Isitma chiqishi

Assalomu alaykum! Isitma chiqishi jaxannamdan yoki jaxannamning olovidir degan xadis bormi? Agar shunday bo‘lsa buning sharxi qanday? Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي جَمْرَةَ الضُّبَعِيِّ قَالَ: كُنْتُ أُجَالِسُ ابْنَ عَبَّاسٍ بِمَكَّةَ، فَأَخَذَتْنِي الْحُمَّى، فَقَالَ: أَبْرِدْهَا عَنْكَ بِمَاءِ زَمْزَمَ، فَإِنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْحُمَّى مِنْ فَيْحِ جَهَنَّمَ، فَأَبْرِدُوهَا بِالْمَاءِ أَوْ قَالَ: بِمَاءِ زَمْزَمَ. شَكَّ هَمَّامٌ Abu Jamra Zuba’iydan rivoyat qilinadi:
«Makkada Ibn Abbos bilan o‘tirgan edim. Birdan meni isitma tutdi. Shunda (Ibn Abbos): «Uni zamzam suvi bilan sovutib, o‘zingdan ketkaz, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Isitma jahannam taftidandir. Shu bois uni suv bilan [Hammam: «Yoki «Zamzam suvi bilan», deganlar» deb ikkilangan] sovutinglar», deganlar», dedi». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Izoh: Bu istimalarning hamma turiga ham tegishli emas. Ba’zi o‘rinlarda istima kirgan inson suvga tushsa o‘limgacha olib borishi mumkin. عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: دَخَلَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَى أُمِّ السَّائِبِ فَقَالَ: مَا لَكِ يَا أُمَّ السَّائِبِ تُزَفْزِفِينَ؟ قَالَتْ: الْحُمَّى، لَا بَارَكَ اللهُ فِيهَا، فَقَالَ: لَا تَسُبِّي الْحُمَّى، فَإِنَّهَا تُذْهِبُ خَطَايَا بَنِي آدَمَ كَمَا يُذْهِبُ الْكِيرُ خَبَثَ الْحَدِيدِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Soibning huzuriga kirdilar va:
«Ey Ummu Soib, senga nima bo‘ldi, qaltirayapsan?» dedilar.
«Isitma! Alloh uni barakasiz qilsin!» dedi u.
«Isitmani so‘kma. U odam bolasining xatolarini xuddi bosqon temirning chiqindisini ketkazgandek ketkazur», dedilar u zot».
Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdan bir necha muhim masalalarni o‘rganib olamiz.
Avvalo, erkak kishi bemor bo‘lib yotgan ayol kishini ko‘rgani borishi mumkinligi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Ummu Soib roziyallohu anhoni ko‘rgani borganlari shunga dalolat qiladi.
Ikkinchidan, mo‘min-musulmon odam o‘ziga etgan bemorlikni so‘kmasligi kerakligi. Ummu Soib roziyallohu anho o‘ziga etgan isitma kasalining shiddatiga chiday olmay, uni so‘kishga tushganida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam darhol:
«Isitmani so‘kma. U odam bolasining xatolarini xuddi bosqon temirning chiqindisini ketkazgandek ketkazur», deganlaridan shu ma’lum bo‘ladi.
Shu erda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muomalalariga alohida e’tibor bermog‘imiz lozim. U zot Ummu Soib roziyallohu anhoga «Isitmani so‘kma», deyish bilan kifoyalanmay, balki xastalikning hikmatini ham bayon qilmoqdalar.
«U odam bolasining xatolarini xuddi bos¬qon temirning chiqindisini ketkazgandek ketkazur», demoqdalar.
Musulmon inson o‘z gunohlarini ketkazadigan narsani ham so‘kishi mumkinmi? Aksincha, bunday narsaga shukr qilmog‘i kerak bo‘ladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:40 | Savol-javoblar | 228 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar