Sunnat namozlarini o‘qimaydigan qarindoshimga nasihat

Assalomu alaykum! Bir qarindoshim sunnat namozlarini umuman o‘qimaydi. Shunga nima desam bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Ulamolar farzdan oldin va keyin o‘qiladigan sunnatlarni “Sunanul hudaa” ya’ni hidoyat sunnatlari, uni tark qilishni esa zalolat deyishadi. U haqida “Hamoat bilan namoz o‘qish sunanul hudaadandir, uni munofiqgina tark qiladi” degan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qavllariga ishora qilishadi. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: حَفِظْتُ مِنَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَشْرَ رَكَعَاتٍ: رَكْعَتَيْنِ قَبْلَ الظُّهْرِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَهَا، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْمَغْرِبِ فِي بَيْتِهِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْعِشَاءِ فِي بَيْتِهِ، وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ صَلَاةِ الصُّبْحِ، كَانَتْ سَاعَةً لَا يُدْخَلُ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِيهَا.
حَدَّثَتْنِي حَفْصَةُ: أَنَّهُ كَانَ إِذَا أَذَّنَ الْمُؤَذِّنُ وَطَلَعَ الْفَجْرُ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ
 Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan o‘n rakat namozni yod oldim: ikki rakat peshindan oldin, ikki rakat undan keyin. Ikki rakat shomdan keyin, uylarida. Ikki rakat xuftondan keyin, uylarida. Ikki rakat bomdod namozidan oldin. Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirilmaydigan payt edi.
Hafsaning menga aytishicha, u zot tong otib, muazzin azon aytganda ikki rakat namoz o‘qib olar ekanlar».  
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ لَا يَدَعُ أَرْبَعًا قَبْلَ الظُّهْرِ وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ الْغَدَاةِ. تَابَعَهُ ابْنُ أَبِي عَدِيٍّ وَعَمْرٌو عَنْ شُعْبَةَ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam peshindan oldingi to‘rt rakat, bomdoddan oldingi ikki rakatni tark etmas edilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy).
Sunnatlarni ado qilish Allohning diniga, shariatiga e’tibor qaratish hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llariga ergashish hisoblanadi. Uzrsiz uni tarkida bardavom bo‘lish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini e’tiborga olmaslik bo‘lib qoladi. Ulamolar “ravotib sunnatlarni tark qiluvchini guvohligi qabul qilinmaydi” deganlar. Imom Navaviy “Kim farzlardan oldingi va keyingi sunnatlarni tark qilishga va ruku’ sajdalarning tasbehlarini tark qilishga odatlansa dinini pisand qilmagani uchun guvohligi qabul qilinmaydi” deganlar. Ulamolar “Mustahab va sunnatlar farzning qo‘riqchi va to‘ldiruvchisidir. Kim mastahabga bee’tibor bo‘lsa sunnatni qo‘ldan boy beradi. Sunnatga bee’tibor bo‘lgan farzni boy beradi”  deganlar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 02:24 | Savol-javoblar | 145 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar