Soqit berish

Assalomu alaykum! Mening onam Andijon shaxrida joylashgan qalandarxonadagi eshon bobolar qabri qo‘yilgan xonadonlarga soqit sadaqa (quruq choy, so‘yilgan xo‘roz, 2 kg un, 4 ta non, sut yoki sutni puli 10000 so‘m va dumba yog‘i) berib kelishga odatlangan. Bizga xam shuni berishni buyuradilar. Shu qilayotgan ishlari to‘g‘rimi? Onam aytishlaricha 2-jaxon urushi vaqtida tog‘alari janglarga kirishdan oldin shu soqit berishni onalariga xat yozib aytar ekan, tog‘alari 5 yil janglardan omon qaytgan ekanlar. Shu shu ixlosi baland...
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Xonadon egalari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘ladigan bo‘lsa yoki xo‘jalardan bo‘ladigan bo‘lsa sadaqa olish va odamlarni ularga berishi halol emas.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ahllariga, oila a’zolariga zakot olish umuman joiz emas.
Bu juda ham ulug‘ bir qoidadir. Kishilarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qarindosh bo‘lganlari uchun sadaqalardan mahrum qilish boshqa kambag‘allarning e’tiborini va tashvishini qilishdan iboratdir. Agar Oli Nabiy sollallohu alayhi vasallamga sadaqa olish joiz bo‘lganida, hamma ularga berishga harakat qilar edi. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ بِتَمْرَةٍ فِي الطَّرِيقِ، فَقَالَ: لَوْلَا أَنْ تَكُونَ مِنَ الصَّدَقَةِ لَأَكَلْتُهَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam yo‘lda yotgan xurmo yonidan o‘tdilar va:
«Agar sadaqa bo‘lmaganida, uni egan bo‘lar edim», dedilar».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga ham sadaqani harom qilgandir. Sadaqani emasliklari u zotning payg‘ambarliklarining belgilaridan biridir.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu ahli kitobilaning bilimdonlariga shogird tushganida ular «Oxirgi zamon payg‘ambarining belgilaridan biri – sadaqani emasligi», deb aytgan edilar. Ana shu payg‘ambarni izlab, Madinai munavvaraga kelib qolgan va bir odamning bog‘ida qarol bo‘lib yurgan Salmon Forsiy Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘sha erga kelganlarini eshitib, savatda xurmo olib boradi. U zot: «Bu xurmo hadyami, sadaqami?» deb so‘raydilar. «Hadya», degan javobdan so‘ng undan eydilar. Ikkinchi safar «Sadaqa», deyilganida «Unday bo‘lsa, bizga to‘g‘ri kelmaydi», deb, qo‘llarini tortadilar. Ana shunda Salmon Forsiy u zotning haqiqiy Payg‘ambar ekanliklariga ishonadilar. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: أُتِيَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِلَحْمٍ، فَقُلْتُ: هَذَا مَا تُصُدِّقَ بِهِ عَلَى بَرِيرَةَ، فَقَالَ: هُوَ لَهَا صَدَقَةٌ وَلَنَا هَدِيَّةٌ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga go‘sht keltirildi. Men:
«Bu Bariyraga sadaqa qilingan», dedim. U zot:
«Bu unga sadaqa, bizga hadya», dedilar».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Sharh: Bariyra Oisha onamiz tomonlaridan ozod qilingan, asli cho‘ri ayol bo‘lib, u kishining xizmatlarini qilib yurar edi. Demak, sadaqa olishi halol bo‘lgan odam uni olib, o‘ziga mulk bo‘lgandan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yoki u zotning oli baytlariga hadya qilsa bo‘ladi. Bu holatda u narsaning sadaqalik sifati qolmay, hadyaga aylangan bo‘ladi. كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا أُتِيَ بِطَعَامٍ سَأَلَ عَنْهُ، فَإِنْ قِيلَ هَدِيَّةٌ أَكَلَ مِنْهَا، وَإِنْ قِيلَ صَدَقَةٌ لَمْ يَأْكُلْ مِنْهَا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَمُسْلِمٌ  «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qachon taom keltirilsa, u haqida so‘rar edilar. Agar «hadya» deyilsa, undan er edilar. Agar «sadaqa» deyilsa, undan emas edilar».
Termiziy va Muslim rivoyat qilganlar. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ الْحَارِثِ الْهَاشِمِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَسَاقَ حَدِيثِاً حَتَّى قَالَ: إِنَّ هَذِهِ الصَّدَقَاتِ إِنَّمَا هِيَ أَوْسَاخُ النَّاسِ، وَإِنَّهَا لَا تَحِلُّ لِمُحَمَّدٍ وَلَا لِآلِ مُحَمَّدٍ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ  «Abdulloh ibilan Horis al-Hoshimiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan uzun hadisda, jumladan:
«Albatta, ushbu sadaqalar odamlarning kiridan o‘zga narsa emas. Albatta, ular Muhammadga ham, Muhammadning oli baytiga ham halol bo‘lmaydi», deyilgan.
Muslim va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga va u zoti bobarakotning oli baytlariga sadaqa va zakotlarning halol bo‘lmasligining hikmati shu. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:38 | Savol-javoblar | 161 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar