Poezddagi namoz

Assalomu alaykum! Poezd vagonida (platskart) ketayotgan kishi namozlarini qay tarzda ado etadi? U erda qiyom va sajdani xech ilojisi yo‘q.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Poezd, avtobuslarda farz, vojib namozlarini o‘qish joizdir. Xoh biror uzr bo‘lsin yoki bo‘lmasin. Lekin, qiblaga yuzlanish va qiyom shartdir. Uzrsiz qibla va qiyomni tark qilish bilan namoz namoz bo‘lmaydi. Avtobus yoki poezd tiqilinch bo‘lganligi tufayli peshonani qo‘yib sajda qilishning imkoni bo‘lmasa va vaqt chiqib ketmasidan oldin biror joyda to‘xtashlikni umidi bo‘lmasa, ikki o‘tirgichni orasida qiblaga yuzlanadi, qiyom va ruku’ qiladi, sajda uchun orqa o‘rindiqqa o‘tirib oyog‘i pastda turgan holatda oldingi o‘tirgichga sajda qiladi yoki yoniga sajda qiladi. Sajdada peshona va oyoq tegib turgan bo‘lishi shart. Ikki tizza tegmasdan tursa, zarari yo‘q.
Agar qibla ikki o‘tirgichning o‘rtasida bo‘lsa, o‘tirgichlar o‘rtasida turib, pastga sajda qilsa bo‘ladi. Agar yuqorida zikr qilingandek holat topilmasa, tiqilinch yoki yomg‘ir tufayli hamma joy ho‘l bo‘libt, namoz o‘qishga joy topilmasa, o‘tirgan holatda imo-ishora bilan ruku’ sajda qilib namozini ado qiladi (Ahsanul fatavo).
Biror transportda ketayotib, namoz o‘qilmoqchi bo‘lgan joyning pok va nopokligi haqida gumon qilib qolsa, najosatning o‘zi, rangi va hatto hidi ham o‘tmaydigan biror pokiza matoni tagiga solib o‘qisa bo‘ladi. Agar oyog‘ining osti najosat bo‘lsa, oyoq kiyimini echib, ustiga oyog‘ini qo‘yib, o‘qisa bo‘ladi.
Ba’zilar qiyomga qodir bo‘la turib, poezdlardagi o‘rindiqlarning ikkinchi qavatida o‘tirib namoz o‘qiydilar. Bu bilan ularning namozi ado bo‘lmaydi (Ahsanul fatavo). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:38 | Savol-javoblar | 154 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar