Ilmli insonlar qobiliyatlari

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, Alloh taolo payg‘ambarlarga ilmdan tashqari xar xil mo‘jizalar bergan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin mo‘jiza tugagan. Bizni davrimizga kelib mo‘jiza emas, qandaydir karomatlar bo‘ladi deb eshitgandim. Bu gap qanchalik to‘g‘ri? Umuman olganda ilmli insonlar g‘ayri tabiiy qobiliyatga ega bo‘lishi mumkinmi? Yurtimizda shunday insonlar bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! AVLIYoLARNING KAROMATLARI نُؤْمِنُ بِمَا جَاءَ مِنْ كَرَامَاتِهِمْ، وَصَحَّ عَنِ الثِّقَاتِ مِنْ رِوَايَاتِهِمْ 107. Ularning karomatlariga va siqo – ishonchli kishilar tomonidan qilingan sahih rivoyatlariga ishonamiz. Sharh: Ularning ikromi uchun sodir bo‘lgan karomatlarini tasdiqlaymiz. Ammo Dajjol va unga o‘xshaganlarga sinov uchun berilgan odatdan tashqari ishlarini tasdiq qilmaymiz. Shuningdek, ba’zi solih uchun imtixon maqsadida berilgan odatdan tashqari ishlarni tasdiq qilmaymiz. Ulardan adolatli, ishonchli roviylar tarafidan sobit bo‘lgan rivoyatlarni tasdiqlaymiz. Har bir johil va yolg‘onchi qilgan rivoyatni emas. Yoki Rasul va Nabiy sha’niga loyiq narsalar ularga nisbat berilganiga emas. Mo‘’jiza va karomat lug‘atda bir narsadir. U odatdan tashqari sodir bo‘lgan ish. Mutaqaddimlarning nazdida ikkalasi ham bir narsadir. Lekin ko‘pchilik mutaaxxir ulamolar ularning orasini farqlashadi. Mo‘’jiza payg‘ambar uchun, karomat valiy uchun, deyishadi. Odatdan tashqari har bir ish payg‘ambardan sodir bo‘lsa, odamlar o‘shanga o‘xshash narsani qilishdan ojiz qolsalar, bu mo‘’jiza bo‘ladi. Agar odatdan tashqari ish payg‘ambardan boshqa ahli taqvo va solih odamdan sodir bo‘lsa, bu karomat bo‘ladi. Agar o‘sha odatdan tashqari ish to‘g‘ri yo‘lda bo‘lmagan odamdan sodir bo‘lsa, bu sehr yoki sinov bo‘ladi. ALLOH TAOLOGA XOS SIFATLAR HECh KIMGA MO‘’JIZA HAM, KAROMAT HAM BO‘LMAYDI Shubha yo‘qki, kamol sifatlari uchdir. 1. Ilm. 2. Qudrat. 3. Behojatlik. Bu uch narsa yolg‘iz Allohning O‘zigagina xosdir. Chunki U Zot har bir narsani O‘z ilmi bilan ihota qilgandir. U Zot har bir narsaga qodirdir. U Zot olamlardan behojatdir. Shuning uchun ham Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ushbu uch narsani da’vo qilishdan voz kechishga amr qilgandir: قُل لاَّ أَقُولُ لَكُمْ عِندِي خَزَآئِنُ اللّهِ وَلا أَعْلَمُ الْغَيْبَ وَلا أَقُولُ لَكُمْ إِنِّي مَلَكٌ إِنْ أَتَّبِعُ إِلاَّ مَا يُوحَى إِلَيَّ «Sen: «Sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari bor», ham demasman, g‘aybni ham bilmasman. Va yana sizlarga: «Men farishtaman», deb ham aytmasman. Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos», deb ayt». (An’om surasi, 50-oyat). Chunki mushriklar gohida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g‘ayb ilmini talab qilishar edi. يَسْأَلُونَكَ عَنِ السَّاعَةِ أَيَّانَ مُرْسَاهَا «Sendan Soat (qiyomat) haqida, uning qachon sobit bo‘lishini so‘rarlar». (A’rof surasi, 187-oyat). Gohida esa ta’sir o‘tkazishni talab qilar edilar. وَقَالُواْ لَن نُّؤْمِنَ لَكَ حَتَّى تَفْجُرَ لَنَا مِنَ الأَرْضِ يَنبُوعًا۝ «Ular dedilar: «Toki bizga erdan chashma otiltirmaguningcha, zinhor senga iymon keltirmasmiz». (Isro surasi, 90-oyat). Gohida esa u kishida ham bashariy (insoniy) ehtiyojlar borligini ayb deb bilishar edi. وَقَالُوا مَالِ هَذَا الرَّسُولِ يَأْكُلُ الطَّعَامَ وَيَمْشِي فِي الْأَسْوَاقِ «Ular dedilar: «Bu ne Rasulki, taom eb, bozorda yuradir?!». (Furqon surasi, 7-oyat). Shunda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘zlari bu narsalarga molik emasliklarining, bu uch narsadan Alloh bergan miqdorgagina ega bo‘lishlari mumkinligining xabarini berishni amr qildi. U zot Alloh bildirganicha biladilar. Alloh behojat qilganicha behojat bo‘ladilar. Alloh odatdan tashqari qodir qilgan ishga qodir bo‘ladilar. Barcha mo‘’jiza va karomatlar ushbu doiradan chetga chiqa olmaydi. KAROMAT TUShUNChASI VA UNING TURLARI «Karomat» so‘zi «karuma», «yakrumu» fe’lidan olingan masdar bo‘lib, yuqorilik va sharaf ma’nosini anglatadi. Karomat shu ma’noda ikki xil bo‘ladi: 1. Asliy. 2. Kasbiy. Birinchi(asliy karomat)ning misoli quyidagi oyatda: وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ «Batahqiq, Banu Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik». (Isro surasi, 70-oyat). Ushbu karomat mo‘min bo‘lsin, kofir bo‘lsin, bashariyatning hamma a’zolari uchun umumiydir. Ikkinchi(kasbiy karomat)ning misoli: إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِندَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ «Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir». (Hujurot surasi, ­13-oyat). Bu karomat taqvodor mo‘minda hosil bo‘ladi. Odatdan tashqari ishlarni karomat deyish majoziydir. Chunki Alloh taolo o‘sha ishlarni taqvodor mo‘minning ikromi uchun uning tomonidan sodir etadi. Alloh taoloning ikrom qilishi o‘sha ishlarning sodir bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Karomatning zohir bo‘lishidagi hikmat – karomat sodir bo‘lganidan so‘ng valiyning ishonchi yana ham ziyoda bo‘lib, dunyodagi zuhdi-taqvosi kuchayib, havoyi nafs da’vosi yo‘qolishidir. Karomatlarning rostligiga dalil: 1. Alloh taoloning Bibi Maryam qissasidagi ushbu oyati: كُلَّمَا دَخَلَ عَلَيْهَا زَكَرِيَّا الْمِحْرَابَ وَجَدَ عِندَهَا رِزْقاً «Zakariyo har safar uning oldiga – mehrobga kirganida uning huzurida rizq ko‘rdi». (Oli Imron surasi, 37-oyat). 2. Qur’oni Karimdagi Kahf (g‘or) sohiblarining uzun qissasi. 3. Imom Buxoriy va Imom Muslimlarning ikki «Sahih» kitoblaridagi kirgan g‘orlarining og‘ziga xarsang tushib qolgan uch kishining qissasi. 4. Qur’oni Karimdagi quyidagi oyat: وَمَن يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَل لَّهُ مَخْرَجًا۝ وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ «Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur». (Taloq surasi, 2-3-oyatlar). 5. Va ushbu oyat: إَن تَتَّقُواْ اللّهَ يَجْعَل لَّكُمْ فُرْقَاناً «Agar Allohga taqvo qilsangiz, sizga furqon qilib beradi». (Anfol surasi, 29-oyat). Ushbu ikki oyatda valiylikning sharti bo‘lmish taqvo zikr qilindi. So‘ngra taqvodor valiyning karomati zikr etildi. Bu unga hamma musibatlardan kushoyish berilishi, rizqining o‘ylamagan, bilmagan tomondan berilishi va haq bilan botil orasini farqlovchi nurning berilishidir. (Aqiydatut-Tahoviya sharhining talhiysi kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 01:35 | Savol-javoblar | 149 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar