Nega xristianlar va jugutlar payg‘ambarimizni tan olishmaydi

Assalomu alaykum! Yaqindagina men iudaistlar yani jugutlarni muqaddas kitobi Tavrotda arablardan payg‘ambar tug‘iladi unga ergashinglar, u sizni haq yo‘lga boshlaydi deb yozilgan jumlasi bor ekan. Hatto uning ismi qadimgi jugut tilida yozilib mhmd harflari bilan yozilib o‘qilishda ular ataylab mahmud deb o‘qishar ekan. Aslida esa ularning tilidagi harflarning o‘rni va o‘qilishi qoidalariga amal qilinsa bu so‘z Muhammad deb o‘qilishi kerak ekan. Xristianlarga keladigan bo‘lsak Injilda ham arablardan payg‘ambar tug‘ilishi haqida bashoratlar aniq qilib berilgan ekan. Xo‘sh bu ikki katta dinlarning muqaddas kitoblarida Muhammad alayhissalomga ergashish u zotga quloq solish haqida yozilgan bo‘lsayu nega ular bu narsani tan olishmaydi? Axir bu ularning muqaddas kitobida yozilganku?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Yahudiylarni juhut deyilishiga ham bir sabab shu. Ya’ni inkor qiluvchi degani. Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi:  الَّذِينَ آتَيْنَاهُمُ الْكِتَابَ يَعْرِفُونَهُ كَمَا يَعْرِفُونَ أَبْنَاءهُمْ وَإِنَّ فَرِيقاً مِّنْهُمْ لَيَكْتُمُونَ الْحَقَّ وَهُمْ يَعْلَمُونَ۝ 146. Biz kitob berganlar uni xuddi bolalarini tanigandek tanirlar. Va albatta, ulardan bir guruhlari bilib turib, haqni berkitarlar.
Inson o‘z bolasini hammadan yaxshi taniydi. Chunki bola uning jigarbandi, unda o‘zining qoni, his-tuyg‘ulari va butun vujudi aksini topgan. Ba’zi hollarda bolaning o‘zi u yoqda tursin, hididan ham taniydi. Shunga qiyosan, zarbulmasal qilib aytilyaptiki,
«Biz kitob berganlar uni xuddi bolalarini tanigandek tanirlar».
Chunki ularning muqaddas kitoblari – Tavrot va Injilda oxirzamon Payg‘ambari haqida ochiq-oydin xabarlar kelgan. Yahudiylardan insoflilari o‘sha xabar asosida Nabiy alayhissalomga iymon keltirib, sahobalik baxtiga muyassar bo‘lganlar.
O‘shalardan biri Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu:
– Men uni o‘g‘limdan ham yaxshi taniyman, – deganlar. Hazrati Umar roziyallohu anhu:
– Nima uchun? – deb so‘raganlarida:
– Muhammadning payg‘ambar ekaniga mening hech shubham yo‘q, ammo o‘g‘limning onasi xiyonat qilgan bo‘lishi mumkin, – deganlar. Shunda hazrati Umar u kishining boshlaridan o‘pganlar.
«Va albatta, ulardan bir guruhlari bilib turib, haqni berkitarlar».
Lekin ahli kitoblardan bir guruhlari haqni bilib tursalar-da, hasad qilib, berkitadilar. Shu jumladan, Muhammad alayhissalomning haq payg‘ambar ekanliklari va qibla haqidagi ilmni ham. Ulardagi mavjud hasad doimo o‘zini ko‘rsatib turadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 02:39 | Savol-javoblar | 163 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar