Kuchuk so‘lagi kiyimga tegsa

Assalomu alaykum! Bizni bir kuchugimiz bor(uyni qo‘riqlasin deb boqqanmiz). O‘sha kuchugim odamni yaxshi ko‘rib ketganidanmi yoki boshqa sababdanmi sekinlik bilan erkalanib tishlaydigan suykaladigan odati bor. Shunday qilganidan keyin namoz o‘qisa bo‘ladimi yoki kiyimni alishtirish kerakmi? Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! So‘lagi najosat. Yuvib tashlab yoki almashtirib namoz o‘qish kerak. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنِ اقْتَنَى كَلْبًا لَيْسَ بِكَلْبِ صَيْدٍ وَلَا مَاشِيَةٍ وَلَا أَرْضٍ فَإِنَّهُ يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِهِ قِيرَاطَانِ كُلَّ يَوْمٍ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ والْبُخَارِيُّ. وَلَفْظُهُ: مَنْ أَمْسَكَ كَلْبًا فَإِنَّهُ يَنْقُصُ كُلَّ يَوْمٍ مِنْ عَمَلِهِ قِيرَاطٌ إِلَّا كَلْبَ غَنَمٍ أَوْ حَرْثٍ أَوْ صَيْدٍ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ov iti, chorva iti va ziroat iti bo‘lmagan itni saqlasa, albatta, uning ajridan har kuni ikki qiyrot noqis bo‘ladi», dedilar».
Muslim va Buxoriy rivoyat qilganlar.
Buxoriyning lafzida:
«Kim it saqlasa, albatta, uning amalidan har kuni bir qiyrot noqis bo‘ladi. Chorva yoki ziroat yoki ov iti mustasno», deyilgan.
Sharh: Islomda it boqishga uchta sabab tufayli ruxsat berilgan:
1. Ov uchun it boqsa bo‘ladi.
2. Ekinzorlarni qo‘rish uchun it boqsa bo‘ladi.
3. Qo‘y va boshqa hayvonlarni qo‘rish uchun it boqsa bo‘ladi.
Umumiy qilib aytganda, qo‘riqchi itlarni boqsa bo‘ladi.
Hozirgi paytlarda ba’zi izquvarlik yoki narsalarni hidlab, bilish uchun ishlatilayotgan itlar ham qo‘riqchilik uchun ushlab turiladigan itlar qatoriga kiradi.
Boshqa maqsadlar uchun it ushlab turish shariatga xilof sanaladi. Chunki it najas narsa. Yalagan, hidlagan narsalarini ham najasga aylantiradi. U najas narsalarni egani uchun og‘zida o‘ta zaharli mikroblar ko‘p bo‘ladi. Buning ustiga, it vaqti-bemahal hurib, kishilarni bezovta qiladi, ularga ozor beradi. Bo‘shalib ketgan itlar esa kishilarni qopib olishi, turli jarohatlarga, kasalliklarga va hatto quturib qolishga sabab bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda turli jamiyatda tez-tez itlarni qirib tashlash ishlari olib borib turilishi ham buning isbotidir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:18 | Savol-javoblar | 154 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar