Noto‘g‘ri va’da

Assalomu alaykum! Bir musulmon ikkinchisiga "Seni hech qachon kechirmayman" desa, yoki hattoki Allohni o‘rtaga qo‘yib qasam ichsa, lekin chin qalbidan kechirsa nima bo‘ladi? Bilmasdan harom ish qilishga va’da berib qo‘ysa nima qilish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Qasamini buzib, qasamning kafforatini to‘lash kerak. U quyida keltirilgan. QASAMNING KAFFORATI وَكَفَّارَتُهُ: عِتْقُ رَقَبَةٍ، أَوْ إِطْعَامُ عَشَرَةِ مَسَاكِينَ - كَمَا هِيَ فِي الظِّهَارِ - أَوْ كِسْوَتُهُمْ، لِكُلٍّ ثَوْبٌ يَسْتُرُ عَامَّةَ بَدَنِهِ، فَلَمْ تَجُزِ السَّرَاوِيلُ، فَإِنْ عَجَزَ عَنْهَا وَقْتَ الْأَدَاءِ، صَامَ ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ وِلَاءً، وَلَمْ تَجُزْ بِلَا حِنْثٍ.
وَمَنْ حَلَفَ عَلَى مَعْصِيَةٍ، كَعَدَمِ الْكَلَامِ مَعَ أَبَوَيْهِ، حَنِثَ وَكَفَّرَ. وَلَا كَفَّارَةَ فِي حَلِفِ كَافِرٍ وَإِنْ حَنِثَ مُسْلِمًا.
وَمَنْ حَرَّمَ مِلْكَهُ لَا يَحْرُمُ عَلَيْهِ، وَإِنِ اسْتَبَاحَهُ كَفَّرَ. وَمَنْ نَذَرَ نَذْرًا مُطْلَقًا، أَوْ مُعَلَّقًا بِشَرْطٍ يُرِيدُهُ كـ: إِنْ قَدِمَ غَائِبِي، فَوُجِدَ وَفَى، وَبِمَا لَمْ يُرِدْهُ كـ: إِنْ زَنَيْتُ، وَفَى أَوْ كَفَّرَ، وَهُوَ الصَّحِيحُ
 Uning kafforati xuddi zihordagi kabi qul ozod qilish yoki o‘nta miskinni to‘ydirish, yoxud ularning har biriga butun badanini to‘sadigan kiyim berishdir. Shalvorning o‘zi kifoya qilmaydi. Agar ularni ado etish paytida ojiz bo‘lsa, ketma-ket uch kun ro‘za tutadi. Qasamxo‘r bo‘lmay turib, kafforat ado qilish joiz emas.
Kim ota-onasiga gapirmaslik kabi ma’siyatga qasam ichsa qasamxo‘r bo‘ladi va kafforat ado etadi.
Kofirning qasamida kafforat yo‘q. Agar musulmon holida qasamxo‘r bo‘lsa ham. Kim o‘z mulkini harom qilsa, u unga harom bo‘lmaydi. Agar uning mubohligini o‘ziga ravo ko‘rsa, kafforat ado etadi.
Kim mutlaq yoki o‘zi iroda qilgan shartga bog‘lab, «Agar g‘oyib kishim kelsa...» deganga o‘xshab nazr qilsa va o‘sha narsa vujudga kelsa, vafo qiladi. Agar o‘zi iroda qilmagan narsaga bog‘lab, «Agar zino qilsam...» deganga o‘xshab nazr qilsa, vafo qiladi yoki kafforat beradi. Ana o‘sha to‘g‘ridir.
Endi «Muxtasari Viqoya»da kelgan matnlarni sharh qilishga o‘taylik.
Uning kafforati xuddi zihordagi kabi qul ozod qilish yoki o‘nta miskinni to‘ydirish, yoxud ularning har biriga butun badanini to‘sadigan kiyim berishdir. Shalvorning o‘zi kifoya qilmaydi. Agar ularni ado etish paytida ojiz bo‘lsa, ketma-ket uch kun ro‘za tutadi.
Bu hukmning dalili quyidagicha.
Alloh taolo Moida surasida:  لاَ يُؤَاخِذُكُمُ اللّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ وَلَكِن يُؤَاخِذُكُم بِمَا عَقَّدتُّمُ الأَيْمَانَ فَكَفَّارَتُهُ إِطْعَامُ عَشَرَةِ مَسَاكِينَ مِنْ أَوْسَطِ مَا تُطْعِمُونَ أَهْلِيكُمْ أَوْ كِسْوَتُهُمْ أَوْ تَحْرِيرُ رَقَبَةٍ فَمَن لَّمْ يَجِدْ فَصِيَامُ ثَلاَثَةِ أَيَّامٍ ذَلِكَ كَفَّارَةُ أَيْمَانِكُمْ إِذَا حَلَفْتُمْ وَاحْفَظُواْ أَيْمَانَكُمْ كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللّهُ لَكُمْ آيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ۝ «Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas. Lekin qasd ila tukkan qasamlaringiz uchun tutadir. Bas, uning kafforati o‘z ahlingizni o‘rtacha taomlantirish miqdorida o‘nta miskinga taom yoki kiyim berish yoxud bir qul ozod qilishdir. Kim topa olmasa, bas, uch kun ro‘za tutsin. Ana o‘sha, agar qasam ichgan bo‘lsangiz, qasamingizning kafforatidir. Qasamlaringizni muhofaza qiling. Alloh sizga shunday qilib O‘z oyatlarini bayon etadi. Shoyadki, shukr qilsangiz», degan (89-oyat).
Qasamxo‘r bo‘lmay turib, kafforat ado qilish joiz emas.
Chunki kafforatdan maqsad jinoyatni berkitishdir. Yo‘q jinoyatni berkitib bo‘lmaydi. وَلِمُسْلِمٍ: أَعْتَمَ رَجُلٌ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، ثُمَّ رَجَعَ إِلَى أَهْلِهِ، فَوَجَدَ الصِّبْيَةَ قَدْ نَامُوا، فَأَتَاهُ أَهْلُهُ بِطَعَامِهِ، فَحَلَفَ لَا يَأْكُلُ مِنْ أَجْلِ صِبْيَتِهِ، ثُمَّ بَدَا لَهُ، فَأَكَلَ، فَأَتَى رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَذَكَرَ ذَلِكَ لَهُ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ، فَرَأَى غَيْرَهَا خَيْرًا مِنْهَا، فَلْيَأْتِهَا، وَلْيُكَفِّرْ عَنْ يَمِينِهِ  Muslimning rivoyatida:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida qorong‘i zulmatgacha o‘tirdi. So‘ng ahliga qaytib borsa, kichik bolalari uxlab qolishgan ekan. Ahli unga taom keltirdi. U bo‘lsa, kichik bolalari tufayli taom emaslikka qasam ichdi. Keyin esa fikri o‘zgarib, taomni edi. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, bo‘lib o‘tgan narsani zikr qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bir narsa uchun qasam ichsa-yu, so‘ngra undan yaxshirog‘ini ko‘rib qolsa, o‘shani qilsin va qasamiga kafforat bersin», dedilar»
, deyilgan.
Arab tilida «kafforat» so‘zi bir narsani yaxshilab, mutlaqo ko‘rinmaydigan qilib to‘sib, berkitishga ishlatiladi.
Shariatda esa sodir etilgan gunohni yuvish uchun ado etiladigan moliyaviy yoki badan ibodatiga «kafforat» deyiladi.
Ichgan qasamini buzishga majbur bo‘lgan inson ado etishi vojib bo‘lgan kafforat quyidagicha:
1. Bir qul ozod qilish.
Qasamini buzgan kishiga kafforat uchun belgilangan jazo choralaridan Islom dini beva-bechoralarga, kambag‘al-miskinlarga qanchalik e’tibor bilan qaragani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Shuningdek, bu mukammal va olamshumul dinning qulchilikka qarshi bo‘lgani va qullarni ozod qilishga qattiq uringani ham ko‘rinib turibdi. Islomda bu ishlar gunohlarni yuvadigan ibodat darajasiga ko‘tarilgani e’tiborga sazovordir.
2. O‘nta miskinni to‘ydirish.
Miskinlarni to‘ydirishdagi mazkur o‘lchov kafforat beruvchi o‘z ahliga beradigan bir kunlik o‘rtacha taom miqdoridir. Agar kafforat ado etishi lozim bo‘gan shaxs o‘nta miskinga taom berishni xohlamasa, uchinchi xil kafforatni ado etishi ham mumkin.
3. O‘nta miskinga butun badanini to‘sadigan bir sidra kiyim berish.
Kiyim ham o‘sha vaqtning, joyning va qavmning o‘rtacha kiyimi bo‘ladi.
Og‘ziga kuchi etmaydigan, o‘ziga e’tibor qaratish va bir ishni qilish yoki qilmasligini ta’kidlash maqsadida Alloh taoloning nomi ila qasam ichib, so‘ngra o‘z qasamiga sodiq qola bilmagan odam aslida Allohga nisbatan katta beodoblik qilgan bo‘ladi. Bu ishning jazosiga boshqacharoq chora ham belgilash mumkin edi. Ammo Alloh taolo aynan faqir, miskin va qullarga mehr ko‘rsatib, ularning foydasini ko‘zlovchi choralarni belgilagan.
Qasamini buzadiganlarning hammasi ham o‘nta miskinni to‘ydirish yoki ularga bir sidra kiyim olib berish, yoxud bir qul ozod qilish imkoniga ega bo‘lavermaydi. Ularning ichlarida kambag‘allari ham bo‘lishi turgan gap. Ana shunday imkoni yo‘q qasamxo‘rlarga o‘ziga xos jazo chorasi belgilangan:
4. Agar ularni ado etish paytida ojiz bo‘lsa, ketma-ket uch kun ro‘za tutadi.
Demak, qasamini buzgan odam kafforatni ado qilish uchun o‘nta miskinni taomlantirish yoki shuncha adaddagi miskinga kiyim-bosh olib berish, yoxud bir qul ozod qilishga moliyaviy imkoni yo‘q bo‘lsa, uch kun ro‘za tutib, kafforatni ado etishi vojib bo‘ladi.
Avvalgi uch jazo chorasining ichidan birini tanlash ixtiyoriydir, lekin to‘rtinchi jazo chorasini ado etishga faqatgina mazkur uch chorani ado etishga imkoni yo‘q kishilargina muyassar bo‘ladilar.
Shariatimizda qasamini buzgan kishilar uchun kafforat ado etishni joriy qilishda avval zikr qilingan foydalardan tashqari, tarbiyaviy omil ham bor. Qasamini buzgan odamga kafforat ado etishni vojib qilishda uni o‘ziga keltirish va va’z-nasihat omili bor. Bir marta kafforat ado etishga majbur bo‘lgan inson bundan keyin har bir gapini yaxshilab o‘ylab gapiradigan va Alloh taoloning nomi ila qasam ichishdan oldin o‘ziga bir nazar soladigan bo‘ladi. Uning holini ko‘rgan boshqa kishilar ham ibrat olib, gaplarini o‘ylab gapiradigan bo‘lishadi.
Kim ota-onasiga gapirmaslik kabi ma’siyatga qasam ichsa, qasamxo‘r bo‘ladi va kafforat ado etadi.
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga toat qilishga qasam ichgan bo‘lsa, toat qilsin. Kim Allohga osiy bo‘lishga qasam ichgan bo‘lsa, osiy bo‘lmasin», deganlar.
Kofirning qasamida kafforat yo‘q. Agar musulmon holida qasamxo‘r bo‘lsa ham.
Kofir holida qasam ichgan bo‘sa-yu, musulmon bo‘lgandan keyin o‘sha qasamini buzsa, kafforat to‘lamaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 02:33 | Savol-javoblar | 168 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar