Kofirlikning dindan chiqadigan va dindan chiqmaydigan ko‘rinishlari ham bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hozirgi kunda fuqaholar odamlar chalkashmasliklari uchun haqiqiy kufr bilan iymonni to‘liq ajratib qo‘yishgan. Kofir bo‘ladi deganlaridan kufr iroda qilinadi. Hadislarda esa kufr so‘zi turlicha ma’noda ishlatilavergan. Nonko‘rlikni ham ayolni eriga itoatsizligini ham kufr deyilgan. Lekin aqoid va fiqh kitoblaridagi kufrdan murod islomdan chiqaradigan kufrdir. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَا مَعْشَرَ النِّسَاءِ تَصَدَّقْنَ وَأَكْثِرْنَ الْاِسْتِغْفَارَ، فَإِنِّي رَأَيْتُكُنَّ أَكْثَرَ أَهْلِ النَّارِ فَقَالَتِ امْرَأَةٌ مِنْهُنَّ جَزْلَةٌ: وَمَا لَنَا يَا رَسُولَ اللهِ أَكْثَرَ أَهْلِ النَّارِ؟ قَالَ: تُكْثِرْنَ اللَّعْنَ وَتَكْفُرْنَ الْعَشِيرَ وَمَا رَأَيْتُ مِنْ نَاقِصَاتِ عَقْلٍ وَدِينٍ أَغْلَبَ لِذِي لُبٍّ مِنْكُنَّ قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ، وَمَا نُقْصَانُ الْعَقْلِ وَالدِّينِ؟ قَالَ: أَمَّا نُقْصَانُ الْعَقْلِ فَشَهَادَةُ امْرَأَتَيْنِ تَعْدِلُ شَهَادَةَ رَجُلٍ فَهَذَا نُقْصَانُ الْعَقْلِ، وَتَمْكُثُ اللَّيَالِيَ مَا تُصَلِّي وَتُفْطِرُ فِي رَمَضَانَ فَهَذَا نُقْصَانُ الدِّينِ. وَعِبَارَةُ الْبُخَارِيِّ: أَلَيْسَ إِذَا حَاضَتْ لَمْ تُصَلِّ وَلَمْ تَصُمْ؟ قُلْنَ: بَلَى قَالَ: فَذَلِكَ مِنْ نُقْصَانِ دِينِهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ey ayollar jamoasi, sadaqa qilinglar, istig‘forni ko‘proq aytinglar. Albatta, men sizning do‘zax ahlining ko‘pi ekanligingizni ko‘rdim», dedilar. Ulardan bir gapga usta ayol:
«Ey Allohning Rasuli, bizga ne bo‘ldiki, do‘zax ahlining ko‘pi ekanmiz?» dedi.
«La’natni ko‘paytirasiz, erga kufr keltirasiz. Sizga o‘xshagan aqli va dini noqislarning aql egasi ustidan g‘olib bo‘lishini ko‘rmadim», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, aql va dinning nuqsoni nimadir?» dedi.
«Aqlning nuqsoni – ikki ayolning guvohligi bir erkakning guvohligiga to‘g‘ri keladi. Bu aqlning nuqsonidir. Ayol bir necha kunlarni namoz o‘qimay o‘tkazadi va Ramazonda ro‘za tutmaydi. Bu dinning nuqsonidir», dedilar».
Buxoriyning iborasida:
«Hayz ko‘rgan paytida namoz o‘qimay, ro‘za tutmay qo‘yadimi?» dedilar.
«Xuddi shunday», deyishdi.
«Bu dinning nuqsonidir», dedilar» 
shaklida kelgan.
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Sharh: Bu hadisning roviysi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu bilan yuqorida tanishganmiz. Qo‘shimcha ravishda aytamizki, kitoblarimizda Ibn Umar, deyilsa, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan boshqa odam nazarda tutilmaydi. Shuningdek, Ibn Mas’uddan murod, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudir.
Muallif bu hadisi sharifdagi ayol kishi hayz paytida namoz o‘qimasligi va ro‘za tutmasligini dindagi nuqson ekanligi haqidagi gaplarni iymonda ziyodalik va nuqson bo‘lishiga dalil qilib ketmoqdalar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarning islomiy tarbiyasiga alohida e’tibor berar edilar. Doimo muslima ayollarni ilm-ma’rifatga chorlar edilar. Ayollar uchun alohida ilmiy majlislar o‘tkazar edilar. Ularning o‘zlariga xos va’z-nasihatlar qilar edilar. Ana shunday munosabatlarning birida U zot sollallohu alayhi vasallam mo‘mina-muslima ayollarga xitob qilib:
«Ey ayollar jamoasi, sadaqa qilinglar, istig‘forni ko‘proq aytinglar. Albatta, men sizning do‘zax ahlining ko‘pi ekanligingizni ko‘rdim», dedilar».
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqanlarida ko‘p narsalarni, jumladan, do‘zaxni ham, do‘zax ahlining aksariyati xotin kishilar ekanligini ham ko‘rdilar. Bu erda o‘sha safar ko‘rganlari haqida gapirmoqdalar. Ayollarni do‘zaxdan qutulish uchun sadaqa qilishga, ko‘proq istig‘for aytishga chorlamoqdalar.
Ushbu vaziyatda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haqiqiy payg‘ambar ekanliklari, mehribon va mushfiq rahnamo ekanliklari namoyon bo‘lmoqda. Chunki, u zot sollallohu alayhi vasallam bor gapni ochiqchasiga aytib, ayollarni to‘g‘ri yo‘lga solish, saodatmand qilish uchun qayg‘urmoqdalar. Achchiq bo‘lsa ham, rostini aytmoqdalar.
Haqiqiy murshid esa ochig‘ini aytadi. Muammolarni to‘g‘ri yo‘l bilan hal qilishga imkon qidiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarning do‘zaxda ko‘p bo‘lishi haqida xabar berish bilan birga, bu musibatdan qutulib qolish yo‘llaridan biri sadaqa berib, ko‘proq istig‘for aytish ekanligini ham bayon qilmoqdalar.
Bu xabarni eshitgan sahobiyalar o‘zlarining chin mo‘mina, fozila, oqila ayollar ekanliklarini isbot qildilar. Norozi bo‘lib, baqir-chaqir qilmadilar. Rasuli akramning gaplarini tasdiq qildilar, unga butunlay taslim bo‘ldilar. Lekin ilmiy majlis odobiga rioya qilgan holda ularning vakilasi xabarda kelgan musibatdan qutulish, do‘zaxga tushishdan saqlanish yo‘lini bilish niyatida, ayollarning do‘zaxga ko‘p tushishlari nima sababdan ekanligini so‘radi:
«Ulardan bir gapga usta ayol:
«Ey Allohning Rasuli, bizga ne bo‘ldiki, do‘zax ahlining ko‘pi ekanmiz?» dedi».
Berilgan savolning odobini qarang. «Nima uchun biz do‘zaxga ko‘p tushar ekanmiz?» yoki shunga o‘xshagan gap bilan emas, «Bizga ne bo‘ldiki?» deb so‘ralmoqda. Bunda «O‘zimizda biror ayb bordirki, shunday bo‘lgan, o‘sha ayb nima ekanligini bilsak bo‘ladimi?» degan ma’no bor. Shuning uchun ham
U zot sollallohu alayhi vasallam:
«La’natni ko‘paytirasiz, erga kufr keltirasiz», dedilar.
Ya’ni, qarg‘ishni ko‘paytirganingiz uchun, erlaringizga nisbatan yomon muomalada bo‘lganingiz uchun shu ahvolga tushasiz, dedilar. Bunda, albatta, mo‘mina, muslima ayollar uchun qarg‘ishdan chetlanish va erning roziligini olishga urinishga targ‘ib bor. Ayniqsa, er bilan bo‘ladigan muomaladagi xatolar ko‘p va nozik bo‘lganligi uchun Pay¬g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘shimcha qilib:
«Sizga o‘xshagan aqli va dini noqislarning aql egasi ustidan g‘olib bo‘lishini ko‘rmadim», dedilar».
Ya’ni, o‘zingiz aqli va dini noqis bo‘la turib, aql egasi bo‘lgan erkakdan g‘olib kelish uchun uringaningiz qiziq, deyilgan. Bu joyda ham sahobiyalar avvalgidek odob-axloq namunalarini ko‘rsatdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan gaplariga butunlay taslim bo‘ldilar, uni chin dildan qabul qildilar. Shu bilan birga, bilib qo‘yish uchun savol ham berdilar:
Haligi ayol:
«Ey Allohning Rasuli, aql va dinning nuqsoni nimadir?» dedi».
Bu savol ham o‘ta yuksak odob doirasida berildi. Hatto «Ayollarning aqli va dinidagi nuqson nimadan?» ham deyilmadi. «Aql va dinning nuqsoni nimadir?» deyildi. Bu «Sizning gapingizni eshitib, ayollarning aqli va dinida nuqson borligiga taslim bo‘ldik. Endi o‘sha aql va din nuqsoni nimada namoyon bo‘lishini bilib olsak bo‘ladimi?» deganidir.
Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam batafsil javob berdilar:
«Aqlning nuqsoni – ikki ayolning guvohligi bir erkakning guvohligiga to‘g‘ri keladi. Bu aqlning nuqsonidir», dedilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘sha vaqtda ayollar uchun eng tushunarli bo‘lgan shar’iy misolni keltirdilar. Alloh taolo ba’zi bir ishlarga guvohlik berishda bir er va ikki xotin bo‘lsa, ikki er guvohning o‘rniga o‘tishini ta’kidlagan. Bunda, albatta, ayol kishining ayolligi e’tiborga olingan. Chunki Islomdagi ayolning har xil noqulay holatlarda ishtirok etishi kam bo‘ladi. Shuning uchun yolg‘iz ayol guvohlik paytida adashib qolishi mumkin. Ikki kishi bo‘lsalar, bir-birlariga eslatib turishlari oyati karimada ham aytib o‘tilgan.
Shu bilan birga, ba’zi bir faqat ayollarga xos tug‘ish va emizishga o‘xshash ishlarda bir ayolning guvohligi qabulga o‘taveradi. Ko‘p erkakning guvohligi esa o‘tmaydi. Shuning o‘zi ham yuqoridagi gap vaziyatni e’tiborga olib aytilganini ko‘rsatadi.
Ayollarning erkaklarga nisbatan aqli noqisligi nozik masala bo‘lib, Islom dushmanlari bu haqdagi gapni dinimizga qarshi ta’na toshini otish uchun ko‘p ishlatib kelmoqdalar. Ular bu masalada ikki xotinning guvohligi bir erkakning guvohligiga teng kelishini va ushbu hadisni dalil qilib keltiradilar.
(Ikki ayolning guvohligi bir erkakning guvohligiga teng qilinishi haqida yuqorida qisman gapirildi, kim bu haqda mufassal ma’lumot istasa, «Tafsiri Hilol» kitobiga murojaat qilsin).
Biz esa bu erda hadisi sharifdagi gap haqida so‘z yuritamiz. Guvohlik masalasi sharoitga qarab aytilgan misol ekanligi aytib o‘tildi.
Endi ayollarning aqli va dini noqislar, deb vasf qilinishi haqida bir oz gaplashib olaylik. Bu ayollarni qasddan kamsitish emas, balki bor haqiqatni ochiq-oydin aytishdir. Keling, haqiqatning ko‘ziga tik qarab, bu masalada ochiqcha gaplashaylik.
Avvalo ayollarning aqli noqis, degani har qanday ayolning aqli har qanday erkakning aqlidan past, degani emas. Bu gap nisbiydir. Umuman olganda, aql nisbatida erkaklar ayollardan ustun turishi haqidagi gapdir. Chunki, ba’zi bir ayollarning aql jihatidan ko‘plab erkaklardan ustun turishini boshqalar emas, Islom dini olg‘a surgandir. Bu haqiqat Qur’oni Karimdagi Saba’ malikasi haqidagi qissadan ham bilinadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga kelsak, hadislarni ko‘p rivoyat qilishda Oisha onamiz ikkinchi o‘rinda turadilar. Ko‘plab mashhur sahoba erkaklar o‘zlari hal qila olmagan masalalarni hal qilib berishni Oisha onamizdan so‘rar edilar. Hech kim «Ayol kishining aqli past bo‘ladi, uning rivoyatini olmaymiz», degan emas.
Lekin umumiy roviylarni olganda, erkaklar ustun turadilar. Eng ko‘p rivoyat qilgan shaxs ham erkak kishi, roviylar soni ham ular ichida erkaklar ayollardan ko‘p ekanligini ko‘rsatadi. Xuddi shu holat boshqa ish va sohalarda ham yaqqol ko‘rinadi.
Qaysi bir sohani olib ko‘rsak, ayollardan ba’zilarining aqli o‘tkir bo‘ladilar, ammo asosiy o‘tkir aql erkaklarda bo‘ladi. Jismoniy layoqatlarni bir tomonga qo‘yib turaylik. Chunki, bugungi kunda erkaklarning jismoniy tuzilish va imkoniyatlar borasida ayollardan ustun ekanligini hech kim inkor qilmay qo‘ydi. Negaki, ayollik talablari shuni taqozo qiladi.
Ayol kishi xotin, ona bo‘lishi kerak. Buning uchun unga alohida latif tana, tuzilish, jism va a’zolar kerak. Hatto badanidagi to‘qimalar, hujayralar ham erkaknikidan o‘zgacha, nafis, yumshoq, nozik bo‘ladi. Endi o‘sha nafis, yumshoq va nozik narsalardan tarkib topgan nozik ayolda qo‘pol, kuchli, qattiq narsalardan tarkib topgan erkakning miyasi – aqli bo‘lishi mumkinmi? Hamma narsasi o‘ziga xos bo‘lgan ayolning aqli ham o‘ziga xos bo‘lishi kerak. Ayol kishiga uning ayolligiga xos aql kerak. Shunday bo‘lgan ham. Umuman olganda, erkaklar ayollardan kuchli, desak hech kim ajablanmaydi.
Endi sof aqliy sohalarni olib, solishtirib ko‘raylik. Qaysi bir sohani ko‘rish esa sizning ixtiyoringizda. Shoirlikni, nosirlikni olasizmi? Aljabr ilmini olasizmi? Yoki shaxmatni olasizmi? Xohlagan sohangizni olib ko‘ring. Ba’zi ayollar ba’zi erkaklardan zo‘r bo‘lishi mumkin. Ammo, umuman olganda, erkaklar aqliy jihatdan ham xuddi jismoniy jihatdagi kabi ustun chiqaveradilar. Bu ayollarni kamsitish emas. Balki, ularni o‘ziga mos, o‘ziga xos taqdirlashdir. Alloh taolo behikmat ish qilmaydi. Ehtimol, ayolning ushbu nozikligi, latofati, yumshoqligi bilan unga erkakning aqli berilsa, xato qilingan bo‘larmidi? Ayolning aqli o‘ziga xos bo‘lishi o‘zi uchun ziynatdir. Insoniyat uchun ziynatdir. Oila uchun ziynatdir. Erkaklar uchun ziynatdir. Agar ikki bir xil aql egasi er-xotin bo‘lib yashasa ham bo‘lmas edi. Qolaversa, musulmon bo‘lmagan ulamolar ham ayol va erkakning miyalarini tahlil qilib ko‘rib, hadisi sharifda kelgan ma’no to‘g‘ri ekanligini tasdiqlamoqdalar.
Endi o‘zlaricha ayollarni «himoya» qilib, ularni «kamsitayotgan» Islomga bo‘hton toshi otayotganlarning o‘zlariga bir nazar solaylik. Ularning o‘zi kim? Ayollar uchun nima ish qilib qo‘yibdilar? Ayollarni Islom «kamsitishi»dan himoya qilayotganlar g‘arbliklarmi yoki Islomga bo‘hton toshini otayotganlar xudosizlarmi? Ular ayollarga nima qilib berdilar? Ular ham, bular ham ayolni xo‘rlashdan nariga o‘tmadilar. Ikkovlari ham yol¬g‘ondan ayolni maqtab, aldab, ko‘chaga olib chiqishdi, uning hayo pardasini yirtib, fahsh ishlarga sudrashdi. Ikkovi ham ayollarning sha’nini erga urishdan boshqa ish qilmadi. Ikkovlari ham ayolga uni ishlab chiqarish vositasi deb bilib, eng og‘ir ishlarga solib qo‘yishdan boshqa «erkinlik» berolmadi.
Islom bor haqiqatni ochiq aytgani uchun aybdormi? Ayollarning ayolligini o‘rniga qo‘ygani uchun aybdormi?
Endi dinning noqisligi haqida so‘z yuritaylik. Islom ayollarga hayz va nifos davrida namoz o‘qishni va ro‘za tutishni man qilgan. Bugungi kunda ayol kishi hayz va nifos paytida qanday holatni boshidan kechirishini bilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Demak, o‘sha holatni, undagi qiyinchiliklarni e’tiborga olib, bu ikki o‘ta ahamiyatli ibodatni vaqtinchalik to‘xtatib turish uchun ayollarga alohida engillik berilgan. diniy amallardagi bu to‘xtash nuqson hisoblanmoqda. Ya’ni namozning soni nuqsonga uchraydi. Ro‘za tutish kunlari nuqsonga uchraydi.
Ammo, zinhor va zinhor bu ish uchun ayolga gunoh yozilmaydi, martabasi kamaytirilmaydi. Bu ham avvalgi masala kabi haqiqatni ochiq-oydin aytishdan boshqa narsa emas. Ushbu ma’nolarni avvalo biz, musulmonlar o‘zimiz to‘g‘ri tushunib olmog‘imiz, keyin boshqalarga tushuntirmog‘imiz kerak.
Endi yuqorida aytgan gaplarimiz quruq nazariyadan iborat bo‘lib qolmasligi uchun, ilmiy dalil ham keltiraylik. Biz keltiradigan dalillarni yuzaga chiqargan odamlar musulmon emaslar. Ularning Allohdan, Islomdan, hadisdan, Qur’ondan va Payg‘ambardan umuman xabarlari yo‘q. Ular Islomga hech qanday aloqasi bo‘lmagan odamlar. O‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ilmiy bahs olib borib, natijalarini e’lon qilganlar, xolos.
Quyida e’tiboringizga taqdim etiladigan ma’lumotlar «al-Jamahiriyya» ro‘znomasining 1999 milodiy sana, 17 fevral sonidan olinib, so‘zma-so‘z tarjima qilindi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:30 | Savol-javoblar | 172 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar