Qurilgan soxta "Ka’ba"larning hukmi qanday?

Assalomu alaykum! Avvalroq Eronda keyin esa Qozog‘istonda Ka’baga o‘xshash xona yasab, uni tavof qilishyotganlarning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Buning hukmi qanday? Shirk emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shirk deyish qiyin, ammo noto‘g‘ri ekanligi aniq. Imkoni bo‘lgan kishilar buni buzib tashlagani maqsadga muvofiq. Bu kabi ishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonalarida ham sodir bo‘lgan. Munofiqlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarini qo‘yib alohida masjid qurganlar. Alloh taolo “Tavba” surasida marhamat qiladi.  وَالَّذِينَ اتَّخَذُواْ مَسْجِدًا ضِرَارًا وَكُفْرًا وَتَفْرِيقًا بَيْنَ الْمُؤْمِنِينَ وَإِرْصَادًا لِّمَنْ حَارَبَ اللّهَ وَرَسُولَهُ مِن قَبْلُ وَلَيَحْلِفَنَّ إِنْ أَرَدْنَا إِلاَّ الْحُسْنَى وَاللّهُ يَشْهَدُ إِنَّهُمْ لَكَاذِبُونَ۝ 107. Zarar etkazish, kufr, mo‘minlar orasiga tafriqa solish va ilgari Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani kutib olish uchun masjid qurganlar ham bor. Ular: «Biz, albatta, yaxshilikdan boshqani iroda qilganimiz yo‘q», – deb qasam icharlar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir.
Mazkur munofiqlar qurgan masjiddan hech qanday foyda yo‘q edi. Chunki ular o‘z masjidlarini Muhammad sollallohu alayhi vasallam birinchi bo‘lib tiklagan Qubo masjidi yonida qurgan edilar. Shuning uchun bu masjid Masjidul Ziror – ziyon masjidi deb nomlandi.
Bu masjidning kufr uchun qurildi deyilishiga sabab shuki, munofiqlar uni o‘zlariga markaz qilib, kufr ishlarini rivoj toptirish maqsadida edilar.
«…mo‘minlar orasiga tafriqa solish…» esa Qubo masjidi turib, bu masjidning bino qilinishi oqibatida bir masjidda namoz o‘qib turgan kishilar ikkiga bo‘linib, oralariga tafriqa tushishi ko‘zlanganligini bildiradi.
«...ilgari Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani kutib olish uchun»dan murod Abu Omir Rohib va unga o‘xshagan Islom dushmanlaridir. Munofiqlar masjidni yuqoridagi maqsadlar bilan qurganlar, lekin o‘zlari:
«Biz, albatta, yaxshilikdan boshqani iroda qilganimiz yo‘q», – deb qasam icharlar».
Munofiqlarning mashhur belgisi ana shu. O‘z yolg‘onlarini va yomon niyatlarini xaspo‘shlash uchun hech tap tortmay, qasam ichaveradilar. Bu safar Alloh taoloning O‘zi oyat indirib, guvohlik berib, ularni sharmanda qildi.
«Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir».
Oyati karima ma’lum shaxslar, ma’lum masjid sababli nozil qilingan bo‘lsa ham, uning ma’nosi umumiydir. Munofiq va kofirlar barcha joylarda va barcha zamonlarda Islomga ziyon etkazish uchun, kufrni rivojlantirish uchun, mo‘min-musulmonlar orasiga tafriqa solish uchun, Alloh va Uning Rasuliga urush ochganlarga kuzatish joyi bo‘lishi uchun ko‘plab Masjidul Zirorlar qurganlar.
Keyingi oyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va u kishi orqali u zotga ergashgan mo‘minlarga xitobdir.  لاَ تَقُمْ فِيهِ أَبَدًا لَّمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَن تَقُومَ فِيهِ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ۝ 108. U(masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjid unda turishing uchun haqlidir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:18 | Savol-javoblar | 185 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar